Kirill alifbosida yuklab olish!
NISBATAN NOODATIY SOVUQ VA NAM OB-HAVO SHAROITIDA ERTAKI SABZAVOT, POLIZ VA KARTOSHKA EKINLARIGA SALBIY TA’SIRINING OLDINI OLISH UCHUN AMALGA OSHIRILADIGAN TADBIRLAR
“O‘zgidrometeorologiya” xizmati markazi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yil mart oyida respublikaning barcha hududlarida so‘nggi o‘n yillikda ro‘y bermagan surunkali yog‘ingarchiliklar kuzatilib, oylik me’yordan 3-4 barobar yuqori bo‘ldi.
Biroq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatlarida yog‘ingarchilik miqdori ko‘p yillik me’yor atrofida bo‘lib, havo harorati ko‘p yillik haroratdan ancha past bo‘ldi.
Bu o‘z navbatida joriy yil fermer va qishloq xo‘jaligi korxonalarining asosiy maydonlarga ertangi (fevral-mart) muddatlarda ekiladigan sabzavot, poliz va kartoshka ekinlarini ekish ishlarini kechikishiga hamda tuproqda ortiqcha namlikni ortishiga olib keldi.
Bugungi ekinlarni ekish uchun noqulay ob-havo va tuproqdagi namlik sharoitidan kelib chiqib hamda hududdagi tuproqlarning har xil mexanik tarkibga ega ekanligini hisobga olib, ertaki sabzavot, poliz va kartoshka ekinlarini ekish uchun quyidagi ilmiy tavsiyalarni amalga oshirish lozim.
Sabzavot ekinlari bo‘yicha:
Sho‘r yuvish tadbirlari. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatining xo‘jaliklarida asosiy ekin maydonlari o‘rta va kuchli sho‘rlanganligi sababli barcha turdagi sabzavot, poliz va kartoshka ekinlarini ekishdan oldin tuproqni sho‘rini yuvish lozim.
Ma’lumot uchun: o‘simlikni asosiy ildizlari tarqalgan qatlamida xlor tuzining 0,015-0,02 %, sulfat-ionining (SO4) 0,2-0,25%, xlor-ionniki (Cl) 0,03-0,04% me’yorlaridan ortiqroq bo‘lsa, o‘simliklar yaxshi rivojlanmaydi, va natijada hosildorlik past bo‘ladi.
Zovursiz sharoitida sho‘r 1-3 marta yuviladi. Agar bir marta sho‘r yuvilsa 1,8-2,0 ming m3/gacha me’yorda suv sarflanadi yoki 3-5 ming m3/ga ikki marta va 5 m3/ga yuqori me’yorda bo‘lsa 3 marta yuviladi.
Yerni ekin ekishga tayyorlash. Nisbatan noodatiy sovuq va nam ob- havo sharoitida, tuproqdagi namlik haddan tashqari oshib ketgan yillarda tuproq namligini kamaytirish muhim ahamiyatga ega hisoblanadi.
Buning uchun qishloq xo‘jaligi texnikalari yordamida maydonlarni 14-16 sm chuqurlikda chizellab chiqiladi va mola bosiladi.
Molalashdan keyin traktorga kultivatorlar bilan nishabli maydonlarga 70 sm qator oralig‘ida, tekis yer osti suvi yaqin bo‘lgan maydonlarga esa 90 sm qator oralig‘ida ekish egatlari tortib chiqiladi.
Ekinlar ekilgandan so‘ng urug‘larni unib chiqishi va tuproqda havo aylanishini yaxshilash maqsadida kul’tivatsiya qilinadi.
Bugungi kundagi sharoitdan kelib chiqib, havodagi va tuproqdagi namlikni ortishi sabab, o‘simlik kasalliklarini qo‘zg‘atuvchi zamburug‘ va bakteriyalarni rivojlanishini oldini olish uchun sabzavot, poliz va kartoshka urug‘lari ekishdan oldin urug‘ dorilagich preparat va immunostimulyatorlar bilan ishlov berish lozim.
Sabzi: Ekish muddati; Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatlarining shimoliy tumanlarida 20 martdan 10 aprelgacha bo‘lsa janubiy tumanlarda 10-25-martda ekish maqbul hisoblanib, urug‘ sarfi 5-6 kg/gani tashkil etadi.
Navlar: Mirzoi sariq 304, Nurli-70, Mirzoi Qizil 228.
Ekish sxemasi: (50 + 20) 8 sm bo‘lib, ekish chuqurligi 2-3 sm.
Sug‘orish: Yer osti suvlari chuqur joylashgan 5-6 marta, yer osti suvi yuza yerlarda 6-7 marta sug‘oriladi. Sug‘orish me’yori 550-600 m3/ga.
O‘g‘itlash: Azot 220 kg/ga, fosfor 150 kg/ga, kaliy 50 kg/ga me’yorlarda oziqlantiriladi.
Piyoz: Ekish muddati; bahorgi muddat: Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatlarining shimoliy tumanlarida 25-15-aprelda, janubiy tumanlarda 10-25 martda ekish maqbul hisoblanib, urug‘ sarfi 4-5 kg/gani tashkil etadi.
Navlar: Sunbula, Zafar, Istiqbol, Sibir, Manas.
Ekish sxemasi: (50 + 20) 10 sm bo‘lib, ekish chuqurligi 3-4 sm.
O‘g‘itlash: Azot 200 kg/ga, fosfor 150 kg/ga, kaliy 75 kg/ga me’yorlarda oziqlantiriladi.
Sug‘orish: O‘suv davrida mintaqalarga qarab o‘rtacha 6-8 marta sug‘oriladi. Sug‘orish me’yori 400-600 m3/ga.
Osh lavlagi: Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatlarining shimoliy tumanlarida 20 martdan 10 aprelgacha bo‘lsa janubiy tumanlarda 10-25 martda ekish maqbul hisoblanib, urug‘ sarfi 14-16 kg/gani tashkil etadi.
Navlar: Diyor va Bordo. Ekish sxemasi: (50 + 20) 8 sm bo‘lib, ekish chuqurligi 3-4 sm.
O‘g‘itlash: Azot 200 kg/ga, fosfor 150 kg/ga, kaliy 120 kg/ga me’yorlarda oziqlantiriladi.
Sug‘orish: Hududlarni tuproq-iqlim va suv sharoitlaridan kelib chiqib, 6-8 marta sug‘oriladi. Sug‘orish me’yori 500-600 m3/ga miqdorini tashkil etadi.
Ukrop: Ekish muddati; Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatlarining shimoliy tumanlarida 20 martdan 10 aprelgacha janubiy tumanlarda 10-25 martda ekish maqbul hisoblanadi. Ko‘kligida ishlatiladigan ukrop urug‘i pollarga sepiladi va urug‘ sarfi 10-12 kg/ga.
Ukropni o‘toq qilish, lentalar orasini yumshatish va sug‘orish yo‘li bilan parvarish qilinib, o‘rtacha 2-3 marta sug‘oriladi.
O‘g‘itlash: azot va fosfor 35-50 kg/ga solinadi.
Kashnich: Kashnichdan uzluksiz hosil olish uchun urug‘i quyidagi muddatlarda sepiladi: ertagisi 1-10-fevral, o‘rtagisi 1-10-aprelda ekilib, pol qilib sepilganda urug‘ sarfi 8-10 kg/gani tashkil etadi.
Salat: Erta bahorda fevral oxiri mart oyining ikkinchi va uchunchi o‘n kunligida; kuzda sentyabrni ikkinchi yarmi – oktyabrda ekiladi. Salat lentasimon 2-3 qator qilib ekiladi. Lentalar orasi 45-60 sm, lentadagi qatorlar orasi 15 sm. Urug‘ sarfi 4-5 kg/ga. Salat tuplarining orasida 8-10 sm, boshli salatda 12-15 sm bo‘ladi.
Petrushka va bargli karam: Erta bahorda fevral oxiri mart oyining ikkinchi va uchunchi o‘n kunligida ekilib, urug‘ sarfi 5-6 kg/gani tashkil etadi.
Rediska: Ekish muddati. 20-30 mart bo‘lib, Ekish sxemasi: 40 x 10-15 sm. Urug‘ sarfi- 10-12 kg/gani tashkil etadi.
O‘g‘itlash: Go‘ng 30-40 t/ga, azot 90-100 kg/ga, fosfor 70-80 kg/ga, kaliy 40-50 kg/ga.
Sug‘orish: Shimoliy hududlarda 3-4 marta 4-6 kun oralatib sug‘oriladi. Sug‘orish me’yori 300-400 m3/ga.
Oq boshi karam: Ekish muddati. Ertagi muddat: 20-30 mart.
Ekish sxemasi: Ertagi muddatda 70 x 25 (30) sm; o‘rtagi va kechki muddatlarda 70 x 40 sm; kechki muddatda 90 x 40 sm.
O‘g‘itlash: Go‘ng 25-30 t/ga, azot 200 kg/ga, fosfor 150 kg/ga, kaliy 75 kg/ga.
Sug‘orish: Ertagi muddatda 8-10 marta, o‘rtagi muddatda 14-15 marta, kechki muddatda 10-12 marta sug‘oriladi. Sug‘orish me’yori, dastlab 600-700 m3/ga, keyingilari 450-500 m3/ga.
Shirin qalampir va baqlajon: Ekish muddati. Urug‘ni ekishning muqobil muddati fevralning I-II o‘n kunligi.
Ko‘chatni ekish muddatlari: shimoliy hududlarda aprelning III o‘n kunligi va mayning I o‘n kunligi.
Ekish sxemasi: Ko‘chatlar 70 x 30 sm va 90 x 25 sm sxemada ekiladi.
O‘g‘itlash: Go‘ng 25-30 t/ga, azot 160 kg/ga, fosfor 120 kg/ga, kaliy 80 kg/ga.
Sug‘orish: O‘suv davri davomida 14-15 marta, 8-12 kun oralatib, sug‘orish me’yori 500-600 m3/ga.
Pomidor: Ekish muddati. aprelning II o‘n kunligi; o‘rta va kechpishar navlar uchun aprelning III o‘n kunligidan to mayning I o‘n kunligigacha; urug‘i bilan ochik maydonga aprelning II o‘n kunligi.
Ekish sxemasi: Asosan 70 x 25 (30) sm sxemasida, tekis maydonlarda esa 90 x 25 (30) sm, uzun palakli navlari uchun- 90 x 40 sm, (140×25-30)2 sm.
O‘g‘itlash: Go‘ng 30-40 t/ga, azot 180-200 kg/ga, fosfor 140-150 kg/ga, kaliy 100 kg/kg.
Sug‘orish: Dastlab 9-10 kun oralatib, ikkinchi-uchinchi bosqichlarda har 6-7 kunda 500-600 m3/ga hisobida suv qo‘yiladi.
Bodring: Ekish muddati. Ertagi muddat: shimoliy hududlarda 20-30-aprel.
Ekish sxemasi. (70 +140) x 40 sm. Urug‘ sarfi- 4-5 kg/ga.
O‘g‘itlash: Go‘ng 30-40 t/ga, azot 150-200 kg/ga, fosfor 150 kg/ga, kaliy 75 kg/ga.
Sug‘orish: Ertagi bodring dastlab har 7-8 kunda bir marta, jami 6-8 marta sug‘oriladi. O‘rtagi va kechki navlar shimoliy tumanlarda 6-7 kun, Sug‘orish me’yori, dastlab 600-700 m3/ga, keyingilari 400-500 m3/ga.
Kartoshka ekish bo‘yicha:
Urug‘ni ekishga tayyorlash va ekish. Ekish uchun urug‘lik tuganaklarning shakli, rangi va o‘simtalarining yo‘g‘onligiga qarab e’tibor bilan saralash mo‘l hosil garovidir. Urug‘lik tuganaklarni ekishga tayyorlash vazni 30-80 grammlik tuganaklar butun, yiriklari esa kesib ekiladi.
Kesilgan va butun tuganaklar har 3-3,5 tonnasi 100 litr suvga 5-6 kg TMTD yoki Roslin, 2-3 gramm qahrabo kislotasi va 4-5 kg ammofos aralashtirilgan eritmaga ivitilib, so‘ngra ekiladi.
Urug‘larni ekish oldidan 20-25 kun davomida yorug‘ ham issiq (12-15 darajali) xonalarda 2-3 qatlam qalinlikda yoyilib nishlatiladi. Natijada yashil, baquvvat 0,5-1,0 santimetr uzunlikdagi o‘simtalar hosil qiladi.
Urug‘likni ana shunday nishlatib ekish mo‘l hosil olishga qaratilgan muhim tadbir bo‘lib, natijada kartoshka hosili 18-25 foizgacha oshib, 10- 12 kun erta pishib yetiladi.
Ekish muddati: Qoraqalpog‘iston Respublikasining shimoliy hududlarda 20-martdan 10-aprelgacha, Qolgan janubiy tumanlar va Horazm viloyatida 20-30 mart. Ekish sxemasi. 70 x 30 sm, 90 x 25 sm. Gektariga 2,5-3 tonna urug‘lik sarflanadi.
O‘g‘itlash: Go‘ng 20-25 t/ga, azot 200 kg/ga, fosfor 150 kg/ga, kaliy 100 kg/ga.
Sug‘orish: Sizot suvi chuqur joylashgan yerlarda 6-8 marta, sizot suvi yuza yerlarda 7-8 marta. Sug‘orish me’yori: birinchi sug‘orishda 700-750 m3/ga va keyingilarda 450-500 m3/ga.
Poliz ekinlarini ekish bo‘yicha:
Urug‘larni ekishga tayyorlash. Qovun va tarvuz yetishtirishda yuqori toifa va sinflarga mansub bo‘lib, navdorligi 99% va unuvchanligi 90-95% dan kam bo‘lmagan urug‘ ekiladi.
Urug‘lar ekishdan oldin osh tuzining 5% eritmasida bo‘ktirib ivitiladi. Natijada urug‘larning to‘q va yirik fraksiyalari suv ostiga cho‘kib, mayda va puch urug‘lar suv betiga qalqib chiqadi. Suv ostida qolgan urug‘lar olinib toza suvga chayqab nami qochguncha quritiladi. Urug‘larni +40-50 °C hisobida 3-4 soat qizdirib olinsa, urug‘larning kasalliklarga chidamliligi oshishi bilan bir qatorda onalik gullar ko‘payib hosildorlikning oshishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Urug‘larning unib chiqish qobiliyatini oshirish uchun ekish oldidan ularni ruxning 1% li eritmasida 12 soat ivitib olinsa, hosildorlikni 13-14% ga, urug‘ chiqishini 8,7% ga oshirishi ilmiy isbotlangan.
Shimoliy hududlarida 10-20-aprelda ekish ishlari boshlanadi. Bugungi kundagi noqulay ob-havo sharoitdan kelib chiqib, plyonka-yopqichlarni termos usulidan foydalanish eng oddiy va arzon xili hamda ertaki yuqori hosil yetishtirish va iqtisodiy samara olish usulidir. 1 gektar maydonga tunnel qurish uchun 800-1000 kg plyonka, 1200-1300 kg po‘lat sim, 200-250 ta qoziq va 20-25 kg kanop ishlatiladi.
Qulay ob-havo boshlanganda kunduzi tunnel yon tomonlarining bir necha joyidan ochib shamollatiladi.
Ekish muddati: Ertapishar navlar: 20 aprelgacha.
O‘rtapishar navlar: shimoliy hududlarda 25-apreldan 10-maygacha.
Ekish sxemasi: Qator oralari 270-280 sm keng egat olinadi.
Ekish sxemasi: (280+70)/2×70 sm, (270 + 90) /2×70 sm.
O‘g‘itlash: Go‘ng 30-40 t/ga, azot 75 kg/ga, fosfor 75 kg/ga, kaliy 50 kg/ga.
Sug‘orish: Sizot suvini joylashganiga qarab 400-500 m3/ga miqdorida 5-6 martagacha suv beriladi. Ertapishar navlar tuproq iqlim sharoitiga qarab 1-2 marta kam sug‘oriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti mutaxassislarining tavsiyalari asosida tayyorlandi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: