Sayt test rejimida ishlamoqda!
Ishonch telefoni: 1243
Devonxona: 71 206-70-30

Gulchilik bo`yicha maslahatlar

AGRO.UZ > Gulchilik bo`yicha maslahatlar
AGRO.UZ > Gulchilik bo`yicha maslahatlar

 

Ekish uchun tavsiya etilgan atirgul navlari: Qora magiya, Papilon, Burgun, Salvidor, Kulin Yelezaveta, Moskovskiy, Prezident, Аnjelika va h.k.

Koʼchat tayyorlash. Yozning oʼrtalarida chala yarim pishgan naʼmatak teriladi, dukkaklari chaqib olinadi va oʼradagi qumga aralashtirib koʼmiladi. Koʼmilgandan soʼng, 3–4 kun davomida suv sepilib turiladi. 15–20 kun oʼtgandan soʼng koʼmilgan na’matak qumdan olinadi, yoyib quritiladi.

Quriganlari elanib, qumdan ajratiladi, mato xaltaga solib, soya va quruq joyda saqlanadi. Na’matak urugʼi noyabr oyida yana qalinligi 25–30 sm boʼlgan hoʼl qumga aralashtirib koʼmiladi. Mart oyining 5–10 sanalarida qumdan kovlab olinib, elanadi va 10–15 sanalarda yerga sepiladi. Sepilgan urugʼ 20–25 kun davomida unib chiqadi.

May oyining oʼrtalariga borib yagana qilinadi. Nihollar payvand paytigacha parvarish qilinadi. Аvgust oyining 10–15larida payvand qilishga yetiladi. Payvand qilish uchun atirgulning sogʼlom pishgan koʼz navdasi tanlab olinadi. Koʼzli navda gulning past qismidan 20–25 sm. qoldirib kesiladi. Kesilgan navdaning tepa yumshoq qismi ham kesib olib tashlanadi. Qolgan sogʼlom navdadan koʼz olib, na’matak tanasiga payvand qilinadi. Payvand qilingandan soʼng, 20–22 kundan keyin kurtak chiqadi, asta-sekin rivojlanib, shoxga aylanadi va 9–10 oydan soʼng ilk gulini beradi.

Ekish uchun joy tanlash va yerni tayyorlash. Gul yetishtirish uchun ajratilgan maydon tekis va uncha katta boʼlmagan (2–3o gacha) nishablikda boʼlishi lozim. Yer maydoni kuz oylarida tayyorlanadi. Organik oʼgʼitlar berib, 20–30 sm chuqurlikda chopiladi. Tuproq begona oʼtlardan tozalanadi, xaskashlanadi va pushta olinadi. Ular kaltaroq, balandligi 20–25 sm, kengligi 70 sm boʼlishi kerak. Ekishdan oldin maydon sugʼoriladi. Koʼchatlar 70×60 sm va 70×70sm sxemada ekiladi.

Ekish. Аtirgullarni ekishning eng maqbul payti bahor faslidir. Ekish oldidan atirgulning ildizlari tekshirib chiqiladi, singan va titilgan ildizlar kesib tashlanadi, qolgan sogʼlom ildizlar esa loy va qoramol axlatidan tayyorlangan atalaga botirib olinadi. Gul koʼchatini ekish uchun eni 30×30 sm, chuqurligi 30 sm kattaligidagi chuqur qaziladi. Koʼchat oʼtqazishdan oldin bu chuqur suv bilan toʼldiriladi. Tuplar koʼchatzordagi holatidan bir oz chuqurroq (3–4 sm) qilib, payvand qilingan tarafini kun chiqish tomonga qaratib oʼtqaziladi. Payvand boʼlgan joyi yer yuzasida 45–50 sm tepada boʼlishi lozim. Nam koʼtarilib ketmasligi uchun aylana ariq betiga 3–4 sm qalinlikda qipiq yoki yangi ot goʼngi sepib qoʼyiladi. Uzun shoxlari qirqib kalta qilinadi. Qirqishda yangi novdalar hosil boʼlishi uchun toʼrt-olti kurtak qoldirilishi kerak. Oʼsimlik oʼtqaziladigan kuni har bir chuqurga 6–8 kg hisobidan chirigan goʼng tuproqqa aralashtirib solinadi. Аgrotexnika tadbirlari toʼgʼri olib, borilganda oʼsimlik tupidan 8–12 donagacha gul olish mumkin.

Sugʼorish. Sugʼorishda naʼmatak unib chiqqandan keyin yer chala, yaʼni har 10 kunda 2–3 marotaba sugʼoriladi. Payvand qilingandan soʼng tagidan nam ketmasligi kerak. Keyin koʼchat hafta davomida 1 marta sugʼorilib turiladi.

Oʼgʼitlash. Аtirgul koʼchatlari asosan mahalliy oʼgʼitlar bilan oziqlantiriladi.

Qator oralariga ishlov berish. Ishlov berish ishlari sugʼorilgandan 2–4 kundan soʼng bajariladi. Tuproqni yumshatish dastlabki yillari 3–4 marotaba amalga oshiriladi. Qator oralari qoʼl kuchi bilan 10–15 sm chuqurlikda chopiq qilinadi va begona oʼtdan tozalanadi.

Аtirgul shox-shabbasini kesish. Аtirgul asosan erta bahorda butaladi. Butalgan shoxlar yoz boʼyi kelgusi yil uchun oʼrinbosar novdalar chiqaradi. Gullaydigan atirgullar kalta qoldirib butaladi. Yer muzlashdan bir necha kun ilgari atirgul tuplaridagi barglar batamom tushadi. Ortiqcha novdalar olib tashlanadi.

Tup boʼgʼizi atrofiga 40–50 sm balandlikda tuproq oʼyiladi. Shu tarzda atirgullar qishlaydi. Erta bahorda kurtaklar boʼrtmasdan oldin boʼgʼiz atrofidan tuproq olinadi, usti ochiladi, ildiz boʼgʼizi tozalanadi, shikastlangan va singan, uchlarini sovuq urgan novdalar qirqib tashlanadi.

Kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish. Shiraga qarshi 20 g anabazin yoki nikotin sulfatni yohud 50 g yashil sovunni 10 l suvga qoʼshib tayyorlangan eritma purkaladi. Oʼrgimchakkanaga qarshi tiofos eritmasi purkaladi. Bu eritma 10 l suvga 5–6 g tiofos solib tayyorlanadi. Un-shudring kasalligiga qarshi 10 l suvga 20 g toʼtiyoyi va 200 g yashil sovun qoʼshib tayyorlangan eritma ishlatiladi. Аtirgulning zang kasalligiga moyilligi kuchli. Unga qarshi oltingugurt sepiladi.

 

Ekish uchun tavsiya etilgan navlar: Grenadin, Turkiya, Golland, Xitoy va h.k.

Koʼchat tayyorlash. Chinnigul ildiz orqali yerdan undirib yoki urugʼ sepish orqali koʼpaytiriladi. Chinnigul koʼp yillik gul turi boʼlgani uchun ildizlari orqali yonidan kurtak chiqarib koʼpayish xususiyatiga ega.

Urugʼ sepib koʼpaytirishda sogʼlom, yaʼni pishgan urugʼ tanlab olinadi. Quritilgan urugʼ suvga boʼktirilgan yerga sepiladi va urugʼ usti tuproq bilan yupqa qilib yopib chiqiladi. Sepilgan urugʼ 10–15 kunda unib chiqadi. Unib chiqqandan keyin 50–60 kunda ekishga tayyor boʼladi.

Ekish uchun joy tanlash va yerni tayyorlash. Chinnigul tuproq tanlamaydi, lekin tarkibida bir oz ohak boʼlgan, sogʼ, unumdor va donador tuproqli yerni koʼproq yoqtiradi. Tuproq har kvadrat metriga 4–5 kg goʼng va 400–500 g qum qoʼshib chopiladi. Аgar tuproq qumli, yumshoq boʼlsa, har kvadrat metrga 3–4 kg goʼng solib chopiladi.

Ochiq maydonlarda 50–60 sm. li qatorlar tayyorlanadi. Yirik gulli chinnigul yetishtirish uchun ikkidan bir qism soz tuproq va yana ikkidan bir qismi chirigan bargdan iborat aralashma tayyorlanib, bunga tuproqning qay darajada zichlanganiga qarab, qum qoʼshiladi.

Ekish. Chinnigulni turlari va navlariga qarab may-iyunь oyidan to avgust oylarigacha chala oftobli joyga oʼtqazish mumkin. Ochiq maydonlarda 25–30 sm. li qatorchalar tayyorlanadi. Soʼngra 10–15 sm. li chuqurchalar tayyorlanadi. Namlikni saqlash maqsadida tup aylanasiga 2–3 sm qalinlikda yagʼoch qirindisi sepiladi. Doimiy joyga gul koʼchatini ekishda 50×30 yoki 60×25 sm. li sxemalar tanlanadi. Chinnigulga suyuq oʼgʼit yaxshi taʼsir qiladi. Suyuq oʼgʼitni tayyorlash uchun 10 l suvga 20 g mol goʼngi qoʼshiladi.

Yaxshi achiganidan keyin oʼsimlik dastlab har olti kunda bir marta, bir oz vaqt oʼtgach – ikki marta ana shu suyuq goʼng bilan sugʼoriladi. Suyuq oʼgʼit faqat gʼunchalar hosil boʼla boshlaganda solinadi. Bunday oʼgʼit solingandan keyin oʼsimliklar bir yoki bir necha marta toza suv bilan sugʼoriladi. Toʼgʼri agrotexnik chora tadbirlari olib borilganda oʼsimlik tupidan 6–8 ta gul olish mumkin.

Sugʼorish. Chinnigul yoz kunlarida har 10–15 kunda 2–3 marotaba zaxlatmasdan sugʼoriladi.

Oʼgʼitlash. Chinnigul asosan may, iyun oylarida chirigan goʼng bilan oziqlantiriladi.

Qator oraligʼiga ishlov berish. Tuproqni yumshatish dastlabki yillari 6–8 marotabagacha oʼtkaziladi. Qator oralari qoʼl kuchi yordamida 10–12 sm chuqurlikda ketmon bilan chopiq qilinadi. Bu ishlar sugʼorilgandan 2–4 kundan soʼng amalga oshiriladi. Gulzor doimo begona oʼtlardan tozalanadi.

Kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish. Chinnigul asosan oq pashsha va zang kasalliklariga moyil. Bu kasalliklarga qarshi asosan oltingugurt va boshqa kimyoviy dorilar sepiladi.

 

Ekish uchun tavsiya etilgan navlar: Blitstsard, Goudvill, Mariya, Goretti, Oskar va h.k.

Koʼchat tayyorlash. Gladiolus guli asosan piyozdan koʼpayadi. Piyoz gulning bolalash davri oʼtgandan keyin kovlab olinadi. Bu payt avgust oyining oxiri sentyabr oyining boshlariga toʼgʼri keladi. Kovlab olingan piyoz quritilib, yirik va sogʼlom piyozlar ajratilib olinadi.

Keyin toʼrxaltaga solib, osib qoʼyiladi. Qurigan piyoz koʼklamda, aprel oylarida ochiq yerga qadab chiqiladi. Qadab chiqilgan piyoz 10–15 kunda unib chiqadi va iyun oylariga borib gullay boshlaydi. Аvgust oyining oxirida gladiolus piyozlari yana kovlab olinadi.

Ekish uchun joy tanlash va yerni tayyorlash. Gladioluslar oʼgʼitlangan qumoq tuproqli, serquyosh, shamollardan himoya qilingan yerda yaxshi oʼsadi. Oʼsimlikni oʼtqazish uchun suv toʼxtamaydigan, qumoq va qumloq tuproqli yer tanlanadi. Maydon kuzda 25–30 sm chuqurlikda haydaladi. Koʼklamda yerni xaskashda tekislab, qatqalogʼi yoʼqotiladi.

Gladiolus kartoshkapiyozlari ekilishi oldidan uning quruq poʼsti olib tashlanadi, soʼngra formalin (1:800) eritmasi bilan yuqumsizlantiriladi. Shundan keyin uni sovuq suvda yuvib, quritiladi.

Bu piyoz-kartoshka kurakchada ochilgan uyachalarga yoki egatchaga ekiladi. Buning uchun uyachalarga eng avvalo ozroq qum solinadi. Uyaga va egatlarga qoʼyilgan piyoz-kartoshkachalar seroziq tuproq bilan koʼmiladi.

Ekish. Gladiolus piyozining kattaligiga qarab gulzorga 25×25 yoki 30×30 sm oraliq bilan, 1 m2 ga yirik piyozdan 25–30 ta, maydasidan 60 tagacha, nush (bolacha) laridan 120 tagacha ekiladi.

Katta maydonlarga ekishda qator orasi 50–70 sm, tup orasi 25–30 sm etib tanlanadi. Gulning piyozi, avval arigʼi ochilib, pushta qismiga, yaʼni ustiga qadab chiqiladi. Qadab chiqish oraligʼi 5 sm. dan 10 sm. gacha boʼladi. Piyoz 10–12 sm chuqurlikda koʼmiladi.

Parvarishlash. Yozda kamida besh-olti marta oʼtoq qilinadi va tuproq yumshatiladi. Gladioluslarning yaxshi oʼsishi uchun tuproq hamisha nam saqlanadi.

Piyoz qadalgandan soʼng zaxlaguncha sugʼriladi. Navbatdagi sugʼorishlar tagidan nam qochishiga qarab oʼtkaziladi. Yoz kunlarida 15–20 kunda bir marotaba suv quyiladi. Piyozni kovlab olishga 20–25 kun qolganda suv toʼxtatiladi.

Oʼsimliklarni goʼng sharbati (shaltoq) va mineral oʼgʼit eritmasi bilan oziqlantirish ayniqsa foydalidir. Shaltoqni tayyorlash uchun bir chelak goʼng va toʼrt chelak suv bochkaga solinib yaxshilab aralashtiriladi. 6–8 kundan keyin shaltoq bilan oʼsimlikni sugʼorish mumkin. Sugʼorish oldidan har chelak suyultirilgan shaltoqda yana 4–5 chelak suv qoʼshiladi. Suyuq shaltoq oʼsimliklarga kechqurun, ho’l yerga solinadi.

Iyun-iyulda oʼsimliklar, yuqorida koʼrsatilgandek, azotli oʼgʼit yoki goʼng shaltogʼi bilan yoki boʼlmasa 10 l suvga 15–20 g hisobidan selitra yoki sulfat ammoniy qoʼshib tayyorlangan eritma bilan sugʼoriladi. Yozning oʼrtasidan boshlab oʼsimliklar superfosfat eritmasi bilan sugʼoriladi. Bu eritma bir chelak suvga 30–40 g superfosfat qoʼshib tayyorlanadi.

Kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish. Gladiolus asosan kul rang chirish, quruq chirish, fuzarioz yoki bakterioz kasalliklariga chalinishi mumkin.

Bu kasalliklarga qarshi ularning oldini olish choralari qoʼriladi. Oʼtqazish oldidan piyozlar formalin bilan dorilanadi. Buning uchun 1 l suvga 3–4 g 40 foizli formalin solinadi.

Eritma yogʼoch bochkada tayyorlanadi. Piyozlar savatga solinib, 15 minut eritmaga botirib olinadi. Soʼngra bir joyga toʼplab usti sholcha yoki brezent bilan yopiladi, ikki soatdan soʼng olinib darhol ekiladi. Kasal tekkan piyozlar ekilmaydi. Gladiolus gulini birinchi navbatda hasharotlar va zang kasalligidan himoya qilish kerak.

 

Ekish uchun tavsiya etilgan navlar: oddiy yoki yakka qatli xrizantema, Аnemonosimon (ayiqtovonsimon) xrizantema, Naysimoi yoki nursimoi xrizantema, Yapon xrizantemasi, Xitoy xrizantemasi, Popuksimon xrizantema, Manzarali xrizantema – oldingilarning duragayi boʼlib, gullarining kattaligiga qarab yirik gullilar va mayda gullilarga boʼlinadi.

Koʼchat tayyorlash. Xrizantema asosan qalamcha usulida koʼpaytiriladi. Buning uchun ona koʼchatdan ochilib boʼlgan, pishgan sogʼlom novda olinadi. Kesib olingan sogʼlom novdadan uch boʼgʼim qilib qalamchalar kesib chiqiladi. Qalamchaning tag qismdagi ikkita bargi olib tashlanadi. Tayyor qalamchalar 1 soat davomida karnoving dorisiga botirib qoʼyiladi. Karnovingdan olingandan keyin 10–15 sm qalinlikdagi qumga qadab chiqiladi. Qalamchalar orasi 1–2 sm boʼladi. Qadalgan qalamchalar usti plyonka bilan yopiladi. Bu ishlar asosan may, iyun va sentyabr oylarida qilinadi. Qalamchalar ildiz olgandan keyin plyonka ichidan olinib, ochiq yerga ekiladi.

Ekish uchun joy tanlash va yerni tayyorlash. Xrizantema uchun ajratilgan maydon tekis va uncha katta boʼlmagan (2–3o gacha) nishablikda boʼlishi lozim. Yer maydoni kuz oylari tayyorlanadi va organik oʼgʼitlar berib, 25–30 chuqurlikda haydaladi. Begona oʼtlar olib tashlanadi va ariqlar olinadi.

Pushtalar kaltaroq 25–30 m uzunlikda va balandligi 20–25 sm boʼlishi lozim. Qatorlar oraligʼi 60–70 sm boʼlishi kerak. Qatorlar nazoratlash uchun sugʼoriladi, kamchiliklar bartaraf qilinadi, soʼngra ekishga kirishiladi.

Ekish. Koʼchatlarni mahalliy sharoitga qarab gulzorlarga turli vaqtda koʼchirib oʼtqazish mumkin. Ular oftob, chala oftob tushadigan joylarni yoqtiradi. Yaxshi oʼsgan va baquvvat oʼsimliklar 10 apreldan boshlab koʼchirib oʼtqaziladi. 1–2 °S sovuq ziyon yetkazmaydi. Bunda qator oralari 60–80 sm, oʼsimliklar orasi esa 40–50 sm qilib olinadi. 10–15 sm chuqur kovlab, uni suvga toʼyintirib, ekib chiqiladi.

Koʼchat oralig`i ekilayotgan joyga qarab tanlanadi.Oʼsimliklar gulzorga ekilgandan keyin ularni bir necha kun davomida qondirib sugʼorish lozim. Gullari uzib olinadigan gulzorlardagi oʼsimliklarda bittadan gʼuncha qoldirib, qolganlari olib tashlanadi, baʼzan novdalari ham siyraklashtiriladi. Ortiqcha gʼunchalarni uzish davrida oʼsimliklar oziklantiriladi, yaʼni haftada bir-ikki marta suyuq oʼgʼit bilan sugʼoriladi. Xrizantemani keyinchalik parvarish qilish – butun yoz boʼyi qatorlar orasini yumshatib turish, oʼsimliklar orasini chopish, begona oʼtlarni yoʼqotish, tuplariga shakl berish va vaqtida sugʼorishdan iborat.

Sugʼorish. Xrizantema guli suvni yaxshi koʼradi, shu bois haftada ikki marotaba sugʼorish kerak. Qatorlar oraligʼi 6–8 marotaba yumshatilib, qoʼl kuchi yordamida 10–15 sm chuqurlikda chopiq qilinadi.

Oziqlantirish. Mineral oʼgʼit meʼyori har 10 l suvga 20–25 g selitra aralashtirib tayyorlanadi va sugʼoriladi.

Kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish. Xrizantema guliga asosan ochilish, gullash davrida shiralarga qarshi 20 foizli Mospilan em.k. preparati sepiladi.

 

Ekish uchun tavsiya etilgan navlar: Аnnushka, May Ledi, Mauren, Oksford, Parad, Prezident Kennedi va boshqalar tuproq-iqlim sharoitiga, xaridorlarning har bir nav guliga boʼlgan talablari, uning bozorgirligiga qarab tanlanadi.

Koʼchat tayyorlash. Lola koʼchatini tayyorlash bahor oylarining oxirlaridan boshlanadi. Аprelning 20–25 kunlaridan boshlab may oyining 10–15 kunlarigacha ochilib boʼlgan lola piyozlari yerning chuqur qismiga kirmasdan, yaʼni yuza qismida boʼlgan paytda kovlab olinadi. Kovlab olingan piyozlarning sogʼlomlari saralab olinadi, selgitiladi va qorongʼi soya joyda saqlanadi. Saqlangan piyoz noyabr oyida yerga ekiladi. Ekilayotgan piyoz sogʼlom, chirimagan va butun boʼlishi kerak. Lola piyozining bolalash davri gullash paytidan boshlanadi. Shuning uchun gullash davrida lola piyozini kovlash aslo mumkin emas.

Ekish. Lola piyozi zax boʼlmagan, suv shimuvchi va yaxshi oʼgʼitlangan yumshoq yerga ekiladi. Piyoz tomorqaning katta kichikligiga qarab 10 sm. dan 30 sm. gacha oraliqda ekiladi.

Sugʼorish. Lola piyozi qadalgandan soʼng uncha koʼp suv talab qilmaydi. Chunki piyozlar salqin paytda, yaʼni noyabr oylarida yerga qadalib, kunlar qizir-qizimas, yaʼni aprelning oxirlari, may oyining boshlarida kovlab olinadi. Lola kasalliklarga chidamli, koʼp miqdorda oʼgʼit talab qilmaydi.

Agar siz imlo xatolarini topsangiz, iltimos, matnni tanlab, Ctrl+Enter tugmalarini bosib bizga xabar bering

Imlo xatolari haqida hisobot

Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: