Sayt test rejimida ishlamoqda!
Ishonch telefoni: 1243
Devonxona: 71 206-70-30

Ertagi ekinlarni ekish usullari

AGRO.UZ > Ertagi ekinlarni ekish usullari
AGRO.UZ > Ertagi ekinlarni ekish usullari

Ertagi ekinlarni ekish usullari

Ertagi sabzavotlarning bir qismini dastlabki o‘suv davrida shaffof plyonka ostida parvarishlash nihollarning barvaqt barpo bo‘lishi va hosili oddiy usulga nisbatan kamida 15-20 kun erta pishib yetilishini ta’minlaydi.

Ko‘chati orqali ko‘p yetishtiriladigan issiqsevar sabzavotlardan pomidor, shirinqalampir, baqlajon ekinlarini ko‘chat qilish ishlari  ko‘chatxonalarda davom ettiriladi. Nihollar 2-3 ta barg chiqarganda orasi 5×6 sm qilib ko‘chirib o‘tqaziladi. Ko‘chirib o‘tqazilgan ko‘chatlar 10-12 kundan so‘ng o‘g‘itlar yordamida birinchi oziqlantiriladi. 6-7 kundan keyin ikkinchi marotaba ko‘paytirib oziqlantiriladi. Uchinchi oziqlantirish ko‘chatlarni ochiq dalaga ekishdan 4-5 kun oldin amalga oshiriladi.

KO‘CHATLARNI TANLASH

Ko‘chatlarni parvarishlashda ko‘chatxona harorati va tuproq namligiga katta e’tibor qaratish lozim. Ko‘chatxonada havo harorati yuqori bo‘lsa, tuproqdagi namlik tez bug‘lanib ketishi mumkin.

Mamlakatimizning markaziy mintaqasida joylashgan viloyatlardagi sabzavotchilik xo‘jaliklarida ertagi ekinlarni ekish 20 fevraldan 20 martgacha, janubiy mintaqalarda bu muddatdan 15-20 kun ilgariroq, shimolliy mintaqalarda esa 15-20 kun keyinroq amalga oshiriladi. Bu muddatda karam ko‘chatlari, piyoz, sabzi, redis, ko‘kat sabzavotlar (ukrop, kashnich, petrushka, salat) urug‘lari hamda urug‘lik kartoshka tuganaklari ekiladi. Plyonka ostiga urug‘ ekish va ko‘chat o‘tqazish ochiq yerdagiga nisbatan ancha ertaroq boshlanadi. Pomidor, shirinqalampir va baqlajon singari issiqsevar o‘simlik ko‘chatlarini ekish martning 2-yarmidan boshlanadi.

Dalaga ekish uchun 40-45 kunlik, barglari to‘q yashil, ildizlari durkun rivojlangan, sog‘lom ko‘chatlar tanlab olinib, 70×25 (30) sm sxemada ekiladi. Ko‘chatlar ekib bo‘lingandan so‘ng tuproq namligiga e’tibor qaratish, talab etilsa sug‘orish lozim. Oradan 2-3 kun o‘tgach egatlar ko‘zdan kechirilib, xato joylarga ko‘chat ekiladi. Egatlarning oralarini 15-16 sm chuqurlikda kultivatsiya qilinib, o‘simliklar atrofi yumshatiladi, ma’danli o‘g‘itlar bilan oziqlantiriladi va sug‘oriladi.

SABZAVOTLARNI EKISH

Ertagi piyoz 2-3 marta, dastlab o‘simliklarning bo‘yi 6-8 smga yetganda, ikkinchi marta bog‘lab chiqariladigan tovar holiga kelganda o‘toq va yagana qilinadi. Qator oralarini yumshatish va begona o‘tlarni yo‘qotish maqsadida 15-16 sm chuqurlikda ishlov beriladi.

Parvarishlash jarayonidagi eng muhim masalalardan biri bu – nihollarni bir tekis undirib olish hisoblanadi. Namlik maromida bo‘lganda nihollar 10-12 kunda unib chiqadi. Nihollar unib chiqishi bilan darhol begona o‘tlarni o‘tash va yaganalashga kirishish lozim. Sabzi ikki marta o‘taladi: dastlabkisi sabzi bitta chinbarg chiqarganda, keyingisi esa 3-4 ta barg chiqarganda. Har o‘toq davomida yagana ham qilib boriladi. Begona o‘tlarni yo‘qotish uchun gerbitsidlardan foydalanish qo‘l keladi.

Pomidor, shirinqalampir va baqlajonni urug‘idan yetishtirish uchun urug‘larini ochiq maydonlarga ekish ishlari ob-havo sharoitiga qarab mart oyining 3-dekadasida amalga oshiriladi.  Buning uchun maydonlarni tayyorlash ishlari o‘ta sifatli bajarilishi lozim. Kuz oylarida 30-40 sm chuqurlikda shudgor qilingan maydonlar mart oyida ikki marta chizellanadi va molalanadi. Shundan so‘ng 70 sm oralig‘ida kultivatorlar yordamida egat olinadi.

Egat olingandan so‘ng uning ustiga chirindi va fosfor-kaliy o‘g‘itlari aralashmasi lenta usulida to‘shab chiqiladi. Bu aralashma egat to‘g‘rilanganda tuproq bilan qorishib ketadi. Egatlar eni 50 sm kenglikdagi qora polietilen plyonka bilan mulchalanadi. Plyonkaning har ikki tarafidan 10 sm qismi tuproq bilan yopiladi. Plyonkaning eng yuzasidagi ochiq qismini simmetriyasidan har 25-30 sm oraliqda 2-2,5 sm kenglikda teshilib 1,5-2 sm chuqurlikda pomidor, shirinqalampir va baqlajon urug‘lari ekiladi. Qora plyonka ostiga ekilgan urug‘lar erta va to‘liq unib chiqadi. Plyonka ostida bir yillik begona o‘tlarning unib chiqishi va o‘sib-rivojlanishi to‘xtaydi, tuproq yumshoq va nam holda saqlanadi. Ushbu usul qo‘llanilganda o‘simliklarning ildiz qismi baquvvat bo‘lib rivojlanadi, tuproqning chuqurroq qatlamigacha o‘sib borishi ta’minlanadi.

Erta kartoshkadan yaxshi hosil olish uchun kerakli miqdorda mahalliy go‘ng, azot, fosfor o‘g‘iti sof holda solinadi. Bunda organik o‘g‘itning hammasi va fosforli, kaliyli o‘g‘itlarning 70 foizi haydovda berish, fosfor, kaliy o‘g‘itlarining qolgan qismi hamda azotning 50 foizi kartoshka unib chiqqandan so‘ng birinchi ishlovda, azotning qolgan qismi gullashdan oldin beriladi. O‘suv davrida sizot suvlari chuqur joylashgan yerlarda 7-8 marta sug‘oriladi. Sug‘orish har haftada bir marta, hosil tuganaklari paydo bo‘lishi bilan 5-6 kunda gektariga 400-500 m3  hisobida amalga oshiriladi. Har ikki sug‘orish oralig‘ida qator oralari 10-12 sm chuqurlikda yumshatiladi. Bu tadbir kultivator bilan kartoshka shonalaguncha amalga oshiriladi.

Ertagi muddatda barvaqt ekilib, o‘suv davridagi barcha agrotexnika tadbirlari o‘z vaqtida amalga oshirilgan maydonlardagi kartoshka hosili ham erta yetilib, yig‘ishtirib olinadi. Ushbu maydonlarni o‘z vaqtida qayta ekishga tayyorlab, takroriy sabzavot ekinlarini qulay muddatlarda ekib, ulardan mo‘l hosil yetishtirishga erishiladi.

Agar siz imlo xatolarini topsangiz, iltimos, matnni tanlab, Ctrl+Enter tugmalarini bosib bizga xabar bering

Imlo xatolari haqida hisobot

Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: