Sayt test rejimida ishlamoqda!
Ishonch telefoni: 1243
Devonxona: 71 206-70-30

Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot instituti

AGRO.UZ > Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot instituti
AGRO.UZ > Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot instituti

Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot instituti 1920-yilda Tuproqshunoslik va geobotanika instituti nomi bilan Turkiston davlat universiteti huzurida tashkil etilgan. 1932-yilda Butunittifoq paxtachilik ilmiy-tadqiqot instituti qoshidagi O‘g‘itlar va agrotuproqshunoslik Markaziy stansiyasi sifatida qayta tashkil qilingan. 1972-yildan Institutda agrokimyo yo‘nalishi tashkil qilinib Tuproqshunoslik va agrokimyo instituti nomi bilan yuritilgan.

Tuproq unumdorligini saqlash va oshirish, yerlardan oqilona foydalanish va uni muhofaza qilish bo‘yicha ilmiy ishlanmalar ishlab chiqish, qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan tuproqlarning sifat bahosini aniqlash, tuproqlarning agrokimyoviy, ekologik va meliorativ holatini o‘rganish institutning asosiy vazifasi hisoblanadi.

O‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish yo‘lida u quyidagi ishlarni bajaradi:

– respublika tuproq qoplamini tadqiq etish, tuproqlar unumdorligini tiklash, saqlash va oshirishga qaratilgan muhim nazariy, amaliy, innovatsion ilmiy-tadqiqotlarni bajarish, amaliy tavsiyalar ishlab chiqish;

– ifloslangan, eroziyaga uchragan, o‘ta zichlashgan va degradatsiyaga uchragan tuproqlar meliorativ holatini yaxshilashning yangi innovatsion usullarini ishlab chiqish;

– tuproq, o‘simlik, sug‘orish va sizot suvlarini dala va laboratoriya sharoitida anʼanaviy hamda ekspress usullardan foydalangan holda tadqiq etish;

– kimyoviy, fizik-kimyoviy, biologik jarayonlar va tuproqlarning ekologik holati o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik qonuniyatlarini aniqlash va ularni boshqarish yo‘llarini, tuproqlarning ekologik, sho‘rlanganlik kartalarini va kartogrammalarini ishlab chiqish va amaliyotga joriy qilish;

– tuproqlarning kimyoviy, fizikaviy xossalari va ozuqa rejimlarini boshqarishning samarali uslub va texnologiyalarini yaratish va ishlab chiqarishga tadbiq etish, agrokimyoviy hamda boshqa tematik kartogrammalarni ishlab chiqish;

– tuproqlarni turli o‘g‘it qoldiqlari va toksik elementlar bilan ifloslanishini oldini olish, atrof-muhit ekologiyasiga bo‘lgan salbiy bosimni kamaytirish, ozuqa elementlar bankini yaratish va monitoringini yuritish

– elektromagnit (infraqizil, ultrabinafsha va rentgen nurlari) to‘lqinlariga asoslangan zamonaviy asbob-uskunalar yordamida tuproq-o‘simlik diagnostikasi asosida qishloq xo‘jaligi ekinlarini maqbul oziqlantirish tizimini ishlab chiqish;

– qishloq xo‘jaligi klasterlari, fermer xo‘jaliklari va boshqa yerdan foydalanuvchilarga tuproqlarning holatini diagnostika qilish hamda unumdorligini oshirish bo‘yicha institutda tashkil etilgan “Tuproq klinikasi” orqali tijorat xizmatlarini ko‘rsatish hamda ilmiy-amaliy tavsiyalar berish;

– sug‘oriladigan va lalmi yerlarning unumdorligi va ball-bonitetini aniqlashning ilmiy asoslangan uslublarini ishlab chiqish, viloyat, tuman, hudud va fermer xo‘jaliklari kesimida kartalarini yaratish;

– qishloq xo‘jaligiga yaroqli yerlar tuproqlari holatini kuzatish, o‘zgarishlarni o‘z vaqtida aniqlash, salbiy (sho‘rlanish, degradatsiya, ifloslanish, eroziya) jarayonlarining oldini olish va oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan tavsiyalar ishlab chiqish maqsadida tuproq monitoringini amalga oshirish;

  • tuproqlar unumdorligini boshqarish, degradatsiya, sahrolanish jarayonlarini tahlil qilishda masofadan obyektlarni zondlash (MOZ) va uchuvchisiz uchar qurilmalar (UUQ)dan foydalanish va boshqalar.
  • Orol dengizining qurigan tubida shakllanayotgan tuproq-gruntlari tadqiq etildi. Orol bo‘yi hududlarida, dengiz qurishi va global iqlim o‘zgarishi natijasida tuproq qoplamida yuz bergan jarayonlar to‘g‘risida maʼlumotlar olinib, ular asosida tuproq qoplami transformatsiyasi bashoratlandi. Orol bo‘yi hududlarining sxematik tuproq kartasi tuzildi.
  • Sirdaryo viloyati bo‘z-o‘tloqi va o‘tloqi tuproqlarining “Tuproq sho‘rlanishi kartogrammasi” tuzildi, sug‘oriladigan tuproqlarda optimal meliorativ rejimlarni yaratish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
  • Toshkent viloyatidagi sug‘oriladigan, lalmi va yaylov yerlarning hozirgi holati, ularda kechayotgan jarayonlar o‘rganildi.  Tuproqlarning hozirgi holati, xossalari va hududiy xususiyatlarini hisobga olgan holda, tuproqlardan samarali foydalanish, meliorativ holatini yaxshilash, unumdorligini saqlash va oshirish hamda qishloq xo‘jaligi ekinlarini to‘g‘ri joylashtirishga qaratilgan tavsiyalar tayyorlandi hamda ishlab chiqarishga joriy qilindi.
  • Fosforli o‘g‘itlar samaradorligini aniqlash borasida angliyalik olimlar taklif etgan “Fosforning balans koeffitsiyenti” usuli tadbiq etildi va samarali natijaga erishildi. Dehqonchilikda ushbu uslubni qo‘llash natijasida fosforli o‘g‘itlarni 15% tejashga erishiladi.
  • “Tuproq xossa-xususiyatlariga ko‘ra ekinlarni joylashtirish dasturi” dasturiy taʼminoti ishlab chiqildi. Undan foydalanish bo‘yicha qo‘llanma yaratildi.
  • 2020 yilda Navoiy viloyatining Xatirchi tumani (31,0 ming ga) va Buxoro viloyati barcha tumanlarining (232,0 ming ga) sug‘oriladigan yerlarida tuproq sifatini baholash (bonitirovka) hamda tuproq agrokimyoviy tadqiqot ishlari bajarildi, tuproq sifatini baholash kartalari tuzildi. Zarur tavsiyalar tayyorlandi.
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent, Jizzax, Navoiy, Namangan, Farg‘ona, Andijon va Xorazm viloyatlarining qishloq xo‘jaligi yerlarida tuproq monitoringi ishlari olib borildi va natijalarga ko‘ra kerakli tavsiyalar berildi.
  • Respublikaning degradatsiyaga uchragan tuproqlar holatini o‘rganish, ularning unumdorligini tiklash va oshirish bo‘yicha Rossiya Federatsiyasining “ZION HOLDING Ltd” kompaniyasi bilan hamkorlikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro va Navoiy viloyatlarida tuproq tadqiqotlari bajarildi.
  • O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, “Digital Trust” kompaniyasi bilan hamkorlikda organik maishiy va qishloq xo‘jalik chiqindilarini organik o‘g‘itga aylantirish texnologiyasi ishlab chiqilib, Jizzax viloyatida sinovdan o‘tkazish ishlari olib borildi.

– Tuproq kimyoviy tahlillari bo‘yicha Xalqaro standartlar va ulardagi innovatsion uslublarni (51ISO/TC 190 Soil quality) respublikamizda qo‘llash texnologiyasini yaratish;

– ilg‘or texnologiyalar asosida ekinlarni ozuqa elementlarga bo‘lgan talabini aniqlash va maqbul meʼyorlarda suyuq o‘g‘it qo‘llash agrotexnologiyasini ishlab chiqish;

– masofadan obyektlarni zondlash (MOZ) va uchuvchisiz uchar qurilmalari (UUQ)dan foydalangan holda tuproqlar degradatsiyasini tahlil qilish texnologiyasini yaratish;

– yer resurslarini barqaror boshqarish va ulardan samarali foydalanish maqsadida zamonaviy GAT texnologiyalar asosida yuqori aniqlikdagi raqamli tuproq-baholash xaritalarini yaratish;

– sug‘orma dehqonchilikda aniq faktorlar asosida o‘g‘it qo‘llash texnologiyasining yangi geofazoviy-smart tizimini ishlab chiqish;

– Orol dengizining qurigan hududida yetishtirilayotgan o‘simliklar yashovchanligi va mahsuldorligini oshiradigan agrotexnologiya ishlab chiqish;

– ekologik sof tuproq sharoiti hosil qilishga asoslangan organik dehqonchilik yuritish agrotexnologiyasini joriy qilish;

– sug‘oriladigan sho‘rlangan  qishloq xo‘jaligi yerlarida tezkor maʼlumotlar bazasi “Sho‘rlangan tuproq” mobil ilovacini amaliyotga joriy qilish yo‘nalishlari bo‘yicha tadqiqotlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

Direktor: Bobomurodov Shuxrat Mexribonovich
Manzil: Toshkent shahri, Olmazor tumani, Qamarniso ko‘chasi, 3-uy
Telefon: +998712460950
Faks: +998712467600
Elektron pochta: tuproqshunoslik@umail.uz
Sayt: www.soil.uz

Agar siz imlo xatolarini topsangiz, iltimos, matnni tanlab, Ctrl+Enter tugmalarini bosib bizga xabar bering

Imlo xatolari haqida hisobot

Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: