Intensiv bog‘larda daraxt shoxlarini kesish va shakl berish, undan so‘ng turli kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish, o‘g‘itlash, sug‘orish jarayonlari olib boriladi. Bog‘larda daraxtlar orasiga quyosh nurlarining yaxshiroq tushishi, shamol aylanishi uchun sharoit yaratiladi. Maqsad meva sifatini buzmasdan, yaxshi hosil olish orqali ichki bozorni taʼminlash va sara mahsulotlarni eksportga chiqarish.
Daraxtlarga shakl berish
Intensiv bog‘larda daraxtlarga shakl berish ishlari ikki mavsumda amalga oshiriladi:
- Qishki kesish, yaʼni daraxtlardagi tinim davrda, kurtaklar uyg‘ongunga qadar;
- Yozgi kesish meva terimidan so‘ng bajariladi. Baʼzi kechpishar olma navlarida aynan sentyabr oylarida ham yozgi kesish ishlari o‘tkazilishi mumkin. Yaʼni, mevalarga quyosh yaxshi tushishi uchun daraxtda meva borligi vaqtida uning shoxlari kesiladi.
Daraxtlarga shakl berishda ortiqcha, raqobatchi, bir-biriga yaqin masofada bo‘lgan shoxlar olinadi. Mahalliy bog‘lar bilan intensiv bog‘lardagi daraxtlarga shakl berish ishlari orasida farq bor. Mahalliy bog‘larda asosan simbag‘azsiz tizimlardan foydalaniladi. Ularda daraxtlarning 70% shoxlari muvozanatni saqlash uchun qoldiriladi. Intensiv bog‘larda esa simbag‘az bo‘lganligi sababli, faqatgina mevali va keyingi yilga meva berishi mumkin bo‘lgan shoxlargina qoldiriladi.
Sug‘orish
Intensiv bog‘larda tomchilatib sug‘orish usuli qo‘llaniladi. Sug‘orish miqdori: 1 gektar maydonga soatiga 11 tonnadan suv beriladi. Sug‘orish muddatlari faslga qarab o‘zgaradi. Ko‘chatlar mart oyi oxirlaridan o‘ziga suv talab qilishni boshlaydi. Kun isigan sari sug‘orish vaqtlari ham orta boradi va eng ko‘pi bilan to‘rt soatga yetkaziladi (mavsum vaqtida). Odatda havo qanchalik issiq bo‘lsa, mevalarning rivojlanishi shunchalik sekinlashadi. Umuman olganda, havo harorati mevali daraxtlarga katta taʼsir ko‘rsatadi. Ayniqsa, bahorda daraxt gullari ochilgan vaqtda sovuq kelsa, asalarilar o‘z ishini bajara olmay, yetarlicha changlantirmaydi va natijada katta maydonlardagi meva daraxtlarii kuchsiz bo‘lib rivojlanadi.
Dorilash va o‘g‘itlash
Daraxtlarning uyg‘onishgacha bo‘lgan davrida kasalliklarga qarshi dorilar sepiladi. Qish mavsumida o‘tgan yildan qolgan zamburug‘li kasalliklar daraxtning noto‘g‘ri kesilgan va shikastlangan joylarida qishlab, bahorga yaqin meva, gul kurtaklariga o‘tadi va hali meva pishmasdan chirishiga olib keladi. Zararkunanda va kasalliklari baʼzida butun hosilni ham nobud qiladi. Yana bir zararli omil, bu yog‘ingarchiliklar. Bahorda sodir bo‘ladigan yog‘ingarchiliklar bilan qo‘shilib maydonlarga turli bakterial kasalliklar keladi. Ular barglarni bujmaytirib, mevani o‘sishdan to‘xtatadi. Yaʼni fotosintez jarayonini sekinlashtiradi.
O‘g‘itlash daraxt holatidan kelib chiqib amalga oshiriladi. Bahor oylarida ko‘proq azotli o‘g‘itlar beriladi. Bu meva hujayralariga bo‘linib, yaxshiroq o‘lchamga kirib olishda asqotadi. Keyinchalik o‘sish sekinlashgani yoki tezlashganiga qarab, temir moddasi beriladi. Aynan sovuq xonalarda yaxshi saqlanishi uchun terimdan keyin kaliy, kalsiy, nitratlar yordamida o‘g‘itlanadi.
Nima uchun intensiv bog‘larga to‘r yopiladi?
Intensiv bog‘lar tepasiga tortiladigan to‘rlarning muhim vazifasi bor. Daraxtlar gullagan vaqtda asalarilar yaxshi ishlashi uchun to‘rlar ochiq bo‘lishi kerak. Changlanish jarayoni tugagach ular yopiladi, sababi meva tugishni boshlaganidan keyin iqlim isiydi, quyosh to‘g‘ridan-to‘g‘ri mevaga tik tushmasligi hamda zararlamasligi kerak. To‘rlar mevaga quyosh tushishini 8% gacha kamaytiradi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: