Sayt test rejimida ishlamoqda!
Ishonch telefoni: 1243
Devonxona: 71 206-70-30

Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti

AGRO.UZ > Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti
AGRO.UZ > Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti

Institut 1933-yil Respublika sabzavot stansiyasi negizida tashkil etilgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 10-fevraldagi PQ-2125-sonli qarori bilan qayta tashkil etilgan.

Institut sabzavot, poliz, kartoshka ekinlarini yangi nav va duragaylarini yaratish, ularning birlamchi urug‘chiligini tashkil etish, yetishtirish texnologiyasini ishlab chiqish va takomillashtirish, maxsulot sifatini yaxshilash, kasallik va zararkunandalarga qarshi kurash borasida ko‘p qirrali ilmiy izlanishlarni amalga oshiruvchi ilmiy tashkilotdir.

Institut tarkibida Toshkent tajriba uchastkasi, Andijon, Buxoro, Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarida ilmiy-tajriba stansiyalari mavjud.

Institutda Sabzavot-poliz ekinlari seleksiyasi, Sabzavot va poliz ekinlari urug‘chiligi, Kartoshka seleksiyasi va urug‘chiligi, Agrokimyo va mahsulot sifati, Sabzavot, poliz va kartoshka ekinlari agrotexnologiyasi, Issiqxona sabzavotchiligi, O‘simliklarni kasallik va zararkunandalardan himoya qilish laboratoriyalari mavjud.

Sabzavot, poliz, kartoshka ekinlari seleksiyasi, urug‘chiligi, urug‘shunosligi, ekinlarni yetishtirish agrotexnologiyalarining ilmiy-amaliy asoslarini takomillashtirish yuzasidan ilmiy tadqiqotlar olib borish hamda shu asosda ilmiy-texnik mahsulotlar ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish asosiy maqsadi bo‘lgan Institutning ilmiy va tashkiliy  faoliyati quyidagilardan iborat:

– sabzavot, poliz va kartoshka ekinlarining serhosil, kasalliklarga va noqulay tabiiy iqlim sharoitiga chidamli, yuqori sifatli nav va duragaylarini yaratish;

– sabzavot, poliz va kartoshka ekinlari urug‘chilik tizimini  uzluksiz takomillashtirish, navdorlik, unuvchanlik, hosildorlik sifatini oshiruvchi texnologiyalarni yaratish, birlamchi urug‘chilikni rivojlantirib superelita, elita va І-reproduksiya urug‘lar yetishtirish.

– sabzavot, poliz va kartoshka yetishtirishda ilg‘or texnologiyalarni yaratish va takomillashtirish, tuproq unumdorligini oshirish, o‘simliklarni oziqlantirish tizimini ishlab chiqish;

– maxsulot sifatini yaxshilashning uslub va vositalarini tadqiq etish, ekologik toza mahsulot yetishtirish texnologiyasini ishlab chiqish;

– ekinlarning kasallik, zararkunanda va begona o‘tlarga qarshi kurash choralari tizimini yaratish;

– yangi mahsulot bilan yil davomida uzluksiz taʼminlash maqsadida issiqxona va usti yopilgan maydonlarda sabzavotlar yetishtirishga oid keng qamrovli tadqiqotlarni amalga oshirish, ularni turli qoplama va issiqxona inshootlarida yetishtirish texnologiyasini ishlab chiqish;

– ilmiy texnikaviy hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish, yangiliklarni ishlab chiqarishga joriy etish hamda shu sohaning ilmiy-texnik taraqqiyotini modernizatsiya qilish;

– malakali yetuk tadqiqotchilar tayyorlash, fan-texnika yutuqlarini va ilg‘orlar tajribasini keng targ‘ibot etish va uni joriy qilish, xorijiy mamlakatlar bilan aloqa bog‘lash, shartnoma asosida tashkilotlar bilan ilmiy hamkorlik qilish;

– isteʼmol va urug‘lik kartoshka yetishtirishning ilmiy nazariy asoslarini takomillashtirish, kartoshka urug‘liklarini tayyorlash va ilg‘or agrotexnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borish;

– isteʼmol va urug‘lik kartoshkaning yangi hamda serhosil, navlari kolleksiyasini yaratish, ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish;

– xalqaro moliya institutlari, xorijiy donorlar grantlari hamda xususiy tashabbuskorlar mablag‘lari hisobidan urug‘lik kartoshkaning super elita va elita avlodlarini yetishtirish, zamonaviy kartoshka plantatsiyalarini barpo etish, “in vitro” laboratoriyasi tashkil etish, urug‘liklar tayyorlash va kartoshka yetishtiruvchilarga yetkazib berish;

– sabzavot va poliz ekinlarining yuqori hosildor, qurg‘oqchilikka, sho‘rga va kasalliklarga chidamli, meva sifati yuqori bo‘lgan navlari va duragaylarini yaratish va ularning birlamchi urug‘chiligini tashkil etish, shuningdek, noanʼanaviy sabzavot ekinlarini introduksiya qilish ishlarini olib borish;

– isteʼmol va urug‘lik kartoshka yetishtirishda ilg‘or agrotexnologiyalarni qo‘llash hamda kartoshka plantatsiyalarini tashkil etish bo‘yicha tavsiyalarni ishlab chiqish hamda mahsulot yetishtiruvchilarga yetkazish.

Sabzavot, poliz va kartoshka ekinlarining 32 ta ekin turi bo‘yicha seleksiya ishlari olib borilgan va sabzavot, poliz, kartoshka ekinlarini 200 ta ortiq nav va F1 duragaylari yaratilgan bo‘lib, bugungi kunda 152 tasi Davlat reyestriga kiritilgan. Shundan sabzavotning 109 ta, polizning 34 ta va kartoshkaning 9 ta navlari.

So‘nggi 5 yilda davomida institut seleksionerlari tomonidan sabzavot ekinlarini 34 ta, poliz va kartoshkani 7 tadan nav va F1 duragaylari ixtiro qilindi.

2020-yilda Davlat reyestriga 5 ta seleksiya yutuqlari kiritildi (shirin qalampirning “Marjona”, bodringning “Ifor” va “Shabnam”, pomidorning cherri tipidagi “Yantarniy”, qovunning “Novotkalla”).

2020-yilda institut seleksioner olimlari tomonida pomidorning issiqxonada yetishtirishga mos “Vitaminka kokteylnaya”, piyozning “Xamal”, “Baxoroy”, gulkaramning “Istiqbol”, sarimsoqning “Janub”, “Surxon vohasi”, rokambolning “Baraka”,  bodringning “G‘alaba” F1, duragayi “Jilo”, “Musaffo”, qovunning “Oftob”, kartoshkaning “Toshkent ertagisi”, “Kristina”, makkajo‘xorining “Samarqand tishsimoni”, “Oqpari”, qulupnayning “Tong ifori” kabi 16 ta nav va duragaylari ixtiro qilindi va Davlat nav sinoviga topshirildi. 2 ta navga Intellektual mulk agentligidan patent olindi. Bundan tashqari, sabzavot, poliz va kartoshka ekinlarining 21 ta navlari hujjatlari patentlash uchun taqdim qilindi.

2020-yilda Belorussiya Milliy Fanlar akademiyasi “Kartoshkachilik va meva-sabzavotchilik ilmiy-amaliy markazi”, ushbu davlatning “Sabzavotchilik instituti”, Rossiya Davlat Federal ilmiy-tadqiqot byudjet muassasasi – “Sabzavotchilik Federal ilmiy markazi”, Yaponiyaning The Musashino Seed Co. Ltd. kompaniyasi, Xitoyning Zhengbei Bayuan Potato Development CO kompaniyasi bilan hamkorlikda ilmiy-tadqiqot ishlari amalga oshirildi.

  • Qovunning issiqxonada o‘sadigan hosildor va eksportbop yangi navlarini yaratish;
  • ochiq maydonlarda ekiladigan eksportbop qovunlarning yangi navlarini yaratish;
  • Xorazm viloyati tuproq-iqlim sharoitiga mos, serhosil va eksportbop mahalliy qovun navlari birlamchi urug‘chiligini rivojlantirish;
  • sabzavot ekinlari uchun geterozis effektiga ega duragay navlar yaratish va urug‘chiligini yo‘lga qo‘yish;
  • sabzavot, poliz va kartoshka ekinlaridan eksportbop va sifatli hosil yetishtirishda “BARAKA” mobil ilovasini yaratish;
  • noanʼanaviy va eksportbop sabzavot ekinlari introduksiyasi, seleksiyasi va birlamchi urug‘chiligini tashkil etish;
  • sabzavotchilik va polizchilikka ixtisoslashtirilgan ilmiy-urug‘chilik klasterini tashkil etish;
  • organik dehqonchilikni yuritishda tuproq unumdorligi va qishloq xo‘jaligi ekinlarini kasalliklarga bardoshliligini oshiruvchi nanomikrozarrachalarni qo‘llash agrotexnologiyasini yaratish mavzusidagi amaliy va innovatsion loyihalar doirasida ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan.

 

Direktor: Nizomov Rustam Axrolovich
Manzil: Toshkent viloyati, Toshkent tumani Ko‘ksaroy aloqa bo‘limi, Keles ko‘chasi,
Telefon/Faks: 71/226-85-03
Elektron manzil:  sabpkiti@iim.uz , uzrivmcp@mail.ru
Sayt: sabzavot-ilm.uz

Agar siz imlo xatolarini topsangiz, iltimos, matnni tanlab, Ctrl+Enter tugmalarini bosib bizga xabar bering

Imlo xatolari haqida hisobot

Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: