Bog‘bonga qishda ham yumush bisyor!
Bog‘larni parvarishlash ishlari qish faslida ham tugamaydi. Yangi mavsumga tayyorgarlik ko‘rish, daraxtlar atrofini tartibga keltirish, turli kasalliklarga qarshi kurashish choralari bog‘bonlardan qishki agrotexnik tadbirlarni talab qiladi.
Bog‘larning qishki sug‘orish ishlari:
Bog‘-tokzorlarga 15–20 tonna hisobida organik o‘g‘it (chirigan go‘ng) solib, 25–30 sm chuqurlikda bog‘ qator oralari haydaladi. Agar kuz oylarida yog‘ingarchilik nisbatan kam bo‘lsa, bog‘larda tuproq tarkibidagi nam yetarli darajada bo‘lmaydi. Shuning uchun qishning har bir oyida bir martadan bog‘larga yaxob suvi berib, gektariga 1500–2000 m3 suv sarflab 4–5 kun davomida sug‘oriladi. Bog‘lar qishda yaxob suvi bilan qanchalik ko‘p sug‘orilsa, vegetatsiya davrida sug‘orishlar soni 1–2 marta tejaladi. Yangi bog‘ va tokzorlar barpo etish maqsadida ajratilgan yerlarga 30–40 tonna mahalliy o‘g‘it hamda 300–400 kg fosfor va kaliy o‘g‘itlari solib, 35–40 sm chuqurlikda haydaladi.
Bordi-yu bog‘ va tokzorlarga ajratilgan yerlar sho‘rlangan bo‘lsa, dekabr oyida gektariga 10–12 ming m3 suv sarflanib maydon yaxshilab yuviladi.
Keng tarqalgan kasalliklar:
Bog‘larda oxirgi yillari monilioz, klasterosporioz, parsha, daraxt tanalarini shikastlaydigan rak kasalliklari rivojlanib bormoqda. Ushbu kasalliklar rivojlanishining oldini olish maqsadida daraxtlarni Bordo suyuqligining 3–4 foizli yoki mis kuporosining 1 foizli yoki temir kuporosining 3 foizli eritmasi bilan jiqqa ho‘llab purkash zarur. Maʼlumki, kasallik yuqumlari barglarda saqlanadi. Shuning uchun bog‘larda daraxt atrofidagi tuproq ag‘darilib chopiladi va shu bilan to‘kilgan barglar yo‘qotiladi. Bog‘ va tokzorlar atrofida joylashgan kollektor va zovurlar tozalanadi.
Qishning ilk kunlarida:
Tokzorlarda qishning iliq kunlarida janubiy mintaqalarda ko‘milmagan toklarni kesish va shakl berish ishlari olib boriladi. Tokzorlarda temir beton ustunlar va simbag‘azlar taʼmirlanadi.
Yon daftarchangizga!
Uzoq muddatga saqlashga omborxonalar va sovutgich xonalarga qo‘yilgan meva-uzum mahsulotlari omborlarda har kuni, sovutgich xonalarda har 7–8 kunda ko‘zdan kechirib turiladi. Chirigan, ayniy boshlagan mevalar terib olinib, ombordan olib chiqiladi.
Omborxonalar va sovutgich xonalar doimo nazorat ostida bo‘lib havo harorati 0–5°S, nisbiy namlik 85–90 foiz bo‘lishini taʼminlash kerak.
Agarda havo namligi pasayib ketgan bo‘lsa xonalarga suv sepiladi, kechasi omborxonalar har hafta oltingugurt yoqib tutatib, (dudlanib) turiladi.
Meva qoqilari va mayizlar saqlanayotgan xonalar albatta yuqorida tavsiya etilganidek, har 6–7 kunda oltingugurt bilan dudlanib turiladi.
R. Abdullayev, S. Shodiyev.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: