Sayt test rejimida ishlamoqda!
Ishonch telefoni: 1243
Devonxona: 71 206-70-30

Qoraqalpog‘iston dexqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti

AGRO.UZ > Qoraqalpog‘iston dexqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti
AGRO.UZ > Qoraqalpog‘iston dexqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti

1928-yilda Qoraqalpog‘iston dexqonchilik ilmiy-tadqiqot institutiga tamal toshi qo‘yilgan.

Institutda 1958-yildan boshlab 15 laboratoriya va sektorlarda olimlar ilmiy ishlarni olib borishgan.

Muassasaning umumiy maydoni 4213856 kv.m. shundan tajriba maydoni 4210000 kv.m. Institutda 3 ta bino bor:  maʼmuriyat binosi, laboratoriya binosi va biolaboratoriya binosi.

Institut Qoraqalpog‘iston Respublikasida dehqonchilikni rivojlantirish va qishloq xo‘jalik ekinlarini yetishtirishda agrotexnologiyalarni qo‘llashni jadallashtirish borasida faoliyat olib boradi.

Uning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

– qishloq xo‘jaligi ekinlarining yangi navlarini yaratish, tuproq iqlim sharoitiga mos texnologiyalarni ishlab chiqish, yer unumdorligini oshirish;

– ilmiy tadqiqot ishlarining strategik yo‘nalishlari va istiqbolli mavzularini belgilash, qishloq xo‘jaligini intensiv rivojlantirish va sohada mavjud muhim muammolar bo‘yicha ilmiy izlanishlar o‘tkazishni tashkil etish yuzasidan uslubiy va amaliy tavsiyalarni ishlab chiqish;

– seleksiya yutuqlarini keng sinovlardan o‘tkazish, qishloq xo‘jalik ekinlarini birlamchi urug‘chiligini rivojlantirish, hududlarning tuproq-iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda ilg‘or ilmiy ishlanmalar va intensiv agrotexnologiyalarni ishlab chiqarishga joriy etish;

– mos yo‘nalishlardagi yetakchi xorijiy ilmiy muassasalaroliy o‘quv yurtlarimarkazlar bilan xalqaro hamkorlikni kengaytirish, xorijiy grantlarni jalb etish, mutaxassislar, tajribalar va axborotlar almashinuvini taʼminlash;

– ilmiy muassasalar xodimlarining kasbiy malakasini oshirishseminarlar va treninglarni o‘tkazish va boshqalar.

Muassasada 1958-2020-yillar mobaynida 2 nafar akademik, 8 nafar fan doktorlari va 22 nafar qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodlari o‘z ilmiy ishlarini himoya qilishgan.

G‘O‘ZA SELEKSIYASI LABORATORIYASIDA g‘o‘zaning Qoraqalpog‘iston sharoitiga moslashgan dastlabki yangi seleksion navlari yaratilib, 1951-yildan boshlab ishlab chiqarishga joriy qilina boshlandi. Natijada olimlar tomonidan paxtaning bir qancha yangi navlari yaratildi: 1951-1960-yillar oralig‘ida g‘o‘zaning “KK-1083”, “KK-1543”, “KK-602”, “KK-1086”, “KK-351”, 1965-1975-yillarda “Chimboy-160”, “Chimboy-3010”, 1994-1996-yillar davomida “Chimboy-3014”, “Chimboy-4104” navlari yaratilib, respublikaning ekin maydonlariga rayonlashtirildi. Ular har yili 40-55 ming gektar maydonlarga ekilib, yuqori sifatli paxta hosili yetishtirildi.

G‘o‘zaning ushbu laboratoriya olimlari tomonidan yaratilgan “Do‘stlik-2” navi 2019- yilda har yili 20-25 ming gektarga,  “Chimboy-5018” navi esa 2010-2020-yillar mobaynida 7-10 ming gektar ekin maydonlariga ekilib, yuqori hosil olindi.

DON VA DUKKAKLI EKINLAR SELEKSIYASI VA URUG‘CHILIGI LABORATORIYASI olimlari tomonidan yaratilgan kuzgi bug‘doyning “Aral” va “Chimbay” navlari Davlat nav sinash uchastkalarida 2018-yildan sinalmoqda. 2020-yilda kuzgi bug‘doyning “Chimbay” navi istiqbolli deb topilib, Davlat reyestriga kiritildi. Hozirgi kunda tajriba xo‘jaligida ushbu navlarning birlamchi urug‘chiligi bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

2018-2019-yillari soyaning turli navlari sinab ko‘rilib, Qoraqalpog‘istonning shimoliy mintaqalariga mos, tuproq-iqlim sharoitiga javob beradigan turlari ajratilib, yuqori hosildor, erta pishar navlari tanlab olinib, ishlab chiqarishga tavsiya etildi.

MOYLI EKINLAR SELEKSIYASI VA URUG‘CHILIGI LABORATORIYASI olimlari tomonidan yaratilgan kungaboqarning “KK-1”, “KK-60”, “KK-28”, “KK-52” navlari 2020-yili davlat reyestriga kiritildi. Shuningdek, kunjutning “Qarshig‘a” navi yaratilib Davlat nav sinash markazida sinovdan o‘tmoqda. Institut tajriba xo‘jaligida ushbu navlarning urug‘larini ko‘paytirish va yaxshilash maqsadida urug‘chilik ishlari olib borilmoqda.

YEM-XASHAK EKINLARI SELEKSIYASI VA URUG‘CHILIGI LABORATORIYASI olimlari tomonidan 1958-yildan bedaning, makkajo‘xorining, Sudan o‘tining yangi navlari yaratila boshladi. 1976-1988-yillari bedaning  “Qoraqalpoq-1”, “Qoraqalpoq-15”, “Qoraqalpoq-41”, Sudan o‘tining “Chimboy-8”, “Chimbayskaya Yubileynaya” navlari yaratilib, sinovdan o‘tgach, rayonlashtirildi. Ular Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro viloyatlari va Qozog‘iston Respublikasi viloyatlarida keng maydonlarga ekildi. 1980-1990-yillari institut tajriba xo‘jaligi bedaning “Qoraqalpoq-1”, “Qoraqalpoq-15” navlarining sifatli urug‘larini yetishtiruvchi asosiy bazaga aylandi va buyurtma bo‘yicha chet davlatlarga sifatli beda urug‘i yetishtirib berildi.

2020-yilda yem-xashak ekinlarining xorijiy navlar kolleksiyasidan 90 ta nav namunalari ekildi va ularning hududga moslashishi, hosildorligi va boshqa xususiyatlari o‘rganildi. Ko‘chatzorlarda kolleksion nav namunalarini o‘rganish asosida hududga moslashgan, kasallik va zararkunandalarga bardoshli, serhosil Sudan o‘tining 8 ta, Afrika tarig‘ining 10 ta va jo‘horining 9 ta navlaridan yakka tanlash uslubida superelita urug‘liklari tayyorlandi.

BOG‘DORCHILIK VA SABZAVOT-POLIZ EKINLARI LABORATORIYASI olimlarining ko‘p yillik ilmiy ishlari natijasida institut nokning “Chimboy-5”, “Chimboy qantli”, qovunning vitaminli “zamcha”, “qariqiz”, “sariq gulyabi” navlari yaratilib, ishlab chiqarishga joriy etildi va asosiy navlar sifatida ekib kelinmoqda. Shuningdek, qovunning 30 ga yaqin mahalliy navlari qayta tiklandi. Olmaning 40 dan, nokning 30 dan ortiq navlari o‘rganilib, Qoraqalpog‘iston sharoitida ekishni kengaytirish maqsadida tavsiyalar berildi.

TUPROQ UNUMDORLIGI VA ALMASHLAB EKISH LABORATORIYASI olimlari tomonidan olib borilgan amaliy va innovatsion amaliy loyihalari asosida, hududning tuproq unumdorligini saqlash va oshirishga qaratilgan yangi zamonaviy qisqa rotatsiyali almashlab ekish tizimi, mineral o‘g‘itlar taqchilligining oldini olish maqsadida noanʼanaviy maʼdanli mikroelementlari mavjud bo‘lgan resurslardan samarali foydalanish texnologiyalari,  qishloq xo‘jaligi ekinlarini oziqlantirish va sug‘orish meʼyorlari va usullari ilmiy asosda ishlab chiqilib, ilmiy asoslangan tavsiyanoma chop etildi va fermer xo‘jaliklariga tavsiya etildi.

QISHLOQ XO‘JALIGINI MEXANIZATSIYALASHTIRISH LABORATORIYASI olimlari tomonidan 2020-yili bir nechta texnologik operatsiyalar va tadbirlarni bitta operatsiyaga birlashtiruvchi, kombinatsiyalashgan, murakkab 3 ta texnologiyaning tajriba nusxasi ishlab chiqildi va ularning agrotexnik ko‘rsatkichlarini aniqlash bo‘yicha dastlabki sinovlar o‘tkazildi. Mexanizatsiya yo‘nalishi bo‘yicha 1 ta ixtiro va 1 ta foydali model yaratilgan.

2018-2020-yillarda institutning xorijiy aloqalar bo‘yicha ishlarini yaxshilash maqsadida Qurg‘oqchil hududlarda qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari xalqaro markazi (IKARDA) hamda Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazda sho‘rlanish sharoitida bio dehqonchilik xalqaro markazi (IKBA-SAK) tashkilotlari, Qozog‘iston dehqonchilik va o‘simlikshunoslik ilmiy tadqiqot instituti bilan hamkorlikda ilmiy izlanishlar olib borildi.

Qishloq xo‘jaligi ekinlari sohasida mavsumda amalga oshiriladigan agrotexnik tadbirlar bo‘yicha ilmiy maqolalar va tavsiyalar “WoS” va “Scopus” bazasidagi xalqaro nashrlarda, “O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi”, “AGRO ILM”, Adro Hidro news”, “Vestnik KKOANRUz” jurnallari, xorijiy va mahalliy OAV sahifalarida nashr qilib borilmoqda.

2021-yilda muassasada olib boriladigan eng yirik 2 ta amaliy loyiha:

  1. “Qoraqalpog‘iston ekstremal suv tanqisligi sharoitida qishloq xo‘jalik ekinlarini yetishtirishda tuproqni ekishga tayyorlash texnologiyasi va ekishni birlashtiruvchi texnik vositalar kompleksini yaratish” mavzusidagi 2020-2022-yillarga mo‘ljallangan loyiha.

Uning doirasida qishloq xo‘jalik ekinlarini yetishtirishda, tuproqni ekishga tayyorlash texnologiyasini va ekishni birlashtiruvchi, mamlakatimizning ekstremal suv tanqisligi sharoitlariga mos, zamonaviy kombinatsiyalashgan agregatning tajribaviy nusxasi ishlab chiqiladi va  uning agrotexnik ko‘rsatkichlarini aniqlash bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkaziladi.

  1. “Qoraqalpog‘iston Respublikasida bahorgi bug‘doy navlarini yetishtirish agrotexnologiyasini ishlab chiqish va birlamchi urug‘chiligini tashkil etish” mavzusidagi 2020-2022-yillarga mo‘ljallangan loyiha.

Loyihadan ko‘zlangan maqsad Qoraqalpog‘iston Respublikasi sharoitida bahorgi muddatlarda bug‘doy yetishtirish orqali, kuzgi bo‘g‘doyning nobud bo‘lgan maydonlarining o‘rnini to‘ldirish hisobiga, qisqa muddatlarda yuqori sifatli mo‘l hosil olishni taʼminlash va iqlim-sharoitimizga mos navlarni tanlab, ularning agrotexnologiyasini va birlamchi urug‘chiligini yo‘lga qo‘yib, ishlab chiqarishga tavsiya etishdan iborat.

Bundan tashqari:

  1. “Orol bo‘yi sharoitida suv tanqisligi va sho‘rga chidamli yo‘qolib borayotgan sudan o‘ti (sorghum sudanense (Piper) va jo‘xori (sorghum saccharatum L.) navlarining birlamchi  urug‘chiligini tashkil etish” loyihasi.
  2. “Yangi nav liniyalari asosida Qoraqalpog‘iston sharoitiga mos g‘o‘zaning tezpishar – 110-115 kunda, serhosil – 40-45 s/ga, tola chiqimi – 37-38 % dan yuqori va sifati – IV-V tipga mansub yangi istiqbolli navlarini yaratish” loyihasi.
  3. “Qoraqalpog‘iston tuproq-iqlim sharoitlariga mos kungaboqarning oddiy va murakkab duragaylashdan  tezpishar 85-90 kun, serhosil 20-25 s/ga,  yuqori moydor 48-50 % va mag‘iz chiqimi 60-65 % dan yuqori yangi istiqbolli navlarini yaratish” loyihasi.
  4. “Orolbo‘yi sharoitida bedaning “Qaraqalpaq-15” navining birlamchi urug‘chiligini tashkil qilish” innovatsion loyihasi.
  5. “Kuzgi bug‘doyning istiqbolli “Chimbay” navining birlamchi urug‘chiligini tashkil etish” mavzusidagi innovatsion loyihasi.

Direktor: Turdishev Bekmurat Xojamuratovich
Manzil: Shimbay qalasi, Jambas-jap yelati, Xodja Axmedov kөshesi 1-o‘y
Telefon: 0361 444-42-11
Faks: 0361 444-01-19,
Pochta manzili: 231407, Shimbay qalasi, Jambas-jap yelati, Xodja Axmedov kөshesi 1-o‘y
Elektron pochta: qqditi@iim.uz  qqditi@exat.uz
Sayt: www.qdiii.uz.

Agar siz imlo xatolarini topsangiz, iltimos, matnni tanlab, Ctrl+Enter tugmalarini bosib bizga xabar bering

Imlo xatolari haqida hisobot

Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: