Sayt test rejimida ishlamoqda!
Ishonch telefoni: 1243
Devonxona: 71 206-70-30

Chatga kelgan murojaatlar

AGRO.UZ > Chatga kelgan murojaatlar
AGRO.UZ > Chatga kelgan murojaatlar

Erkin changlantirish orqali olingan urug‘lar.

Bu usulda urug‘ olishda maxsus chatishtiruv ishlari amalga oshirilmaydi va bu usul eng arzon hisoblanadi.

F1 duragay urug‘lari. Sunʼiy chatishtirish natijasida olingan urug‘lar. Onalik o‘simliklar odatda toza tizimlardan tanlanadi. Bunday urug‘lar oddiy urug‘larga nisbatan qimmat hisoblanadi, ammo ular o‘lchamlari va bo‘yi bir xil bo‘lgan kuchli o‘suvchi o‘simlik beradi.

Drajelangan urug‘lar. Tuproq yoki boshqa material bilan qoplangan urug‘lar. Bunday urug‘larni sepish juda qulay, unib chiqqan nihollar ham bir tekis sepilganligi bois kuchli yagonalashga muhtoj bo‘lmaydi. Nam tuproqlarda yaxshi unadi, quruq yoki namligi juda yuqori tuproqlarda ularning unuvchanligi yomonlashadi.

Zararsizlantirilgan urug‘lar. Sanoat sharoitida qadoqlashdan oldin fungitsidlar bilan yoki bir vaqtning o‘zida ham fungitsid, ham insektitsid bilan ishlov berilgan urug‘lar.

Vakuumli qadoqlarga joylangan urug‘lar. Ichki paketi folgadan bo‘lgan vakuum paketchalarga qadoqlangan urug‘lar. Bunday urug‘larning unuvchanligi oddiy idishlardagiga nisbatan ancha uzoq saqlanadi.

Undirilgan urug‘lar. Sanoat sharoitida undirilgan va suv shimmaydigan paketlarga qadoqlangan urug‘lar. Bunday urug‘lar xarid qilingan zahoti ekilishi lozim.

Ishlatilmagan urug‘lar. Odatda ekishdan so‘ng urug‘larning maʼlum bir qismi ortib qoladi. Bu urug‘larni ham ekish uchun ishlatish mumkin. Unutmaslik kerakki, deyarli barcha ekinlarning urug‘i o‘z unuvchanligini yetarlicha uzoq vaqt saqlaydi.

Shaxsiy bog‘dan olingan urug‘lar. Tomorqada pishib yetilgan mevalardan urug‘ olish ancha qiziqarli hisoblanadi, ammo bu ko‘p hollarda yaxshi natija bermaydi, chunki ko‘pgina o‘simliklar erkin changlanishda o‘zining navdorlik xususiyatlarini yo‘qotadi. Loviya va no‘xat esa bundan mustasno bo‘lib, ko‘pchilik dehqonlar ushbu ekinlarni faqat o‘zlari olgan urug‘lardan yetishtiradi.

Dala ishlarining yillik doirasi organik o‘g‘itlarni berishdan boshlanadi.

Kuzda yoki qishning boshida maydonning butun yuzasi bo‘ylab 1 m2 ga 10 kg hisobidan dag‘al organik o‘g‘itlarni sepib chiqing. O‘g‘itlar ildizmevalilar va butgullilar oilasiga mansub o‘simliklar ekiladigan maydonlarga beriladi, ammo oriq yerlarga chirigan go‘ng yoki kompost bir tekis yaxshilab sepib chiqiladi. Maʼlumki, hamma xo‘jaliklarda ham qishloq xo‘jalik hayvonlari boqilavermaydi, go‘ngni sotib olish esa ancha qimmatga tushadi. Shu bois xo‘jalik sharoitida o‘simlik qoldiqlari va oshxona chiqindilaridan kompost tayyorlashni o‘rganib olish maqsadga muvofiq.

Kompost tayyorlashda kletchatkaga boy bo‘lgan somon, hazon, qirqilgan eski gazeta qog‘ozlari kabilarni qo‘shishni ham unutmang. Kompostning qotib qolishiga yo‘l qo‘ymang hamda uni yomg‘ir suvlari tushishidan asrang. Yerni chopishdan oldin panshaxa vositasida tuproqqa dag‘al organik o‘g‘itlarni sepib chiqing. Organik o‘g‘itlarni har yili berish, hech bo‘lmaganda maydonning bir qismiga berish zarur. Bu esa tuproqda ozuqaviy moddalar miqdorining ko‘payishi, tuproq nam sig‘imining ortishi hamda tuproq strukturasining yaxshilanib borishiga imkon beradi.

Almashlab ekishning tavsiya etiladigan taxminiy sxemalari:

1-sxema (3-yillik)

Kuzda (oktabr-noyabr) – no‘sh piyoz, to‘qsonbosti sabzi → may oxirida – chuchuk qalampir, qalampir, baqlajon, pomidor, bodring (tezpishar navlar tuvakchali ko‘chati bilan) → sentabr oxirida barg sholg‘omi, aysberg salati, salatbop sholg‘om (sovuq tushishi oldidan plyonka yopiladi) → erta bahor – ertagi kartoshka → iyunda – mosh, loviya → kuzda (oktabr-noyabr) – no‘sh piyoz, to‘qsonbosti sabzi.

2-sxema (3-yillik)

Erta bahor – ertagi kartoshka → iyun oyida – shirin jo‘xori yoki bodring (tezpishar navlar tuvakchali ko‘chati bilan) → sentabr oxirida barg sholg‘omi, aysberg salati, salatbop sholg‘om → oktabr-noyabr – piyoz (ko‘chat bilan ekiladigan), to‘qsonbosti sabzi → may oxirida – chuchuk qalampir, qalampir, baqlajon, pomidor, bodring (tezpishar navlar tuvakchali ko‘chati bilan) → sentabr-oktabr – sarimsoq piyoz, no‘sh piyoz.

3-sxema (3-yillik)

Erta bahor – plyonka ostiga pomidor → iyul oyida – o‘rtacha kechki kartoshka → noyabrda to‘qsonbosti sabzi, no‘shpiyoz → may oxirida – shirin jo‘xori (tezpishar navlari tuvakchali ko‘chati bilan) → avgust-sentabr – turp, sholg‘om, barg sholg‘omi, aysberg salati, salatbop sholg‘om va boshqa ko‘kat sabzavotlar.

Agar siz imlo xatolarini topsangiz, iltimos, matnni tanlab, Ctrl+Enter tugmalarini bosib bizga xabar bering

Imlo xatolari haqida hisobot

Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: