Sayt test rejimida ishlamoqda!
Ishonch telefoni: 1243
Devonxona: 71 206-70-30

Dorivor o‘simliklar

AGRO.UZ > Dorivor o‘simliklar
AGRO.UZ > Dorivor o‘simliklar

Respublikada dorivor va ziravor o‘simliklarni rivojlantirishda erishilgan natijalar

 

Bugungi kunda dorivor o‘simliklarga bo‘lgan qiziqish tobora ortib, ularni nafaqat tabiatdan yovvoyi holda terib olish, balki plantatsiya usulida ko‘paytirish va qayta ishlashni tashkil etish bilan shug‘ullanuvchi fermerlar va tadbirkorlar soni ham sezilarli darajada oshib boryapti.

Maʼlumki, O‘zbekiston tabiiy va geografik jihatdan dorivor o‘simliklarga boy hudud bo‘lib, bu yerda 4500 turga yaqin tabiiy holdagi o‘simliklar uchraydi. Shulardan 1200 ga yaqini dorivor xususiyatga ega. Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasida 112 turdagi dorivor o‘simliklar rasmiy tabobatda foydalanishga ruxsat berilgan, ularning 80% ini tabiiy holda o‘suvchi o‘simliklar tashkil etadi.

Respublikamizda birgina 2020-yilda jami 50 mln dollarlik 16 ming tonna dorivor o‘simliklar xomashyosi qayta ishlanib, tayyor yoki yarim tayyor mahsulotlar Xitoy (52,3%), Turkiya (16,7%), Afg‘oniston (10,6%), Janubiy Koreya (3,7%), Xindiston (3,9%), Germaniya (1,5%) va boshqa davlatlarga (11,3%) eksport qilindi.

Xususan, 2020-yil boshida respublikaning barcha hududlarida jami 11,5 ming ga yer maydonda dorivor o‘simliklar mavjud bo‘lgan bo‘lsa, bahor mavsumida 1,8 ming ga yer maydonda ichki va tashqi bozorlarda haridorgir 37 turdagi bir va ko‘p yillik dorivor o‘simliklar ekilib, dorivor va ziravor o‘simliklar maydoni 13,3 ming gektarga yetkazildi.

Hozirgi kunda eksport salohiyati yuqori bo‘lgan dorivor o‘simliklarning plantatsiyalari yildan-yilga kengayib bormoqda. Joriy yil 162 ta subyekt tomonidan 15,6 ming gektar maydonda 45 turdagi dorivor o‘simliklar yetishtirilmoqda (o‘tgan yilga nisbatan 2,3 ming ga ko‘p). Shuningdek, mamlakatda 11 ta subyekt tomonidan 14 turdagi dorivor va ziravor o‘simliklar urug‘ va ko‘chatlari tayyorlanmoqda.

Ushbu sohani yanada rivojlantirish maqsadida 2022-yilda ichki va tashqi bozor talablari hamda marketing natijalaridan kelib chiqib, jami 17,4 ming (2021-yilga nisbatan 1,8 ming ga ko‘p) gektarda dorivor o‘simliklar ekinlarini yetishtirilishi rejalashtirilib, shundan asosiy maydonlarda 4,5 ming gektar, lalmi yerlarda 12,9 ming gektarga yetkaziladi.

Dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash yo‘nalishida 2020-yilda 7 ta klaster tomonidan jami 140 gektarda 104 tn xomashyo yetishtirilgan bo‘lsa, joriy yil 9 oyligi holatiga ko‘ra, 1,2 ming gektar maydonda 9 ta klaster ish faoliyatini boshlab, 29 turdagi dorivor o‘simliklar parvarishlanmoqda. Ushbu klasterlar tomonidan moychechak, kovrak, limono‘t, qalampir yalpiz, qizilmiya, zaʼfaron va boshqa dorivor o‘simliklar yetishtirilmoqda hamda qayta ishlanib, tayyor mahsulot ko‘rinishida Respublika dorixonalarida sotilmoqda.

Oziq-ovqat, farmatsevtika va parfyumeriya sanoati uchun qimmatbaho xom ashyo hisoblangan zaʼfaron bugungi kunda dunyodagi eng qimmat ziravor va dorivor o‘simlik hisoblanadi. Yer yuzida 127 ming gektar plantatsiyalarda 430 tonnadan ortiq zaʼfaron gullari xomashyosi terib olinadi. Bu o‘simlikni yetishtirish va xomashyoni terib olish faqat qo‘l mehnati bilan amalga oshirilgani uchun juda qimmatbaho hisoblanadi. Yetishtiriladigan zaʼfaronning 90 foizi (115 ming ga) Eronga to‘g‘ri kelib, bir kilogramm oliy navli eron zaʼfaroni 10,5 ming AQSH dollari qiymatida baholanmoqda. Eron qishloq xo‘jaligi vazirligi maʼlumotlariga ko‘ra, 2020-yilda dunyoning 40 dan ortiq davlatlariga 350 mln. AQSH dollar qiymatdagi 270 tonna zaʼfaron xom ashyosi eksport qilingan. Shundan kelib chiqib, zaʼfaron o‘simligining respublikada keng maydonlarda joriy etish, o‘simlik plantatsiyalarini ko‘paytirish, yetishtirish sohaga chet el investitsiyasini jalb etish va eksport salohiyatini oshirish hamda xotin-qizlarni ish bilan taʼminlash maqsadida Jizzax viloyatida Italiya davlatining 25 mln. yevro investitsiya mablag‘i evaziga “BMB Opera Zafferano” MCHJ qo‘shma korxonasi tashkil etildi. Dastlab Italiya davlatidan 21 mln. donadan ortiq piyoz tuganaklari olib kelinib, bugungi kunda Baxmal tumanida jami 205 gektar maydonda zaʼfaron plantatsiyasi barpo etildi.

Zaʼfaron o‘simligi tibbiyotda onkologik kasalliklarni davolashda, qonni tozalashda ishlatiladi, miya faoliyati aktivligini yaxshilaydi, nevrozdan forig‘ qiladi, bosh og‘rig‘i va uyqusizlikdan xalos etadi, oshqozon-ichak faoliyatini meʼyorga keltiradi, organizmni quvvatlaydi, ko‘rish qobiliyatini tiklaydi, ko‘z to‘rpardasidagi illatlarni davolaydi, butun organizmni yoshartiradi.

Mamlakatimizda oxirgi yillarda dorivor o‘simliklarni rivojlantirishga katta ahamiyat berilmoqda. Jumladan,  O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 10- apreldagi PQ-4670-sonli “Yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklarni muhofaza qilish, madaniy holda yetishtirish, qayta ishlash va mavjud resurslardan oqilona foydalanish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Ushbu qaror Respublikamizda dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlashni yanada rivojlantirish uchun qulay muhit yaratish, sohaning eksport salohiyatini oshirish, shuningdek, taʼlim, ilm-fan va ishlab chiqarish jarayonlarini integratsiyalash uchun mustahkam zamin yaratdi.

2020-yil 3-dekabrda Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan “O‘zbekistonda dorivor o‘simliklar muhofazasi, yetishtirish, qayta ishlash va sohaning eksport salohiyatini oshirishdagi dolzarb masalalar” mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi. Konferensiya yakuni bilan “O‘zbekistonda dorivor va ziravor o‘simliklar muhofazasi, yetishtirish, qayta ishlash va sohaning eksport salohiyatini oshirishdagi dolzarb masalalar” nomli ilmiy maqola va tezislar to‘plami, o‘zbek tilidagi adabiyotlar kamligi inobatga olinib, “Dorivor va ziravor o‘simliklarni yetishtiruvchi va tayyorlovchi mutaxassislar uchun qo‘llanma” hamda “O‘zbekistonda bir yillik dorivor o‘simliklarni yetishtirishga doir tavsiyanoma” yaratildi.

2021-yil 2-aprel kuni Respublikada dorivor va ziravor o‘simliklar plantatsiyalarini kengaytirish, ishlab chiqarish hajmlarini ko‘paytirish hamda eksport geografiyasini kengaytirish maqsadida Xitoy Xalq Respublikasining yirik importyor kompaniya va firmalari, investorlari bilan “Respublikada eksportbop dorivor va ziravor o‘simliklarni maydonlarini kengaytirish hamda eksport salohiyatini oshirish masalalari” mavzusidagi halqaro videokonferensiya tashkil etildi. Joriy yilning 15-dekabrida “Dorivor o‘simliklar mahsulotlari taʼminotida ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasi” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi tashkil etilmoqda.

  1.  QQR va viloyatlarda dorivor o‘simliklar plantatsiyalarini barpo etish va mahsulot ishlab chiqarish hajmini 2 barobarga oshirish. Qishloq xo‘jaligi yerlarida dorivor o‘simliklar maydonlarini 30,0 ming gektarga oshirish, tadbirkorlik subyektlariga imtiyozli kreditlar ajratish, madaniy plantatsiyalar yaratishda suv chiqarish va yerlarni o‘zlashtirish uchun Respublika byudjetidan subsidiya ajratish, hokimliklar tomonidan dorivor o‘simliklar uchun yer maydonlari ajratish prognoz rejalarini belgilash.
  2. Tuproq-iqlim sharoitlarini hisobga olib, madaniy holda faol yetishtiriladigan dorivor o‘simliklarning agrotexnologik xaritalarini ishlab chiqish. Dorivor va ziravor o‘simliklardan eksport salohiyati yuqori bo‘lganlarini tahlil qilib, agrotexnologik xaritalarga kiritish.
  3. Qishloq xo‘jaligida kovrak o‘simligi tabiiy zahiralaridan oqilona foydalanish, yetishtirish hamda eksport qilishni hajmlarini oshirish.
  4. Jizzax viloyatining Baxmal va Zomin tumanlarida zaʼfaron plantatsiyalarni 2000 ming gektarga yetkazish, “Zaʼfaron yetishtiruvchilar va eksport qiluvchilar” uyushmasini tashkil qilish, zaʼfaron yetishtirish uchun mos bo‘lgan yer maydonlari ajratish, zaʼfaron o‘simligini yetishtirish agrotexnologik tadbirlarini amalga oshirish, qayta ishlash va saqlash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish.

Bugungi kunda tabiiy dori vositalarini ishlatish, dorivor o‘simliklarni madaniylashtirish va xom ashyosini ko‘paytirishga katta eʼtibor berilmoqda. Dorivor o‘simliklar (lat. Plantae medicinalis) – bu xalq tabobatida, tibbiyotda yoki veterinariya amaliyotida, profilaktika va davolash maqsadida ishlatiladigan  o‘simliklarga aytiladi. Xalqaro tabiatni qo‘riqlash ittifoqi (IUCN) maʼlumotiga ko‘ra, tibbiyotda 21 mingga yaqin dorivor o‘simliklar ishlatiladi.

Dorivor o‘simliklarning yillik aylanmasi 3,26 mlrd. dollarni tashkil etadi. Xitoy, Hindiston, Germaniya davlatlari dorivor o‘simliklar eksporti bo‘yicha yetakchi davlatlar qatoriga kiradi.

Eng ko‘p eksport qilinadigan dorivor o‘simliklar:

Jenshen (Ginseng) hammaga maʼlum dorivor o‘simlik. Asosan adoptagen va umumiy quvvatlantiruvchi vosita sifatida ishlatiladi. Koreya va Xitoyda jenshenning ildizi taom tayyorlashda qo‘llaniladi. Xitoy anʼanaviy tibbiyotida jenshen umrni uzaytiradi va insonni yoshartirish xususiyatiga ega deb hisoblanadi. Markaziy asab tizimini muqobillashtiradi, arterial bosimni oshiradi, aqliy va jismoniy quvvatni oshiradi. Qonda glyukoza va xolesterin miqdorini kamaytiradi, buyrak usti bezi faoliyatini faollashtiradi.

2019-yilda dunyo bo‘yicha 449,4 mln. dollarli jenshen eksport qilingan, undan 139 mln. dollari Xitoy davlatiga to‘g‘ri keladi.

Tuxumsimon zubturum (lat. Plantago ovata) — Zubturumdoshlar (Plantaginaceae) oilasiga mansub. Tuxumsimon zubturum O‘rta yer dengizida, Kanar orollarida, Hindiston, Eron, Afg‘oniston, Pokistonda yovvoyi holda va AQSHda madaniy holda o‘sadi. O‘simlikning urug‘lari spastik va atonik ich qotishida yumshatuvchi vosita sifatida va surunkali kolitda, shamollash va dioreyada, metabolik sindrom bilan og‘rigan bemorlarning ratsionida ishlatiladi.

2019-yilda eksport hajmi 207,1 million dollardan oshdi, Hindiston davlati asosiy eksportchi hisoblanadi. Ushbu o‘simlikning O‘zbekiston Respublikasida boshqa turlari mavjud.

Chingil (Lycium) turkum o‘simliklar Ituzumdoshlar (Solanaceae) oilasiga mansub, 88 ta turni o‘z ichiga oladi. Hamma joyda tarqalgan, subtropik zonalarda ham. Quruq yerlarga joylashadi, baʼzida sho‘rlangan tuproqlarda uchraydi. Oddiy chingil (Lycium barbarum) zaharli emas, mevasi quritiladi. Xitoy tibbiyotida quruq mevalari (lat. Fructus Lycii) bosh aylanishida, ambliopiyada va umumiy quvvatlantiruvchi vosita sifatida ishlatiladi. Mevasi immunnostimulyator, qandli diabetda hamda ozish uchun ishlatiladi, metobolizmni yaxshilaydi, teri qarishini sekinlashtiradi.

2019-yilda 94,4 mln dollar. Xitoy davlati chingil eksporti bo‘yicha yetakchi mamlakat hisoblanadi. O‘zbekistonda 3 ta turi o‘sadi.

Angelika yoki Arharo‘t (lat.Angelica) – Ziradoshlar (Apiaceae) oilasiga mansub. Ko‘pgina turlarining ildizida kumarin va oshlovchi moddalar mavjud. Baʼzi turlari dorivor sifatida ishlatiladi. Xitoyda arharo‘tni “ayollar jensheni”, “ayollar o‘simligi” va “xitoy o‘simliklari malikasi” deb nomlanadi. Ayollarda klimakterik va balog‘at davrlarida garmonal muvozanatni tiklashga yordam beradi. Xitoy arharo‘ti kardioprotektiv samara beradi. Arharo‘t qon aylanishini normallashtiradi, qon tomirlarida tromblar hosil bo‘lishini oldini oladi. Arharo‘t tarkibidagi biologik aktiv polusaxaridlar oshqozon va o‘n ikki barmoqli ichakda yara hosil bo‘lishini oldini oladi va jigarni toksinlardan himoya qiladi. 2019-yil jahonda 31,8 mln. dollarlik eksport qilingan. Xitoy davlati asosiy eksportchi hisoblanadi.

Pinelliya (Pinellia) — Aroiddoshlar (Araceae) oilasiga mansub ko‘p yillik o‘tsimon o‘simlik. Pinelliyaning ildizpoyasi va poyasi yo‘talga, ko‘ngil aynishiga, bosh aylanishiga hamda isitma tushiruvchi va terlatuvchi sifatida ishlatiladi. O‘simlik taloqning ishlashini yaxshilaydi. O‘simlikni mandarin po‘chog‘i va zanjabilning ildizi bilan qaynatib ishlatilganda yo‘talda, balg‘am ko‘chirishda, ko‘ngil aynishida yuqori samara beradi. O‘simlik ekstraktlari isitma tushiruvchi, shamollashga qarshi, tinchlantiruvchi, og‘riq qoldiruvchi vosita sifatida ishlatiladi. Gipertonik kasalliklar va yuqumli gepatit, xoletsistit, jigar sirrozi, o‘t tosh kasalliklarida ishlatiladi.

2019-yilda o‘simlikning eksporti butun jahon bo‘yicha 25 mln. dollardan oshgan, Xitoy davlati eng ko‘p eksport qilgan.

Agar siz imlo xatolarini topsangiz, iltimos, matnni tanlab, Ctrl+Enter tugmalarini bosib bizga xabar bering

Imlo xatolari haqida hisobot

Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: