Kirill alifbosida yuklab olish!
Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan Qoraqolpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatlarida mart oyida yog‘ingarchilikni ko‘p miqdorda bo‘lishi hamda havo haroratini pasayish holatlari kuzatilganda g‘alla parvarishida amalga oshiriladigan agrotexnik tadbirlar bo‘yicha TAVSIYALAR
Respublikamizda iqlimning keskin o‘zgarishi, qish faslining quruq-sovuq kelishi, fevral oyining oxirgi o‘n kunligi va mart oyining II, III dekadalarida yog‘ingarchilik ko‘p bo‘lishi, mart oyining oxirgi o‘n kunligida havoning keskin sovishi g‘alla o‘sib rivojlanishini bir oz kechiktirmoqda.
Buning natijasida belgilangan agrotexnik tadbirlarni o‘tkazish, ya’ni g‘allani oziqlantirish, begona o‘t hamda kasalliklarga qarshi kurash choralarini maqbul muddatlarda amalga oshirish imkoniyatlari kechikmoqda.
Mart oyining birinchi yarmida respublika hududining katta qismida vaqti-vaqti bilan sovuq tushishi, qor, yomg‘ir yog‘ishi hamda haroratning keskin pasayishi, kuchli yog‘ingarchililar ro‘y bermoqda.
Bahor oylarini seryog‘in, havo haroratining past bo‘lishi natijasida g‘allazorlarda zamburug‘ kasalliklari, zararkunanda hashoratlar va begona o‘tlar keng tarqalishi ko‘p yillik tajribalarda kuzatilgan.
Yog‘ingarchilik ko‘p kuzatilgan davrda g‘allazorlarda uzoq yillardan bo‘yon saqlanib kelayotgan begona o‘tlarning urug‘lari unib chiqishi hamda ularning turlari keng tarqalishi kuzatiladi. Gʻallazorlarda eng katta zarar keltiruvchi bir yillik bir pallali boshoqli begona o‘tlar, yovvoyi suli, raygras, tulki dum kabilar ko‘payadi.
Respublikamizda ekilayotgan kuzgi bug‘doy navlarining barchasi sovuqqa chidamli bo‘lib, Krasnodar o‘lkasidan keltirilib ekilayotgan navlar ham sharoitimizda barcha sinovlardan o‘tkazilib, ekishga ruhsat etilgan. Ekilayotgan boshoqli don ekinlarining 60 foiz maydonida Krasnodar seleksiyasiga mansub hamda 40 foizida issiqqa va sovuqqa chidamli mahalliy kuzgi bug‘doy navlari ekib parvarishlanmoqda.
Krasnodar seleksiyasiga mansub aksariyat navlar o‘simlikni tuplash fazasida -17-20 0С gacha sovuqqa chidamli navlar hisoblanadi. Ushbu navlar naychalash fazasiga 10-15 foiz o‘tganda sovuqqa chidamliligi biroz pasayib, -8-10 0С gacha sovuqqa chidamlilikni namoyon qiladi va qisqa muddatli sovuqdan zararlanishi kuzatilmaydi. Ammo ushbu g‘alla maydonlarida kasallik, zararkunanda hasharotlar hamda begona o‘tlar ko‘p tarqalishi mumkin.
Respublikamizning shimoliy mintaqasi — Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatlarida erta muddatlarda 10 sentyabrgacha ekilgan ertaki g‘alla navlari mart oxirlarida to‘la naychalash fazasiga o‘tib, havo harorati keskin pasayayotganida faqat bosh poyaning qisman zararlanishi kuzatilishi mumkin, lekin 4-5 tadan hosil bo‘lgan yon poyalar zararlanmaydi. Bunday iqlim sharoiti kuzatilganda birinchi navbatda 1-5-aprelgacha azotli o‘g‘itlar bilan bahorgi ikkinchi oziqlantirish ishlarini amalga oshirish zarur. Mintaqaning iqlim sharoitidan kelib chiqib 25-30-aprelga qadar azotli o‘g‘itlar bilan bahorgi 3-oziqlantirish ishlarini bajarish muhim xisoblanadi. Bahor oylarida iqlim sovuq va seryog‘in kelgan yillarda shimoliy mintaqlarda tuproqning haroratini moʻtadilashtirish uchun g‘alla maydonlarida gektariga 5-10 tonna chirigan mahalliy o‘g‘itlarni olib chiqib sepish hamda har bir sug‘orish ishlarini mahalliy o‘g‘itlar bilan sharbat usulida o‘tkazish tavsiya etiladi.
Qoraqolpog‘iston Respublikasi hamda Xorazm viloyatida va cho‘l hududlarida harorat -2-6 0С hamda Qoraqolpog‘iston Respublikasinining shimoliy mintaqalari — Qorao‘zak, Mo‘ynoq, Taxtako‘pir, Qung‘irot, Chimboy tumanlarida haroratning -2-5 0С gacha sovishi natijasida erta ekilgan, o‘simlik bo‘yi 15-20 sm bo‘lgan maydonlarda uning bosh poyalari sovuqdan qisman zararlanishi mumkin, lekin 4-5 tadan hosil bo‘lgan yon poyalar (tuplar) zararlanmaydi.
Respublikada ob-havo seryog‘in bo‘lganida hamda havo xaroratining pasayishi kuzatilganda quyidagi tadbirlarni amalga oshirish zarur.
1. Sizot suvlari chuqur joylashgan, toshloq, qumoq maydonlarda g‘allani navbatdagi azotli o‘g‘itlar bilan yomg‘ir yog‘ayotgan bo‘lishiga qaramasdan, qo‘l kuchida oziqlantirib, sug‘orishni sharbat usulida amalga oshirish natijasida g‘alla maydonida mikroiqlim hosil qilinadi. Bu esa o‘z navbatida nihollarning qisqa muddatli sovuqqa chidamligini oshiradi.
2. Gʻallani barg orqali suspenziya usulida oziqlantirishning o‘suv davri davomida 3-4 marta amalga oshirilishi ijobiy natija berishi tajribalarda o‘z isbotini topgan. Bunda, gumin kislotalarga boy, makro va mikro elmentlar bilan boyitilgan bioo‘g‘itlar yordamida oziqlantirish tavsiya etiladi. Bioo‘g‘it preparatlardan Geo-Gumat 1 l/ga, UzGumi, Gumimaks 0.5 l/ga, Agrozim, Baykal-M, Kristalon yara (NPK) va boshqa bioo‘g‘itlar bilan belgilangan me’yorlarda ishlov berish yaxshi samara beradi.
3. Zamburug‘li kasalliklar tarqalishining oldini olish hamda kasallik kuzatiladigan maydonlarda qarshi kurash choralarini qo‘llash uchun Davlat kimyo komissiyasi tomonidan ruhsat etilgan quydagi kimyoviy vositalar bilan ishlov berish tavsiya etiladi. Tarkibida ta’sir etish moddasi Propikanazol 250 g/l + Siprokonazol hamda Tebukonazol 500 g/l bo‘lgan preparatlar bilan ishlov berish tavsiya etiladi.
4. Gʻallazorlarda eng katta zarar keltiruvchi bir yillik boshoqdoshlar oyilasiga mansub (yovoyi suli, raygras, tulki dum) begona o‘tlarga qarshi havo harorati +17+20 0C bo‘lganda, AGRO-PIK 8% em.k. 0,3-0,4 l/ga, ENTOPIK SUPER k.e. 0,15 l/ga, OXIAL PRO 10% EC 1,0 l/ga, PROPIC 24% EC 0,15 l/ga kabi gerbisidlar bilan 200-300 litr ishchi eritma hisobida ishlov berish tavsiya etiladi.
5. Gʻallazorlarda eng ko‘p tarqaladigan bir va ko‘p yillik ikki palali begona o‘tlarga qarshi havo harorati +17+20 0С bo‘lganda, bir yillik ikki pallali begona o‘tlarga qarshi AZANSTAR 75 v.d.g. 20 gr/ga FINITO 750 v.d.g. 20 gr/ga, Yevrostar 75% v.d.g. 20 gr/ga, Zarstar v.d.g. 20 gr/ga, Tristar v.d.g. 20 gr/ga, Entostar v.d.g. 20 gr/ga hamda ko‘p yillik ikki pallali begona o‘tlarga qarshi Vinstar Plyus 75% v.r.g. 30 gr/ga, Entostar plyus v.d.g. 30 gr/ga, Zarstar plyus v.d.g. 30 gr/ga. Prostar 75% v.d.g. 30 gr/ga preparatlar bilan 200-300 litr ishchi eritma hisobida ishlov berish tavsiya etiladi.
Yuqorida keltirilgan agrotexnika chora-tadbirlari respublikamizning har bir mintaqasi tuproq-iqlim sharoiti va g‘allaning rivojlanish fazalarini hisobga olgan holda amalga oshirilishi bugungi kunda yurtimizda kuzatilayotgan iqlim o‘zgarishlari salbiy ta’sirini bartaraf etib, g‘alladan yuqori va sifatli hosil yetishtirish uchun zamin yaratadi.
O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi, Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti mutaxassislarining tavsiyalari asosida tayyorlandi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: