Sayt test rejimida ishlamoqda!
Ishonch telefoni: 1243
Devonxona: 71 206-70-30

Boshoqli don ekinlarini ekish mavsumini sifatli o‘tkazish

AGRO.UZ > Boshoqli don ekinlarini ekish mavsumini sifatli o‘tkazish
AGRO.UZ > Boshoqli don ekinlarini ekish mavsumini sifatli o‘tkazish

Boshoqli don ekinlaridan yuqori va sifatli hosil olishning asosiy garovi, bu yerni ekishga sifatli tayyorlash, mintaqaning tuproq-iqlim sharoitlarini inobatga olib nav tanlash, sifatli urug‘lik, ekish muddati va meʼyorlari, g‘alla nihollarini to‘liq undirib olish hamda o‘z muddatida parvarishlashni amalga oshirishdan iborat.

Yerni ekishga tayyorlash

Tuproqqa ishlov berishdan asosiy maqsad – tuproqning zichlangan yuza qismini sifatli qilib yumshatishdir. Kuzgi bug‘doy sabzavot ekinlaridan keyin ekiladigan bo‘lsa, yerga yengil 18-20 sm chuqurlikda ishlov berish samarali hisoblanadi. O‘zbekistonning sug‘oriladigan yer sharoitida ekiladigan kuzgi bug‘doyning salmoqli foizi g‘o‘za qator oralariga ekiladi. Bunday holda bug‘doy ekiladigan yer maydonlari eng birinchi navbatda g‘o‘za qator oralarida urug‘lari pishib turgan begona o‘tlardan tozalanib, universal kultivatorlar va boshqa moslama texnikalardan foydalanib yumshatiladi.

G‘o‘za qator oralarini kuzgi g‘alla ekishga tayyorlashning o‘ziga xos xususiyatlari bor. G‘o‘za qator oralarini ekishga tayyorlash oldidan yerga o‘g‘itlar beriladi. Agar g‘o‘zapoyalari yig‘ishtirib olingan yer maydoni bo‘lsa, unday yer maydoni 10-12 sm chuqurlikda chimqirqar yordamida yuza yumshatilgandan keyin 20-25 sm chuqurlikda ag‘darib haydaladi. Tuproq namligi dala nam sig‘imiga nisbatan 50-60 foizni tashkil etganda yer “zig-zag” borona yordamida borona qilinadi.

Urug‘ni ekishga tayyorlash       

Ekish uchun belgilangan davlat andozalari talabiga javob beradigan bir xil yiriklikda va tekis, sog‘lom, begona o‘tlar urug‘idan toza, unuvchanligi kamida 92-95 foiz va unib chiqish kuchi 80 foizdan kam bo‘lmagan urug‘likdan foydalanish, hosildorlikni gektaridan kamida 3-5 sentnerga oshiradi. Qorakuya, zang va boshqa kasalliklarga chalinmasligi uchun urug‘liklar ekishdan kamida 20-25 kun oldin mutaxassislar ishtirokida dorilangan bo‘lishi shart. Boshoqli don ekinlari urug‘liklarini ekishda ularning sertifikatlanganligiga alohida eʼtibor berish lozim.

Ekish ishlari

Kuzgi bug‘doyning kechki navlarini erta muddatlarda ekish, ertaki navlarini o‘rta muddatlarda ekish, o‘ta ertapishar, ertapishar kuzgi navlarini kechki muddatlarda, shuningdek begona o‘t bosish ehtimoli ko‘p bo‘lgan maydonlarga ekishni belgilash tavsiya etiladi. Ochiq maydonlarda: g‘alla ekishda birinchi navbatda ekish ishlarini maxsus g‘alla ekish seyalkalarida ekishga eʼtibor qaratish kerak. Bunda urug‘ bir xil chuqurlikka tushadi va tekis unib chiqadi. G‘o‘za qator oralariga ekish: ekish ishlari maxsus moslamalar yordamida amalga oshirilishi va bu moslamalarning ishga yaroqliligi hamda urug‘ni bir tekisda tashlashiga eʼtibor qaratiladi. Ekish paytida kesakli maydonlarda urug‘ sepish tavsiya etilmaydi.

Birinchidan, urug‘ belgilangan chuqurlikka tushmaydi. Ikkinchidan, 20-30 foiz urug‘ g‘o‘zapoya tagidagi yumshatilmay qolgan himoya zonasi ustida qolib ketadi. Uchinchidan, kesakli ekilgan maydonlarda 30-40 foiz urug‘lar tuproq bilan aralashmay kesak ustida qolib ketadi. Bunday salbiy holatlarning oldi olinmasa, nihol belgilangan meʼyordagidan 30-40 foizga kam bo‘ladi. Qishda bu maydonlarni sovuq urishi xavfi kuchayadi.

Urug‘ muddatidan o‘ta erta ekilganda kuzdagi issiq havo harorati va tuproqdagi yetarli namlikdan foydalanib, bug‘doy o‘sib qalinlashib ketishi natijasida bug‘doy dimiqishi va uni qishda sovuq olishi mumkin. Qolaversa, bunday maydonlardagi bug‘doy zang kasalligi bilan ham zararlanadi.

Agar siz imlo xatolarini topsangiz, iltimos, matnni tanlab, Ctrl+Enter tugmalarini bosib bizga xabar bering

Imlo xatolari haqida hisobot

Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: