Suli – boshoqdoshlarga mansub bir yillik va ko‘p yillik o‘simliklar turkumi; g‘alla ekini. Poyasi tik o‘sadi. Bo‘yi 50–120 sm. Bargi 3–5 mm. Mevasi – don, ko‘pchilik navlarida qobiqli (qobiqsiz shakllari ham bor). Suli namsevar, lekin issiqqa uncha talabchan emas. Urug‘i past harorat (4–5°С)da unib chiqadi. O‘zidan changlanadi. Harorat 16–22°С bo‘lganida yaxshi o‘sib-rivojlanadi. O‘suv davri 80–110 kun. Kuzda ekiladigan xili bor. Suli doni tarkibida o‘rtacha 13,3% protein, 4,7% moy, 40,1% kraxmal, 13,2% kletchatka, 4,0% kul, V guruhi vitaminlari bor. Suli donidan har xil yormalar va un tayyorlanadi.
Suli urug‘i dukkakli don ekinlaridan bo‘shagan yerlarga ekiladi. Yer o‘tmishdosh ekinlarning qoldiqlari va begona o‘tlardan tozalangach, 25–27 sm chuqurlikda yumshatilib, tekislanadi. Suli oraliq ekin sifatida oktabr oyida yoppasiga qatorlab ekiladi, qator orasi 15 sm bo‘ladi. 10 sotix joyga 0,8–1 kg urug‘ ekiladi. Ekish chuqurligi 5–7 sm bo‘ladi. Kuzgi amal davrida 1–2 marta sug‘oriladi. Bahorgi amal davrida 1–2 marta sug‘orilib, o‘toq qilinadi. Suli ko‘kat uchun ro‘vaklash-gullash davrida o‘riladi. Don uchun esa to‘la yetilganda o‘riladi, yanchiladi, tozalanadi.
Hozirgi kunda O‘zbekistonda sulining 4 navi yetishtiriladi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: