Patisson – kulcha qovoq – qovoqdoshlar oilasiga, qattiq etli qovoqlar guruhiga mansub bir yillik o‘simlik. Patisson palagi tik, butasimon sershox o‘simlik. Ildizi yaxshi rivojlangan. Poyasi va barg bandlari nisbatan yo‘g‘on. Barglari o‘rtacha kattalikda, dag‘al, 3 yoki 5 qirrali. Gullari yirik, rangi sariq, poyalarda yakka-yakka joylashadi. Mevasi — qovoqcha, mayda, shakli yulduzsimon. Yangi tukkan mevalari rangi och yashil, meva katta bo‘lgan sari rangi oqarib, ayrim mevalar yuzasida och yashil dog‘lar yoki tasmalar paydo bo‘lishi mumkin. Ularning 6-8 kunlik mevasi isteʼmol qilinadi.
Patisson issiqtalab o‘simlik. Patisson aprel oyida qator va tup oralig‘i 70×70 yoki 80×80 sm sxemada ekiladi. O‘suv davrida qator oralari yumshatiladi, oziqlantiriladi va sug‘oriladi. Patisson suvga talabchan.
Meva tarkibida 6,0—6,5% quruq modda, 2,5-2,9% qand va vitaminlar mavjud. Urug‘ida moy va santanin bor. Hosildorligi 150-200 s/ra.
Patissonni parvarishlash texnologiyasi: patisson uchun eng yaxshi o‘tmishdosh ekin bu g‘alla karam, sabzi, makkajo‘xori va sholi hisoblanadi.
Ekish muddati: Janubiy viloyatlarda 1-20-aprel; markaziy viloyatlarda 20-30 aprel; shimoliy viloyatlarda 1-15-may.
Ekish sxemasi: (110 + 70)/2 x 50-60 sm. Urug‘ sarfi- 3-4 kg/ga.
O‘g‘itlash: Go‘ng 20-30 t/ga, azot 200 kg/ga, fosfor 150 kg/ga, kaliy 50 kg/ga.
Sug‘orish: O‘suv davrida 12-16 marta sug‘oriladi. Sug‘orish meʼyori 500-600 m3/ga.
Hozirgi kunda O‘zbekistonda patissonning 2 navi yetishtiriladi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: