Kirill alifbosida yuklab olish!
Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan Andijon, Farg‘ona, Namangan viloyatlarida mart oyida yog‘ingarchilikning ko‘p miqdorda bo‘lishi hamda havo haroratining pasayish holatlari kuzatilganda g‘alla parvarishida amalga oshiriladigan agrotexnik tadbirlar bo‘yicha TAVSIYALAR
Respublikamizda iqlimning keskin o‘zgarishi, qish faslining quruq-sovuq kelishi, fevral oyining oxirgi o‘n kunligi va mart oyining II,III dekadalarida yog‘ingarchilik ko‘p bo‘lishi, mart oyining oxirgi o‘n kunligida havoning keskin sovishi g‘allaning o‘sib rivojlanishini bir oz kechiktirmoqda.
Buning natijasida belgilangan agrotexnik tadbirlarni o‘tkazish ya’ni, g‘allani oziqlantirish, begona o‘t hamda kasalliklarga qarshi kurash choralarini maqbul muddatlarda amalga oshirish imkoniyatlari kechikmoqda.
So‘nggi yillarda mart oyining birinchi yarmida respublika hududining katta qismida vaqti-vaqti bilan sovuq tushishi, qor, yomg‘ir yog‘ishi hamda haroratning keskin pasayishi, kuchli yog‘ingarchiliklar ro‘y bermoqda.
Bunday sharoitda, ayniqsa, ertapishar navlar ekilgan g‘alla maydonlari bugungi kunda naychalash fazasiga o‘tgan bo‘lib, bu davrda haroratning keskin sovib ketishi bir qator hosil elementi bo‘lgan naycha ichida boshoq shakllanishiga salbiy tasirini ko‘rsatadi.
Bunday iqlim sharoiti kuzatilganda birinchi navbatda 1-5-aprelgacha azotli o‘g‘itlar bilan bahorgi ikkinchi oziqlantirish ishlarini amalga oshirish zarur. Mintaqaning iqlim sharoitidan kelib chiqib, 25-30-aprelga qadar azotli o‘g‘itlar bilan bahorgi uchinchi oziqlantirish ishlarini amalga oshirish muhim hisoblanadi. Bahor oylarida iqlim sovuq va seryog‘in kelgan yillarda markaziy mintaqalarda va Farg‘ona vodiysi sharoitida rivojlanishdan orqada qolgan hamda erta ekilgan maydonlarda tuproqning haroratini moʻtadillashtirish uchun g‘alla maydonlarida gektariga 5-10 tonna chirigan mahalliy o‘g‘itlarni olib chiqib sepish hamda har bir sug‘orish ishlarini mahalliy o‘g‘itlar bilan sharbat usulida sug‘orish tavsiya etiladi.
Bunday agrotexnik tadbirlar amalga oshirilganda o‘simlik uchun zarur bo‘lgan tuproqdagi haroratni moʻtadillashtirishga va tuproqning makro hamda mikro elementlarga bo‘lgan talabini qondirishga erishiladi.
Bahor oylarining seryog‘in, havo haroratining past bo‘lishida g‘allazorlarda zamburug‘ kasalliklar, zararkunanda hasharotlar va begona o‘tlar keng tarqalishi ko‘p yillik tajribalarda kuzatilgan.
Gʻallazorlarda juda katta zarar keltiruvchi va keng maydonlarda tez tarqaluvchi sariq zang zamburug‘li kasalligi 0 ºC haroratda o‘sishni boshlaydi. Havo harorati 8-13 ºC bo‘lganda o‘simlikning to‘qimalari ichiga kiradi. Yangi sporalar 12-15 ºC haroratda paydo bo‘lib, shamol yordamida tez tarqaladi va kasallik kuchli rivojlanganda g‘alla don hosilining 50-60% kamayishiga olib keladi.
Yog‘ingarchilik ko‘p kuzatilgan davrda g‘allazorlarda uzoq yillardan bo‘yon saqlanib kelayotgan begona o‘tlarning urug‘lari unib chiqishi hamda begona o‘tlarning turlari keng tarqalishi kuzatiladi. Gʻallazorlarda bir yillik bir pallali boshoqli yovvoyi suli, raygres, tulkidum kabi begona o‘tlar ko‘p zarar keltiradi.
Respublikamizda ekilayotgan kuzgi bug‘doy navlarining barchasi sovuqqa chidamli bo‘lib, Krasnodar o‘lkasidan keltirilib ekilayotgan navlar ham iqlim sharoitimizda barcha sinovlardan o‘tkazilib, ekishga ruxsat etilgan. Ekilayotgan boshoqli don ekinlarining 60 foiz maydonida Krasnodar seleksiyasiga mansub hamda 40 foizida issiqqa va sovuqqa chidamli mahalliy kuzgi bug‘doy navlari ekib parvarishlanmoqda.
Respublikada ob-havo seryog‘in bo‘lganda hamda havo haroratining pasayishi kuzatilganda quyidagi tadbirlarni amalga oshirish zarur.
1. Sizot suvlari chuqur joylashgan, toshloq, qumoq maydonlarda yomg‘ir yog‘ayotgan bo‘lishiga qaramasdan g‘allani navbatdagi azotli o‘g‘itlar bilan qo‘l kuchida oziqlantirib, sug‘orishni sharbat usulida amalga oshirish natijasida g‘alla maydonida mikro-iqlim hosil qilinadi. Bu esa o‘z navbatida nihollarning qisqa muddatli sovuqqa chidamliligini oshiradi.
2. Gʻallani barg orqali suspenziya usulida oziqlantirishni o‘suv davri davomida 3-4 marta amalga oshirish o‘zining ijobiy natijalarini berishi tajribalarda o‘z isbotini topgan. Bunda, gumin kislotalarga boy bo‘lgan makro va mikro elementlar bilan boyitilgan bioo‘g‘itlar bilan oziqlantirish tavsiya etiladi. Bioo‘g‘it preparatlardan Geo-Gumat 1 l/ga, UzGumi, Gumimaks 0.5 l/ga, Agrozim, Baykal-M, Kristalon yara (NPK) va boshqa bioo‘g‘itlar bilan belgilangan me’yorlarda ishlov berish o‘zining ijobiy natijasini beradi.
3. Zamburug‘li kasalliklarning tarqalishini oldini olish hamda kasallik kuzatiladigan maydonlarda qarshi kurash choralarini olib borish uchun Davlat kimyo komissiyasi tomonidan ruxsat etilgan quyidagi kimyoviy vositalar bilan ishlov berish tavsiya etiladi. Tarkibida ta’sir etish moddasi Propikanazol 250 g/l + Siprokonazol hamda Tebukonazol 500 g/l bo‘lgan preparatlar bilan 200-300 litr ishchi eritma hisobida ishlov berish tavsiya etiladi.
4. Gʻallazorlarda eng katta zarar keltiruvchi bir yillik boshoqdoshlar oyilasiga mansub (yovoyi suli, raygres, tulkidum) begona o‘tlarga qarshi havo harorati +17+20 ºC bo‘lganda, AGRO-PIK 8% em.k. 0,3-0,4 l/ga, ENTOPIK SUPER k.e. 0,15 l/ga, OXIAL PRO 10% EC 1,0 l/ga, PROPIC 24% EC 0,15 l/ga kabi gerbisidlar bilan 200-300 litr ishchi eritma hisobida ishlov berish tavsiya etiladi.
5. Gʻallazorlarda eng ko‘p tarqaladigan bir va ko‘p yillik ikki palali begona o‘tlarga qarshi havo harorati +17+20 ºC bo‘lganda, bir yillik ikki pallali begona o‘tlarga qarshi AZANSTAR 75 v.d.g. 20 gr/ga FINITO 750 v.d.g. 20 gr/ga, Yevrostar 75% v.d.g. 20 gr/ga, Zarstar v.d.g. 20 gr/ga, Tristar v.d.g. 20 gr/ga, Entostar v.d.g. 20 gr/ga xamda ko‘p yillik ikki pallali begona o‘tlarga qarshi Vinstar Plyus 75% v.r.g. 30 gr/ga, Entostar plyus v.d.g. 30 gr/ga, Zarstar plyus v.d.g. 30 gr/ga. Prostar 75% v.d.g. 30 gr/ga preparatlar bilan 200-300 litr ishchi eritma hisobida ishlov berish tavsiya etiladi.
Yuqorida keltirilgan agrotexnika chora-tadbirlar respublikaning har bir mintaqasi tuproq-iqlim sharoiti va g‘allaning rivojlanish fazalarini hisobga olgan holda amalga oshirilishi bugungi respublikada kuzatilayotgan iqlim o‘zgarishlarining salbiy ta’sirini bartaraf etadi va g‘alladan yuqori va sifatli hosil yetishtirishga zamin yaratadi.
O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi, Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti mutaxassislarining tavsiyalari asosida tayyorlandi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: