Maʼlumki, bu usulni ota-bobolarimiz qadimdan qo‘llab kelishgan. Odatda, qish bizning o‘lkalarda 15 dekabrdan boshlanadi va to 15 martga qadar rosa uch oy – 90 kun davom etadi. To bahor kirgunigacha yerga qadalgan urug‘ 90 kun tuproq ostida turadi, erta bahorda kun isishi bilan esa darrov unib chiqadi. Dono xalqimiz bu jarayonni obrazli qilib, “90 kunni bosib o‘tdi” maʼnosida shunday atagan.
To‘qsonbosti usulida ekin ekish va uning afzalliklari:
To‘qsonbosti uslubida ekilgan sabzavot ekinlari urug‘lari erta ko‘klamda yerdan juda barvaqt unib chiqib, tez rivojlanishi hisobiga erta hosil beradi.
Takroriy ekinlardan bo‘shagan dalalar obdon shudgorlanishi shart, shundagina “to‘qsonbosti” ekinlar urug‘i yerga “o‘rnashadi”. Qolaversa, urug‘ yetarli chuqurlikka tushsagina, qishki qattiq sovuq taʼsiridan omon qoladi.
Sabzavot urug‘lari ekilgan egatlar ustidan chirigan mahalliy o‘g‘itlar yoki daraxt qipiqlari bilan mulchalash yoki shaffof plyonka bilan qoplansa, urug‘lar yog‘in, havodagi namlik taʼsirida asta-sekin bo‘rtadi va sovuqqa chiniqadi. Bu usul erta bahorda havo harorati noqulay, past bo‘lishiga qaramay unib chiqqan maysalarning jadal o‘sib-rivojlanishini taʼminlaydi. Natijada erta bahorda ekishga qaraganda hosil yetilishi 25-30 kungacha ertaroq, hosildorligi esa 15-20 foizga ortiqroq bo‘ladi.
Qishda yer ostida nima ro‘y beradi?
Kech kuzda sovuq va namgarchilik boshlanmasdan oldin to‘qsonbosti usulida ekish uchun noyabr oyining oxiri dekabr oyining birinchi dekadasida sovuqqa chidamli sabzavot ekinlaridan sabzi, piyoz, osh lavlagi, ko‘kat sabzavotlar (ismaloq, ukrop, petrushka, selderey, kashnich, salat) ekinlarining urug‘lari sepiladi. To‘qsonbosti qilib sepiladigan sabzavot urug‘lar sarfi 20% gacha ko‘proq bo‘lishi kerak. Qolaversa, yuqorida aytilganiday, urug‘ yerga kerakli meʼyorda tushishi: no‘xat 8 santimetr, kartoshka 10-15 santimetr chuqurlikda ekilishi lozim. Sabzi, sholg‘om, turp, lavlagi va boshqa ildizmevalilar urug‘i yuzasini 4-5 santimetr qalinlikda tuproq bilan ko‘mish va ustiga organik qoldiqlar sepib qo‘yish yaxshi samara beradi.
Bu muddatda sepilgan sabzavot ekinlarining urug‘lari qish mavsumida unmaydi, qishki yog‘ingarchiliklar natijasida urug‘lar tuproqdagi namlikka to‘yinadi va havo harorati 4-50 C bo‘lganda ko‘klamda barvaqt begona o‘tlar urug‘laridan oldin yer nami bilan unib chiqa boshlaydi.
Harorat 18-200 C bo‘lganda to‘liq unadi, kuzda ekilgan sabzi, piyoz va lavlagining barglari ko‘klamda ekilganiga qaraganda 1,5-2 baravar katta bo‘lib, hosil 25-30 kun oldin yetiladi hamda hosildorligi gektaridan 14-15% gacha yuqori bo‘ladi. Bunda ushbu ekinlarning erkaklab ketmaydigan navlarini ekish maqsadga muvofiq hisoblanadi.
Respublikamizning ob-havo va tuproq sharoitiga qarab har bir viloyat uchun yangi rayonlashtirilgan, mo‘l hosilli, sifat ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan, zararkunanda va kasalliklarga chidamli, mexanizmlar yordamida ishlov berishga moslashgan, har bir ekish muddati uchun mos navlarni to‘g‘ri tanlash lozim.
Manba: “Sabzavot ekinlarini to‘qsonbosti muddatda yetishtirish bo‘yicha tavsiyalar”
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: