O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori
Qizilmiya va boshqa dorivor o‘simliklarni yetishtirish hamda sanoat usulida qayta ishlashni samarali tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
Qizilmiya va boshqa dorivor o‘simliklarni yetishtirish hamda sanoat usulida qayta ishlashni samarali tashkil etishni ta’minlash, sohaning tadbirkorlik subyektlari uchun jozibadorligini oshirish, shuningdek, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega bo‘lgan eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish hajmlarini ko‘paytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
- Quyidagilar Qizilmiya va boshqa dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash tashkilotlari uyushmasining (keyingi o‘rinlarda Uyushma deb ataladi) asosiy vazifalari hisoblansin:
qizilmiya va boshqa dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlashni kompleks rivojlantirish dasturlarini shakllantirish hamda ularning amalga oshirilishini muvofiqlashtirishda ishtirok etish, ushbu sohada yagona ilmiy-texnik, texnologik, investitsiya va eksport siyosatini yuritishga ko‘maklashish;
qizilmiya va boshqa dorivor o‘simliklar o‘sishi uchun qulay hududlarda maxsus plantatsiyalar tashkil etish, shu jumladan yetishtirishning intensiv texnologiyalarini joriy etish orqali va tabiiy o‘sish maydonlaridan oqilona foydalangan holda ularni yetishtirish hajmlarini bosqichma-bosqich oshirib borish;
plantatsiyalarni tashkil etish, shuningdek, qizilmiya va boshqa dorivor o‘simliklarni sanoat asosida chuqur qayta ishlash hamda ulardan yuqori qo‘shilgan qiymatga ega bo‘lgan eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish doirasida tadbirkorlik subyektlarining davlat boshqaruvi organlari, barcha darajadagi mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan o‘zaro hamkorligini samarali tashkil etishga ko‘maklashish;
qizilmiya va boshqa dorivor o‘simliklarni yetishtirish hamda qayta ishlash sohasini rivojlantirishga oid normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etish, shuningdek, jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirish;
qizilmiya va boshqa dorivor o‘simliklarni yetishtirish hamda qayta ishlash sohasidagi investitsiya dasturlari va loyihalarining amalga oshirilishini muvofiqlashtirishda ishtirok etish;
qizilmiya va boshqa dorivor o‘simliklarni yetishtirish hamda qayta ishlash bo‘yicha yangi quvvatlarni tashkil etish va mavjudlarini rivojlantirish jarayonlariga xorijiy sarmoyalarni, chet ellik mutaxassislar hamda maslahatchilarni faol jalb etish, ushbu sohada ilg‘or texnologiyalarni joriy etish;
mazkur soha uchun mutaxassislarni tayyorlash va qayta tayyorlash, oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida, shuningdek, xorijda ularning malakasini oshirish ishlarini samarali tashkil etish hamda muvofiqlashtirishda ishtirok etish.
- Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari Uyushmaga uning so‘rovlari bo‘yicha unga yuklangan vazifalarni bajarish bilan bog‘liq zarur axborot, statistika hamda boshqa ma’lumotlar taqdim etilishini ta’minlasinlar.
- Boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 12 nafardan iborat bo‘lgan Uyushmaning ijro etuvchi apparati tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq ma’qullansin.
- 2019 — 2023-yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasida qizilmiya o‘simligi yangi plantatsiyalarini tashkil etishning prognoz parametrlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va tumanlari hokimlarining 2019 — 2023-yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasida qizilmiya o‘simligi yangi plantatsiyalarini tashkil etish prognoz parametrlarining o‘z vaqtida, to‘liq hamda samarali bajarilishini ta’minlash uchun shaxsiy mas’uliyati belgilansin.
- Uyushma va uning a’zolari o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar qonun hujjatlariga muvofiq tegishli ta’sis shartnomasi asosida tartibga solinishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
- Uyushmaning 2019-yil 1-maydan boshlab, qizilmiya ekstrakti ishlab chiqaruvchilari bo‘lgan Uyushma a’zolari uchun 2024-yil 1 yanavargacha 100 gektardan kam bo‘lmagan maydonda qizilmiya plantatsiyalarini majburiy tashkil etish bo‘yicha talablar belgilash to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
- Uyushma a’zolariga 2024-yil 1-yanvargacha bo‘lgan muddatda qizilmiya va boshqa dorivor o‘simliklar yetishtirish, qizilmiya va boshqa dorivor o‘simliklar plantatsiyalarini nazorat qilish hamda monitoringini olib borish jarayonini samarali boshqarish uchun uchuvchisiz uchish apparatlarini olib kirishga ruxsat berilsin.
- O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi zarur hujjatlar taqdim etilgan kundan boshlab o‘n kun muddatda Uyushma a’zolariga uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanishga ruxsat etish to‘g‘risida xulosa berilishini ta’minlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
- Qizilmiya va boshqa dorivor o‘simliklar plantatsiyalarini tashkil etadigan, shuningdek, qizilmiya va boshqa dorivor o‘simliklarni qayta ishlaydigan tadbirkorlik subyektlariga 2024-yil 1-yanvargacha bo‘lgan muddatga:
- a) quyidagilardan:
qizilmiya va boshqa dorivor o‘simliklarni yetishtirishda va (yoki) qayta ishlashda foydalaniladigan (olinadigan) obyektlar (foyda, daromad) qismida yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va foyda solig‘i va aylanmadan olinadigan soliqni to‘lashdan;
belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha o‘zlarining ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun respublikada ishlab chiqarilmaydigan olib kelinadigan texnologik uskunalar, maxsus qishloq xo‘jaligi texnikalari, ularning butlovchi va ehtiyot qismlari, qizilmiya va boshqa dorivor o‘simliklar urug‘lari va ko‘chatlari uchun bojxona bojidan ozod qilish.
- b) plantatsiyalar tashkil etish uchun ekish materiallarini (urug‘, qalamchalar) tayyorlash (yig‘ish) maqsadida ruxsatnoma olish uchun yig‘imlar to‘lovini kechiktirish tarzida imtiyozlar berilsin.
(9-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 8-apreldagi PF-101-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 09.04.2022-y., 06/22/101/0288-son)
- Xomashyo ko‘rinishidagi qizilmiyani O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga yuqori qo‘shilgan qiymatga ega bo‘lgan mahsulot ishlab chiqarish va eksport qilish maqsadida olib chiqish uchun to‘lovlar bo‘yicha imtiyozlar berish amaliyoti bekor qilinsin.
- Belgilab qo‘yilsinki, 2019-yil 1-maydan boshlab:
Xalqaro laboratoriyalarni akkreditatsiya qilish tashkiloti (ILAC) va Xalqaro akkreditatsiya qilish forumining (IAF) to‘laqonli a’zolari hisoblangan mamlakatlarning sertifikatlash organlari tomonidan berilgan muvofiqlik sertifikatlari yoki sinovlar protokollari taqdim etilganda, Uyushma a’zolari faqat o‘zlarining ishlab chiqarish ehtiyojlari, plantatsiyalar tashkil qilish, qizilmiya va boshqa dorivor o‘simliklardan yuqori qo‘shilgan qiymatga ega bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarish uchun olib kelinadigan tovarlarni sertifikatlash talab etilmaydigan tartib belgilanadi;
qizilmiyadan foydalanish uchun O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan tasdiqlanadigan qo‘shimcha kvotalar Uyushmaning buyurtmanomasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining ijobiy xulosasi hisobga olingan holda joriy yilning 1-aprelidan 30-dekabrigacha bo‘lgan davrga ajratiladi.
- O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi, Sog‘liqni saqlash vazirligi Qizilmiya va boshqa dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash tashkilotlari uyushmasi bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya tizimlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 12-dekabrdagi PQ-4059-son qarorining 9-bandi ijrosini ta’minlash doirasida import qilinadigan qizilmiya xomashyosi uchun karantin ruxsatnomasi berilishini bekor qilishning maqsadga muvofiqligi to‘g‘risidagi masalani ikki hafta muddatda ko‘rib chiqsin.
- O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi ikki oy muddatda:
Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Fanlar akademiyasi va Uyushma bilan birgalikda qizilmiya va boshqa dorivor o‘simliklar plantatsiyalari to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlashni nazarda tutadigan Hukumat qarorining loyihasini ishlab chiqsin hamda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
Ichki ishlar vazirligi va Uyushma bilan birgalikda tayyorlovchilar bilan tuzilgan yetkazib berish shartnomalarini amalga oshirish doirasida tayyorlangan qizilmiyani qayta ishlovchi tashkilotlargacha tashib berishda tabiatni muhofaza qilishga doir qonun hujjatlariga rioya etilishini nazorat qilish sohasida idoralararo yaqin o‘zaro hamkorlikni tashkil etish bo‘yicha qo‘shma dasturni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
- O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi 2019 — 2021-yillar uchun amaliy va innovatsion tadqiqotlar davlat ilmiy dasturlarini shakllantirishda qizilmiya va boshqa dorivor o‘simliklar yetishtirishning zamonaviy texnologiyalarini ishlab chiqish bo‘yicha loyihalar tanlovlari o‘tkazilishini ta’minlasin.
(14-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-avgustdagi 545-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.08.2021-y., 09/21/545/0832-son)
- Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 20-oktabrdagi 290-son qarori bilan tasdiqlangan O‘simlik dunyosi obyektlaridan foydalanish va o‘simlik dunyosi obyektlaridan foydalanish sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tish tartibi to‘g‘risidagi nizomga 13-ilovaning “O‘simlik dunyosi obyektlarining turlari” ustunining uchinchi xatboshidagi “TIF TN kodi 1211 90 850 0” so‘zlari “TIF TN kodi 1211 90 860 8” so‘zlari bilan almashtirilsin.
- O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida Qizilmiya va boshqa dorivor o‘simliklarni yetishtirish hamda sanoat usulida qayta ishlashni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 27-yanvardagi 63-son qarorining 2, 3, 7 va 14-bandlari, shuningdek, qarorga 1 va 2-ilovalar o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
- Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirning o‘rinbosari E.M. G‘aniyev zimmasiga va Vazirlar Mahkamasining Agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari kotibiyatiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 15-fevral,
138-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 15-fevraldagi 138-son qaroriga
1-ILOVA
Qizilmiya va boshqa dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash tashkilotlari uyushmasi ijro etuvchi apparatining
TUZILMASI
Boshqaruv xodimlarining cheklangan soni — 12 nafar.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 15-fevraldagi 138-son qaroriga
2-ILOVA
2019 — 2023-yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasida qizilmiya o‘simligi yangi plantatsiyalarini tashkil etishning
PROGNOZ KO‘RSATKIChLARI
T/r | Tumanlar nomi | Ekin maydoni, ga | ||||
2019-yil | 2020-yil | 2021-yil | 2022-yil | 2023-yil | ||
1. | To‘rtko‘l | 100 | 100 | 100 | 100 | 100 |
2. | Beruniy | 100 | 100 | 100 | 100 | 100 |
3. | Ellikqal’a | 100 | 100 | 100 | 100 | 100 |
4. | Amudaryo | 100 | 100 | 100 | 100 | 100 |
5. | Xo‘jayli | 310 | 310 | 310 | 310 | 310 |
6. | Taxiatosh | 100 | 100 | 100 | 100 | 100 |
7. | Shumanoy | 500 | 500 | 500 | 500 | 500 |
8. | Qonliko‘l | 540 | 540 | 540 | 540 | 540 |
9. | Qo‘ng‘irot | 480 | 480 | 480 | 480 | 480 |
10. | Nukus | 340 | 340 | 340 | 340 | 340 |
11. | Kegeyli | 560 | 560 | 560 | 560 | 560 |
12. | Chimboy | 580 | 580 | 580 | 580 | 580 |
13. | Qorao‘zak | 520 | 520 | 520 | 520 | 520 |
14. | Taxtako‘pir | 520 | 520 | 520 | 520 | 520 |
15. | Mo‘ynoq | 150 | 150 | 150 | 150 | 150 |
Hammasi: | 5000 | 5000 | 5000 | 5000 | 5000 | |
Jami: | 25000 |
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 16.02.2019-y., 09/19/138/2633-son, 30.09.2019-y., 09/19/829/3832-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.08.2021-y., 09/21/545/0832-son; 09.04.2022-y., 06/22/101/0288-son)
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: