Vazir Ibrohim Abdurahmonov Samarqand viloyatining qishloq xo‘jaligi tizimi uchun tayyor kadrlar yetishtirib beradigan mazkur ta’lim dargohidagi sharoitlar bilan tanishar ekan, kadrlarni tayyorlashga jiddiy e’tibor qaratish lozimligini, eng asosiysi dala maydonlarida ishlaydigan, bevosita ilmni amaliyotga joriy etish vazifasini amalga oshiradigan, dala maydonlarida qo‘llay oladigan kadrlarini tayyorlash – eng muhim vazifa ekanligini qayd etdi.
Bugun dunyo bozorida nafaqat mahsulot kesimida, balki ta’lim yo‘nalishida ham raqobat kuchli. Dunyo mamlakatlari yangicha modul asosida dars berish uslubini o‘zlashtirmoqda. Ayni O‘zbekistonda ham mazkur jarayon tez sur’atlarda rivoj topmoqda. Talabalarning takliflari tinglanib, ularning intilishi rag‘batga yuz tutyapti. Sohaga mahalliy va xorijiy ta’lim muassasalarining bilimlar raqobati tarkibida qo‘shilishi, albatta, vaziyatni ijobiy yechim topishiga zamin yaratyapti.
Vazir ayni shu jihatlarga e’tibor qaratar ekan, talabalar tomonidan amalga oshiriladigan har bir loyihani qo‘llab-quvvatlashi, talabalar faqat auditoriyalarda saboq olish bilan chegaralanmasdan, o‘z bilimlarini amaliyot bilan mustahkamlab borishlarini ta’kidladi.
Shundan so‘ng vazir Janubiy Koreya Qishloq xo‘jaligi va hududlarni rivojlantirish vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan kartoshkachilikning ilmiy salohiyatini oshirishga qaratilgan loyiha mutasaddilari bilan uchrashdi. Bunda eng asosiysi – bugun O‘zbekiston iqlim sharoitiga mos aeroponika usulida kartoshka yetishtirish istiqbollari to‘g‘risida ayni shu yerda muzokara bo‘lib o‘tdi.
Aytish kerak mazkur tajriba agar o‘z natijasini bersa, demakki mamlakatimiz bo‘yicha ushbu tajriba Samarqand tajribasi deya yoyilishi tayin.
Quvonarlisi, biz o‘zimiz uchun va o‘zimizdan ortgani eksportga yo‘naltiriladigan mahsulot – kartoshkani yangicha uslubda ishlab chiqarish va yetishtirish borasida tajriba o‘tkazish bir on bo‘lsa-da to‘xtab qolgani yo‘q.
Shu o‘rinda institutning 50 nafar talabasi bugunning o‘zida ish bilan ta’minlangani, ularning ilmiy izlanishlarini nazariya va amaliyot bilan birga amalga oshirishlari va shu orqali ilm-fanga munosib hissa qo‘shishlari bor gap.
Maqsad yagona: talaba ilm olish bilan birgalikda o‘zidagi iste’dod va qobiliyatni shakllantirish bilan bir qatorda, yangilik yarata oladigan shaxs bo‘lsin. Shunda agrotarmoqning menejerlari zamonaviy qishloq xo‘jaligining aqlli yo‘nalishlarini vujudga kelishiga zamin yarata oladilar.
Vazir o‘z navbatida institut va soha mutasaddilari bilan birgalikda boshlangan ishlar xayrli bo‘lishini tilab, lola daraxtini yerga qadadi. Bu o‘z navbatida “Yashil makon” umummilliy loyiha doirasidagi bir uchqun bo‘lsa, bu mamlakat bo‘yicha va agrar soha vakillari uchun yaxshi tashabbus va o‘rnak bo‘lishi tabiiy.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: