Sayt test rejimida ishlamoqda!
Ishonch telefoni: 1243
Devonxona: 71 206-70-30

Qovoq

AGRO.UZ > Qovoq
AGRO.UZ > Qovoq

Qovoq – qovoqdoshlarga mansub bir va ko‘p yillik poliz ekini. Vatani Shimoliy va Janubiy Amerika. 3 turi – yirik mevali qovoq (kartoshka qovoq), muskat qovoq (oyim qovoq), qalin (qattiq) po‘stli qovoq (oddiy qovoq) ko‘p ekiladi.

Qovoq issiqsevar, yorug‘sevar o‘simlik, nam va unumdor tuproqda yaxshi o‘sadi. Yuqori haroratga va qurg‘oqchilikka chidami past.

Ildizi o‘qildiz, uzunligi 2 m ga boradi. Poyasi yotib, ilashib o‘sadi. Barglari (turiga qarab) yirik, tukli, barg qo‘ltig‘ida jingalaklari bor. Guli 2 jinsli, yirik, sariq. hasharotlar yordamida chetdan changlanadi.

Mevasi tarkibida 15-18% quruq modda, 4-15% qand, askorbin kislota, karotin, tiamin, riboflavin, azotli birikmalar, pektin moddalar, urug‘ida 20-40% moy bor. Urug‘i va moyi tibbiyotda ateroskleroz, buyrak, podagra va boshqa kasalliklarni davolashda, gijja tushiruvchi vosita sifatida ishlatiladi. Urug‘i 9-12°С da unib chiqadi, 20-25°С da yaxshi rivojlanadi, aprel oxiri – mayning boshlarida ekiladi. Vegetatsiya davrida chopiq qilinadi, qator oralari yumshatiladi, oziqlantiriladi, sug‘oriladi. Navlariga qarab 110-140 kunda pishadi. Gektaridan 200-450 sentner hosil beradi, 1 t qovoqdan 0,8-1,2 sentner urug‘ olinadi.

Qovoqni parvarishlash texnologiyasi: 

Qovoq ekini uchun eng yaxshi o‘tmishdosh ekin bu g‘alla va bedadir. Qovoq ekini karam, sabzi, makkajo‘xori va sholidan keyin ekilsa fuzarioz so‘lish kasalligiga kam chalinadi va hosildorlik oshadi. Bir dalaga qovun 1-2 yil ekilgandan keyin, u yerga 5-7 yildan so‘ng qayta ekish mumkin.

Ekish muddati: Janubiy viloyatlarda 1-10-aprel; markaziy viloyatlarda 10-20-aprel; shimoliy viloyatlarda 25-aprel-10-may.

Ekish sxemasi: (290 + 70)/2 x 90 sm. Urug‘ sarfi- 5-6 kg/ga.

Sug‘orish: Ertagi navlar 4-5 marta, o‘rtagi navlar 5-6 marta, kechpishar navlar 6-7 marta. Sug‘orish meʼyori 400-500 m3/ga.

Hozirgi kunda O‘zbekistonda qovoqning 9 navi yetishtiriladi.

Bugungi kunda yurtimizda yetishtirilayotgan qovoq mahsuloti Avstriya, Germaniya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, BAA, Rossiya, Chexiya kabi mamlakatlarga eksport qilinmoqda.

Qovoq navlari

O‘rtapishar nav, o‘suv davri- 114-116 kun. Palagi o‘rtacha, asosiy poya uzunligi 3-4 m, yon shox va barglar soni ko‘p. Mevasi uzunchoq, meva band tomoniga ozroq, meva tomoniga ko‘proq kengaygan, baʼzan biroz yoysimon, mevaband tomoni meva tepasiga nisbatan ingichka, vazni 3,1-3,8 kg, po‘sti qizg‘ish sariq, qattiq. Yuzasida qizg‘ish rangli mayda qabariqlar bor, pishib yetilganda och jigar rangli, mayda to‘q yashil, baʼzan pushtirang to‘rsimon dog‘lar bilan qoplangan. Eti qizg‘ish-sariq, mayin, o‘rta shirin, degustatsion bahosi 4,0 ball.

Hosildorligi: 25-30 t/ga.

Mamlakatimiz hududida Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida ekish uchun tavsiya qilingan.

O‘rtapishar nav, o‘suv davri 117-120 kun. Palagi o‘rtacha, asosiy poya uzunligi 2,5-3,0 m, bargi o‘rtacha, guli katta, sariq rangli. Mevasi uzunchoq, ikki tomoni to‘mtoq, o‘rta qismi ingichkalashgan, baʼzan noksimon, vazni 3,8-4,7 kg, po‘sti to‘q sariq, yupqa, yuzasi biroz g‘adir-budir, to‘q yashil tasmalari bor. Eti qizg‘ish sariq, qalin va tig‘iz. Tarkibida quruq modda miqdori 7,6%, qand miqdori 4,7%.

Hosildorligi: 35-38 t/ga.

Mamlakatimizning barcha viloyatlarida ekish uchun tavsiya qilingan.

Kechpishar nav, o‘suv davri 117-130 kun. Palagi juda katta, asosiy poya uzunligi 5-7 m va undan ko‘p. Guli yirik, to‘q sariq rangli. Mevasi yassi yumaloqsimon, segmentlashgan, kulrang yashil, meva bandi uzunligi 6-7 sm, meva tomoni yo‘g‘onlashgan, juda qattiq, vazni 3,3-4,4 kg. Eti sariq, tig‘iz, shirin, degustatsion bahosi 5,0 ball. Tarkibida quruq modda miqdori 14,7%, qand miqdori 12,0%, karotin miqdori 70 mg/%.

Hosildorligi: 25-30 t/ga. Qishda juda yaxshi saqlanadi.

Mamlakatimizning barcha viloyatlarida ekish uchun tavsiya qilingan.

Kechpishar nav, o‘suv davri 135 kun. Mevasi uzun silindrsimon, po‘sti va eti to‘q sariq, dag‘al, eti tig‘iz, meva vazni 2,5 kg, degustatsion bahosi 5,0 ball. Urug‘xonasi kichik, urug‘lar mayda va zich joylashgan.

Hosildorligi: 25-27 t/ga. Transportda tashishga yaroqli, kasalliklarga chidamli.

Mamlakatimiz hududida Toshkent viloyatida ekish uchun tavsiya qilingan.

Gollandiya davlatining «Riyk Zvaan» firmasi duragayi.

2016-yilda Davlat reyestriga kiritilgan.

O‘rtatapishar. Palagi o‘rtacha uzunlikda,  barg shakli konussimon, rangi yashil, yirik, bargining orqa tomoni kulrang g‘ubor bilan qoplangan.  Meva shakli ovalsimon-yumaloq, po‘stining rangi to‘q yashil, meva yuzasi tekis, silliq. Etining rangi och sarg‘ish, urug‘lari o‘rtacha kattalikda.  Meva vazni 3.1 kg. Ta’mi 4.5 ball.  O‘suv davri  108 kun.

Hosildorligi: 2014-2015-yillarda Chinoz nav sinash stansiyasida o‘rtacha gektaridan 64.2 t/ga, Toshkent nav sinash uchastkasida 20.5 t/ga, Chinoz  nav sinash stansiyasida o‘rtacha gektaridan 35.5 t/ga ni tashkil etgan.

Ayrim belgilari: Payvantag o‘rnida ham foydalansa bo‘ladi. Uzoq masofalarga transportda tashishga qulay. Kasalliklarga chidamli.

Mamlakatimiz hududida Samarqand va Toshkent viloyatlarida ekish uchun tavsiya qilingan.

O‘simlikshunoslik ilmiy tekshirish instituti navi.

2019-yilda Davlat reyestriga kiritilgan.

Mevasi yirik og‘irligi 12-15 kg gacha, shakli dumaloq elipsimon, rangi sariq. Yangiligida isteʼmolga qayta ishlashga va ozuqa sifatida ishlatiladi.

Mamlakatimiz hududida Namangan viloyatida ekish uchun tavsiya qilingan.

Gollandiya davlatining «Gebroeders Bakker Zaadteelt en Zaahandel B.V» kompaniyasi duragayi.

2021-yildan Davlat reyestriga kiritilgan.

Mevasi noksimon, qattiq, og‘irligi 1,5-3 kg gacha uzunligi 26-28 sm, po‘stining rangi sarg‘ish, etining rangi tiniq sariq, uzoq muddat saqlanadi. Ochiq maydonlarda ekishga mo‘ljallangan. Qayta ishlashga mo‘ljallangan. Palagi yarim shoxlangan.

Mamlakatimizning barcha viloyatlarida ekish uchun tavsiya qilingan.

Agar siz imlo xatolarini topsangiz, iltimos, matnni tanlab, Ctrl+Enter tugmalarini bosib bizga xabar bering

Imlo xatolari haqida hisobot

Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: