Sayt test rejimida ishlamoqda!
Ishonch telefoni: 1243
Devonxona: 71 206-70-30

Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti

AGRO.UZ > Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti
AGRO.UZ > Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti

Davlat muassasasi shaklida Sug‘oriladigan yerlarda g‘alla va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti nomi bilan 1997-yilda tashkil etilgan va 2014-yilda Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti sifatida qayta tashkil etilgan. Bugungi kunda institutning respublikamizning turli xil tuproq iqlim sharoitlarida Qashqadaryo viloyati filiali hamda 12 ta mintaqaviy ilmiy-tajriba stansiyalari faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

Muassasa boshoqli va dukkakli ekinlar genetikasi, seleksiyasi, urug‘chiligi, urug‘shunosligi hamda g‘alla va unga izdosh ekinlarni yetishtirish agrotexnologiyalarining ilmiy-amaliy asoslarini takomillashtirish yuzasidan ilmiy tadqiqotlar olib boradi hamda shu asosda ilmiy-texnik mahsulotlar ishlab chiqadi. Bundan tashqari mahalliy sharoitga moslashgan boshoqli don, dukkakli don, moyli va noanʼanaviy ekinlarning yuqori hosilli va sifatli navlarini yaratish,  ekologik nav sinash natijalari asosida tanlab olingan navlarning jadal yetishtirish texnologiyasini takomillashtirish va ishlab chiqarishga tadbiq etish bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, Davlat reyestriga kiritilgan va istiqbolli deb topilgan navlarning birlamchi urug‘chiligini tashkil etish hamda ozuqabop ekinlar urug‘chiligini rivojlantirish ham unga yuklatilgan vazifalar qatoriga kiradi.

Yuqoridagi vazifalarni amalga oshirish maqsadida quyidagi yo‘nalishlarda ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda.

  • mahalliy tuproq iqlim sharoitlariga moslashgan, qimmatli xo‘jalik belgilari bilan ajralib turadigan serhosil, nonboplik xususiyatlari yuqori bo‘lgan yangi nav va duragaylarini yaratish;
  • chetdan keltirilgan nav va liniyalarni ekologik nav sinash natijasida eng yaxshi navlarini tanlab ekishga tavsiya etish;
  • boshoqli don, dukkakli don, moyli va yem-xashak ekinlarining birlamchi urug‘chilik tizimini ilmiy asosda tashkil etish va joriy qilish;
  • mintaqalarning tabiiy-iqlim sharoitlariga javob beradigan xorijiy va mahalliy navlarni tanlab olish va joylashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash;
  • lalmikor va sug‘oriladigan maydonlarda ekish uchun yangidan yaratilgan boshoqli don, dukkakli don, moyli va yem-xashak ekinlarining resurstejovchi agrotexnologiyalarini ishlab chiqish va joriy etish;
  • lalmikor maydonlarda g‘alla-shudgor almashlab ekish tizimi, resurstejamkor agrotexnikasini takomillashtirish, tuproq unumdorligini oshirish va saqlash muammolarini hal qilish ustida ilmiy va amaliy ishlar olib borish;
  • boshoqli don, dukkakli don, moyli va yem-xashak ekinlari navlarining biologik  xususiyatlari va tuproq –iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda oziqlantirish tizimini ishlab chiqish va takomillashtirish;
  • boshoqli don, dukkakli don, moyli va yem-xashak ekinlarining kasallik, begona o‘t va zararkunandalariga qarshi kurashning uyg‘unlashgan usullarini qo‘llash tizimini ishlab chiqish va takomillashtirish;
  • suv bilan yetarli taʼminlanmagan va qurg‘oqchilik sharoitida boshoqli don ekinlaridan yuqori hosil olish bo‘yicha ilg‘or agrotexnologiyalarni ishlab chiqarish.

Institut va uning filiali hamda ilmiy-tajriba stansiyalarida 1 ta fundamental, 15 ta amaliy grant loyihalari ustida ilmiy-tadqiqot ishlari amalga oshirildi.

2020-yilda Institutda viloyatlar uchun “Boshoqli don ekinlaridan yuqori hosil yetishtirish agrotexnologiyasi” hamda  “O‘zbekistonda ekishga tavsiya etilgan kuzgi  bug‘doy, dukkakli don ekinlarning mahalliy va xorijiy navlarining tavsifi hamda ularni parvarishlash” deb nomlangan tavsiyanomalar chop ettirildi.

Mahalliy sharoitda yaratilgan kuzgi yumshoq bug‘doyning yangi 7 navini (“Gulbahor”, “Yog‘du”, “Davr”, “Aziz”, “O‘zbekiston-25”, “Nodir”, “Qadr”) patentlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Qoraqalpog‘iston ilmiy-tajriba stansiyasida yaratilgan kuzgi yumshoq bug‘doyning “Amangul” va “Shortanbay-1” navlariga patent olindi.

Kuzgi bug‘doyning  “G‘arezsizlik”, sholining “Gulistan” navlari 2019-yildan va kuzgi bug‘doyning “O‘tkir” navi 2020-yildan boshlab Davlat reyestri ro‘yxatiga kiritildi va ishlab chiqarishga joriy etildi.

Shu jumladan, lalmikor maydonlarda ekish uchun yumshoq bug‘doyning “No‘shkent”, arpaning “Mushtarak, “Abu-G‘ofur-20”, tritikalening “Sardor” navlariga seleksiya yutuqlari uchun  patentlar olindi.

Qashqadaryo filialida yaratilib, patent olish uchun topshirilgan qattiq bug‘doyning sug‘oriladigan maydonlarga mos “Nasaf” va “Zilol” navlari, yumshoq bug‘doyning sug‘oriladigan maydonlarga mos “Kesh-2016” va “Shukrona” navlari, lalmikor maydonlarga mos “G‘allakor” va “Ravon” navlari uchun Qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini sinash komissiyasining nav yangiligi xulosasi olindi va yaqin davr ichida patent hujjatlari olinadi.

Rossiya Fedratsiyasining V.S. Pustavoyt nomidagi Butunrossiya moyli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti, P.P. Lukyanenko nomidagi “Milliy don markaz”i hamda “Donskoy” ilmiy markazi bilan hamkorlik faol yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, birgalikda turli loyihalar amalga oshirilmoqda.

“Nonbopligi va oqsil miqdori yuqori bo‘lgan, noqulay tashqi muhit omillariga chidamli, hosildor kuzgi yumshoq bug‘doy navlarini yaratishda va ishlab chiqarishga joriy etishda konstant duragay liniyalardan foydalanish” mavzusidagi 2021-2023-yillarga mo‘ljallangan amaliy loyiha bo‘yicha tadqiqot ishlari olib borilmoda.

Loyihadan ko‘zlangan maqsad kuzgi yumshoq bug‘doyning nonbopligi va oqsil miqdori yuqori bo‘lgan, hosildor, tuproq-iqlim sharoitlariga moslashgan yangi mahalliy bug‘doy navlarini yaratish, yangi bug‘doy navlarining nonboplik darajasi ortishiga (kleykovina miqdori kamida 28-32 % ni tashkil etishiga), donida oqsil miqdori eng kamida 14 foizni tashkil etishiga erishishdan iborat.

Loyiha doirasida xar tomonlama o‘rganilgan, kasalliklarga, tashqi muhit stress omillariga chidamli, hosildor, o‘zgarmas konstant holatga kelgan duragay liniyalari tanlab olinib raqobatli nav sinov ko‘chatzori tashkil etiladi va standart navlar bilan taqqoslab o‘rganiladi. Har bir duragay liniyalar laboratoriya sharoitida biometrik, don texnologik, nonboplik xususiyatlari va oqsil miqdori bo‘yicha laboratoriya tahlillari olib borilganidan so‘ng, ular orasidan eng yaxshi 1 ta liniya tanlab olinib, nav sifatida Davlat nav sinov komissiyasiga topshiriladi.

Bundan tashqari, institut olimlari tomonidan tavsiyanomalar xalqaro va mahalliy nashrlarda maqolalar chop etilishi, amaliy o‘quv seminarlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Direktor: Siddikov Ravshanbek Inomjonovich
Manzil: Andijon viloyati Andijon tumani Kuygan yor shaharchasi Andijon ko‘chasi 36-uy
Telefon: +998743731130
Faks: +998743731205
Pochta manzili: 170600
Elektron pochta: ddeiti-19@mail.ru
Sayt: www.ddeiti.uz

Agar siz imlo xatolarini topsangiz, iltimos, matnni tanlab, Ctrl+Enter tugmalarini bosib bizga xabar bering

Imlo xatolari haqida hisobot

Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: