Bog‘larda hosil yig‘ilganidan keyin mevali daraxtlarning to‘kilgan barglarida turli kasallik va zararkunandalarning yuqumlari saqlanib qolishi mumkin. Shu bois bog‘lar qator oralarining tuprog‘i ag‘darilib haydaladi. Kasallangan, singan shoxlar, qurib qolgan daraxtlar qirqiladi va bog‘ tashqarisiga chiqarib tashlanadi.
Daraxtlarning atrofi 25-30 sm chuqurlikda ag‘darib chopilib, yovvoyi o‘t va ajriqlar bog‘dan olib chiqilib yo‘q qilinishi kerak. Olma, nok, behi kabi urug‘li meva daraxtlarining shox-shabbalari kesib tashlanib, bog‘dan olib chiqiladi. Bog‘larda hazonrezgidan so‘ng barglar to‘liq tushib ketgach, tuproqdagi namlikni saqlash maqsadida birinchi chilla suvi beriladi. Bu daraxtlarni sovuqdan saqlashga yordam beradi, qolaversa, ildiz tizimi uchun ham foydali.
Ob-havo sharoitiga qarab daraxtlar bargi yoppasiga to‘kilgan bo‘lsa, bog‘larni monilioz, parsha kabi kasalliklarga qarshi yuvish darajasida Bordo suyuqligi va oltingugurt qaynatmasi bilan jiqqa xo‘llab purkash ishlarini olib borish zarur.
Bog‘larda barcha meva daraxtlari, birinchi galda shaftoli, o‘rik, olxo‘ri, gilos daraxtlarining tana va ona shoxlarini oqlash zarur. Ohakka mol shatmog‘i qo‘shilsa, tez yuvilib ketmaydi.
Kelasi yili ham bog‘lardan yuqori hosil olish uchun hosilli bog‘ va tokzorlarga go‘ng, mineral o‘g‘itlar solinib, bog‘lar qator oralari 45-50 sm, tokzorlar 25-35 sm chuqurlikda shudgor qilinishi kerak.
Respublikamizda noyabr oyidan yangi bog‘lar tashkil qilishga kirishiladi. Mevali daraxtlarning ko‘chatlari uch xil payvandtaglarga, yaʼni pakana payvandtagda past bo‘lib o‘suvchi, o‘rta o‘suvchi payvandtagda va kuchli o‘suvchi (urug‘dan) payvandtaglarda ko‘paytiriladi. Bog‘ maydonini tanlashda yerning unumdorligi, yer osti sizot suvining yaqinligi, maydonning nishabligi, sug‘orish uchun suv bilan yaxshi taʼminlanganligi, maydon atrofida zovurlar va ihota ekinlarining mavjudligiga ahamiyat berish kerak.
Yangi ekiladigan ko‘chatlarni ekish uchun ko‘chatzorlardan ekish maydoniga olib borishda ko‘chatlarning ildiz qismi shamollamasligi uchun poxol, brezent yoki polietilen plyonka bilan yopib qo‘yish zarur. Yangi bog‘lar barpo etishni kuzda birinchi sovuq tushgunga qadar tugallash kerak. Imkon darajasida yangi ekilgan ko‘chatlar atrofiga chirigan go‘ng solib, mulchalab qo‘yilsa, yangi nihollarning ildizlari sovuqdan himoya qilinib, bahorda yaxshi ko‘karib tez o‘sadi.
Tokzorlarda oktyabr oyida boshlangan tok tuplariga shakl berib qirqish, qo‘ndoqlash va ko‘mish ishlari yakunlanadi. Tokzorlar ko‘mib bo‘lingach, qator oralari 25-30 sm chuqurlikda haydalib, kelasi yili tokzorlardan yuqori va sifatli hosil olish maqsadida tokzorlar oziqlantiriladi. Organik va mineral o‘g‘itlar solinib, yaxob suvi bilan sug‘oriladi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: