Kirill alifbosida yuklab olish!
Akademik M.Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida yog‘ingarchilik va murakkab ob-havo sharoitida yangi bog‘lar, tokzorlarni barpo etish va agrotexnik tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha TAVSIYALAR
Joriy yil mart oyining seryog‘in kelishi, yog‘ingarchilik miqdori oylik me’yoridan sezilarli darajada ko‘p bo‘ldi, bu bevosita yangi bog‘lar va tokzorlarni barpo etish ishlari kechikishiga olib keldi.
Toshkent va Sirdaryo viloyatlari tuprog‘i ko‘p yillardan buyon sug‘orib dehqonchilik qilinadigan bo‘z tuproqlardir. Toshkent viloyati tuproqda 1,5-2 foiz gumusli, mexanik tarkibi loyqali, yer osti sizot suvlari yaqin joylashgan qismida o‘tloq va o‘tloq botqoqli tuproqdir. Sirdaryo viloyatining yer osti sizot suvlarini yaqin joylashgan, tuproqlar sho‘rlangan va unumdorligi past.
Shuning uchun, ko‘chat ekishdan olidin tuproqda namlik 60 foizdan yuqori bo‘lgan joylarda drenaj tarmoqlari (zovurlar) qazib suvni qochirib, ekish tavsiya etiladi.
Yangi bog‘lar barpo etish.
Ekish chuqurligi va kengligi 60×60 sm chuqur qazish.
Ekish sxemasi: pakana bog‘larda 4×1, 3×2 va 4×1,5, yarim pakana bog‘larda 4×3 va 5×3 hamda kuchli o‘suvchi bog‘larda 5×4, 6×5 va 6×3 sxemalarda ekiladi.
Chuqurga ko‘chat ekishdan oldin 350-400 g fosforli, 30-40 g kaliy o‘g‘iti hamda 8-10 kg chirigan go‘ngni tuproq bilan aralashtirib solib, ko‘chat ekiladi.
Ko‘chatni ekishdan oldin alohida tayyorlangan shatmoqqa (yangi mol go‘ngi tuproq bilan 1:1 qilib qaymoqsimon qilib tayyorlanadi), botirib ekiladi.
Ko‘chat chuqurga qo‘yilib, tuproq chuqur tagiga solinib, ildiz payvand qilingan joyi tuproqdan 4-5 sm yuqorida bo‘lishi kerak. Ko‘chat ekilgandan so‘ng har bir chuqurga to‘la suv quyiladi. Bunda tuproq zichlanib, ko‘chat yaxshi ko‘karadi.
Tuproq cho‘kkandan so‘ng ko‘chat atrofiga tuproq solib to‘ldiriladi.
Ekish muddatlari: Toshkent viloyati tog‘ oldi hududlarida 20-aprelgacha, Toshkent va Sirdaryo viloyatlari tumanlarida 10-15-aprelgacha ekish tavsiya etiladi.
Eksportbop navlar: Olmaning (Pink lady, Grany smith, fuji, Gold red, Jeromine, Gala), Gilosning (Sweet aryana, Sweet lorenz, Skeena, Early lory), Shaftolining (Big bang, Garofa, Patagonia, Gardeta, Samantha, Ufo 4, Platimoon, Platibelle), O‘rikning (Flopria, Rubista, Colorado, Orange ruby, Mambo) navlari ekiladi.
Yangi tokzorlarni barpo qilish.
Tok ko‘chatlar kurtaklar yozilmasdan oldin yangi go‘ng va loy aralashmasidan tayyorlangan shatmoqqa botirib olinib, 3x3m va 3×2,5m sxemada ekiladi.
Ekish muddatlari: Toshkent viloyati tog‘ oldi xududlarida 20-aprelgacha, Toshkent va Sirdaryo viloyati tumanlarida 10-15-aprelgacha ekiladi.
Ekilgan uzumzorlarga gektariga 400-600 m3/ suv bilan sug‘oriladi.
Tuproqdagi namlikni saqlab turish uchun qator oralari 15-20 sm chuqurlikda yer yumshatib turiladi.
Eksportbop navlar: (Rizamat, Mersedes, Xusayni, Kelin barmoq, Toifi) navlar ekish tavsiya etiladi.
Bu yilgi ob-havo haroratidan kelib chiqib, bahorgi qora sovuqlardan mevali daraxtlarni asrash uchun gektariga 100-200 go‘ng, xashak va xazon aralashmasini yig‘ib qo‘yiladi va havo harorati pasaishi bilan tutatiladi.
Hosilli bog‘ qatorlaridan 70-80 sm uzoqlikda egatlar olinib, sug‘oriladi. Egatlarning chuqurligi 22-24 sm, uzunligi 100 m. dan 300 m. gacha, yengil tuproqlarda kaltaroq, og‘ir tuproqlarda uzunroq bo‘ladi. Suv 24-36 soat davomida tuproq yaxshi zaxlaguncha sug‘oriladi. Og‘ir soz tuproqlarda bitta sug‘orish me’yori gektariga 700-800 m3, toshloq tuproqlarda 400-500 m3 bilan sug‘oriladi.
Hosilli bog‘larga ammiak selitrasi 360 kg yoki ammofos 250 kg, fosforli 130-180 kg, kaliyli 200 kg/ga o‘g‘itlar solinadi.
Organik o‘g‘itlarni mineral o‘g‘itlar bilan qo‘shib solish va bunda organik mineral aralashmada oziqa moddalari miqdori yuqori bo‘lishini ta’minlash kerak.
Yog‘ingarchilik ko‘p bo‘lganligi sababli bog‘larda zamburug‘lar qo‘zg‘atadigan kasalliklarni avj oladi. Mevali bog‘larda, (urug‘li, danakli) asosiy zamburug‘lar qo‘zg‘atadigan kalmaraz, un shudring, monilioz, klyasterosporioz, shaftolini barg bujmayish va olxo‘ri cho‘ntakchasi kasalliklariga qarshi quyidagi tadbirlar bajariladi:
Mevali (urug‘li, danakli) daraxtlarni tinim davrida (kurtaklar yoyilishidan oldin) 3-4% li Bordo suyuqligi bilan daraxtlarga purkaladi.
Kurtak yoyilish davrida (gullashdan oldin) 1% li Bordo suyuqligi, falkon, alto super, panch, topsin, skor, ampakt, difen super va strobi fungisidlaridan birini qo‘llash lozim.
Uzumzorlarda bajariladigan agrotexnik tadbirlar:
Uzumzorlarda simbag‘az va ishkomlar o‘rnatish, eskilarini ta’mirlash zarur.
Mart oyining III dekadasida tok ko‘chatlarini ochib, simbag‘azlarga ko‘tarib bog‘lash, mahalliy go‘ng va mineral (N-60 kg/ga, K-30 kg/ga) o‘g‘itlarni solish hamda qator va tup oralarini haydab, yumshatish ishlar bajariladi.
Shu bilan birga sug‘orish inshootlarini tozalash, tok qator oralari va tup atrofida begona o‘tlardan tozalab, kerakli agrotexnik tadbirlar o‘tkaziladi.
Yog‘ingarchilik ko‘p bo‘lishi tokzorlarda oidium, antraknoz va mildyu kasalliklarni tarqalishi uchun qulay sharoit hisoblanadi.
Uzumzorlarda kasalliklarning oldini olishda sho‘ra xomtok o‘z vaqtida (novdalar 10-15 smga yetkanda) sifatli o‘tkaziladi.
Oidium kasalligini dastlabki belgilari paydo bo‘lganda yoki vegetasiya davrida bu kasallikka qarshi quyidagi fungisidlar: Flusil, Superfar, Ampakt, Skort, Mikrofiol, Flint, Impanur, Xlorokis medi plyus va Azoksifen qo‘llash, antraknoz kasalligiga Ridomil Gold MS, Xlorokis medi plyus va Topsin–M tavsiya qilinadi.
O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Akademik M.Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti mutaxassislarining tavsiyalari asosida tayyorlandi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: