Tarvuz – qovoqdoshlar oilasiga mansub bir va ko‘p yillik o‘t o‘simliklar turkumi; asosiy poliz ekinlaridan biri. Vatani – Afrika (Misr).
Palagi 4-5 m gacha boradi. Ildizi chuqur joylashgan o‘qildiz, barg qo‘ltiqlaridan o‘sib chiqqan jingalaklari yordamida ilashib, chirmashib o‘sadi. Bargbandi uzun, barglari bir necha bo‘lakchalardan iborat. Asosan hasharotlar yordamida changlanadi. Mevasining shakli naviga qarab yumaloq, ovalsimon, silindrsimon. Po‘sti qalin (1,5 sm), o‘rtacha (1-1,5 sm), yupqa (1 sm dan jam), qattiq, eti yumshoq, sersuv, sershira, qumoq, baʼzan tolali. Og‘irligi 0,6-20 kg va undan ortiq. Pishgan etining rangi qizil, ayrim navlari malinasimon. Urug‘i oq sariq, qora, qizil, kulrang. 1000 dona urug‘ining vazni 40-120 g. Mevasi tarkibida 5,8-12% qand (fruktoza), vitaminlar va mineral tuzlar, urug‘ida 25-30% moy, fitin kislotasi bor.
Tarvuz issiqsevar, yorug‘sevar o‘simlik, qurg‘oqchlikka chidamli, urug‘i tuproq harorati 14-16°Cda una boshlaydi (qulay sharoit 20°C). Ekilgandan keyin 5-6 kunda unib chiqadi. Tarvuzning ertapishar navlari mevasi 80-90, o‘rtapisharlari 90-100 va kechpisharlari 110-120 kunda pishadi. O‘suv davrida qator oralari 2-3 marta yumshatiladi (chopiq qilinadi). Mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantiriladi (sof holda har gektar maydonga 100-200 kg azot, 90-100 kg fosfor 50-60 kg kaliy solinadi). Tuproq sharoitiga qarab 6-8 marta suv beriladi.
Hozirgi kunda O‘zbekistonda tarvuzning 53 navi yetishtiriladi.
Bugungi kunda yurtimizda yetishtirilayotgan tarvuz mahsuloti Afg‘oniston, Belorus Respublikasi, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Litva, Mongoliya, BAA, Polsha, Rossiya, Ukraina, Estoniya kabi mamlakatlarga eksport qilinmoqda.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: