Olma – raʼnodoshlarga oilasiga mansub, barg to‘kuvchi daraxtlar yoki butalar turkumi, urug‘li meva daraxti. O‘zbekistonda yovvoyi olma turlari, asosan, Toshkent viloyatidagi Bo‘stonliq, Parkent, Ohangaron tumanlarining tog‘li hududlarida uchraydi.
Mevasi pishish vaqtiga qarab, yozgi, kuzgi va qishki navlarga bo‘linadi. Olma sovuqqa chidamli, yorug‘sevar va namsevar, tuproq tanlamaydi, lekin unumdor tuproqlarda yuqori hosil beradi.
21-asrning 10-yillaridan boshlab, O‘zbekistonda pakana payvandtaglarda o‘stirilgan, tez hosilga kiradigan olma bog‘lari yaratish, chet el navlarini ekish harakati keng yoyildi. Ayniqsa, intensiv bog‘ usulida olma daraxtlarini yetishtirishga alohida ahamiyat berib kelinmoqda.
Yurtimizda olmaning turli navlari yaratilgan, bu borada yetakchi muassasa Akademik M. Mirzayev nomli bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti hisoblanadi. Ayni paytda mamlakatimizning deyarli barcha hududlarida olmaning 31 navi yetishtiriladi.
Bugungi kunda yurtimizda yetishtirilayotgan olma mahsuloti Afg‘oniston, Belorus Respublikasi, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Mongoliya, BAA, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston, Ukraina, Chexiya kabi mamlakatlarga eksport qilinmoqda.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: