Sayt test rejimida ishlamoqda!
Ishonch telefoni: 1243
Devonxona: 71 206-70-30

Yasmiq

AGRO.UZ > Yasmiq
AGRO.UZ > Yasmiq

Yasmiq – 5-50 sm balandlikdagi bir yillik o‘simlik. Uning poyasi ingichka 4 qirrali asosan tik, baʼzida esa yotib o‘suvchi, mayda tukli, qizg‘ish rangli va ildizi kam shoxlanuvchi o‘q ildizdan iborat. Barglari murakkab, qo‘sh qanotli, pastkisi 2-3, yuqorisidagi 4-8 juftli. Bargchalari oval shaklda.Yasmiq o‘z-o‘zidan changlanuvchi o‘simlik, lekin tabiiy sharoitda duragaylari ham uchrab turadi. Bu holatni asosan qurg‘oqchilik davrlarida kuzatish mumkin. Gul kosachasi kapalaksimon shakldagi 5 ta tojbargdan iborat: yelkancha, 2 ta bargchadan paydo bo‘lgan 2 ta qanot va qayiqcha. Changchilari 10 dona, bittasi erkin, onaligi boshidan oxirigacha yapaloq shaklda, egilgan va tukli. Tumshuqchasi kichkina.  Yasmiqning turli shakl va navlarida o‘sish davri 60 kundan 110 kungacha o‘zgaradi.

Yasmiq issiqsevar o‘simlik bo‘lib, uning urug‘i 3-4°С haroratda o‘sa boshlaydi, lekin tez va qiyg‘os maysa olish uchun tuproqning 10 sm li qatlamidagi harorat 7-10°С darajada bo‘lishi kerak. Yasmiqning urug‘i havo harorati 12-15°С bo‘lganda 6-7 kunda, 9-11°С bo‘lganda 8-9 kunda, 7-8°С bo‘lganda 10-12 kunda, 5-6°С bo‘lganda 13-15 kunda unib chiqadi. Yasmiqning maysalari qisqa muddatli -5-6°С sovuqqa bardoshli, lekin o‘sish davrining keyingi bosqichlarida bu xususiyati kamayib boradi. O‘simlik unib chiqqandan gullash davrigacha namlikka talabchan bo‘lishi kuzatiladi va o‘simlik gullashidan urug‘larning pishib yetilishigacha bo‘lgan davrda esa qurg‘oqchilikka bardoshli bo‘lib, namlikka talab kamayadi. Yasmiq qora, bo‘z va o‘tloqi tuproqlarning qumoq va qumloq yengil mexanik tarkibli tuproqlarida yuqori hosil beradi. Kuzgi yasmiqni kuzgi boshoqli don ekinlaridan – kartoshka, makkajo‘xori, qand lavlagidan keyin ekish yaxshi samara beradi. Dukkakli o‘simliklar ekilgan maydonlarga ekish tavsiya qilinmaydi.

Hozirgi kunda O‘zbekistonda yasmiqning 3 navi yetishtiriladi.

Yasmiq navlari

Nav originatori: Sug‘oriladigan yerlarda don va don dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti seleksion navi.

Nav mualliflari: Mannapova M, Egamov I, Yakubov Z, Sattarova Sh.

Nav yirik urug‘li, 1000 dona don vazni 85,0 g. Poyasi yig‘iq. O‘simlik bo‘yi o‘rtacha 35-48 sm. Poyada birinchi dukkaklar joylashishi 18-22 sm. Mexanizm bilan o‘rishga yaroqli.

O‘rtacha hosildorlik: 23,3 s/ga. Vegetatsiya davri kuzgi muddatda o‘rtacha 132-148 kun. Bahorgi muddatda 80-90 kun. Navning dukkaklari ochilib ketishiga va to‘kilishga chidamliligi 4,5-5,0 ball. Oqsil miqdori 28,0-31,0%. Sinov yillarida qishloq xo‘jalik kasalliklari bilan zararlanmadi.

2008-yildan Respublika bo‘yicha Davlat reyestriga kiritilgan.

Mamlakatimiz hududida barcha viloyatlarida ekish uchun tavsiya qilingan.

Nav originatori: Sug‘oriladigan yerlarda don va don dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti G‘allaorol filiali seleksion navi.

Nav mualliflari: Ergashev N, Rustamov S, Malxotra, Kurbonova Sh.

Nav mayda urug‘li. 1000 dona urug‘ vazni 53,6 g. Poyasi yig‘iq. O‘simlik bo‘yi o‘rtacha 32-56 sm. Poyada birinchi dukkaklar joylashishi 20,5 sm. Mexanizm bilan o‘rishga yaroqli.

O‘rtacha hosildorlik: 5,1 s/ga, yuqori hosildorlik 12,0-13,0 s/ga. Vegetatsiya davri o‘rtacha 78 kun. Navning dukkaklari ochilib ketishiga va to‘kilishga chidamliligi 4,5-5,0 ball. Oqsil miqdori 22,1-23,0 %. Sinov yillarida qishloq xo‘jalik kasalliklari bilan zararlanmadi.

2008-yildan Respublika bo‘yicha lalmikor yerlarda ekish uchun Davlat reyestriga kiritilgan.

Mamlakatimiz hududida barcha viloyatlarida ekish uchun tavsiya qilingan.

Nav originatori: Don va don dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti seleksion navi.

Nav mualliflari: Mannapova M, Yakubov Z, Ashitosh S.

Navning kelib chiqishi: Ikarda xalqaro ilmiy markazi namunalaridan olingan. O‘simlik bo‘yi o‘rtacha 45 sm. Urug‘i o‘rtacha yiriklikda, 1000 dona urug‘ vazni o‘rtacha 80,0 g. Vegetatsiya davri 189 kun. Bir tupda o‘rtacha dukkaklar soni 43 ta, dukkaklarda umumiy don soni 48 ta.

O‘rtacha hosildorlik: 28,9 s/ga.

2017-yilda Davlat reyestriga kiritilgan.

Mamlakatimiz hududida Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlarida ekish uchun tavsiya qilingan.

Agar siz imlo xatolarini topsangiz, iltimos, matnni tanlab, Ctrl+Enter tugmalarini bosib bizga xabar bering

Imlo xatolari haqida hisobot

Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: