Birlashgan Millatlar Tashkiloti Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotiga (FAO) ko‘ra, bugungi kunda dunyo bo‘yicha 324,5 mln gektar maydonda 21 turdagi 1 101 mln tonna moyli ekinlar yetishtiriladi. Ulardan asosiylarini palma, soya doni, paxta chigiti, raps urug‘i va kokos o‘simliklari tashkil etadi. Bugungi kunda respublikamizda aholining moyga va chorvachilik tarmog‘ini shrotga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida urug‘ida ko‘p miqdorda moy saqlovchi moyli o‘simliklardan kungaboqar, kunjut, soya, maxsar, zig‘ir, raps kabi ekinlar yetishtirib kelinmoqda.
Soya
Soyaning vatani Janubi-Sharqiy Osiyo hisoblanadi va miloddan avvalgi 1 100-yillarda xitoylik fermerlar tomonidan madaniylashtirilgan.
Soya o‘simligi 1870-yilda Qozog‘iston hududiga u yerga ko‘chib kelgan Sharqiy xitoyliklar bilan kirib kelgan bo‘lsa, O‘zbekiston hududida birinchi marta 1967-yildan ekilgan. Soya inson va hayvonlar isteʼmol oqsilining muhim manbaiga aylanib ulgurgan muhim qishloq xo‘jaligi ekinlaridan biri hisoblanib, statistik tahlillarga ko‘ra bugungi kunda dunyo bo‘yicha yetishtirilgan soyaning 85 foizi chorva ozuqasiga va qolgan 15 foizi bevosita inson isteʼmoli uchun yo‘naltiriladi.
Soya doni tarkibida katta miqdorda oqsil va moy mavjud, bundan tashqari mineral va vitaminlarga juda boy hisoblanadi. Urug‘ining tarkibida 18-24% yog‘, 35-45% oqsil, 30% uglevod va 5% mineral, ko‘p miqdorda vitamin va aminokislotalar mavjud.
Bundan tashqari, chorvachilikda sifatli va to‘yimli ozuqa hisoblanib, 100 kg soya doni 134,8 ozuqa birligi saqlaydi. Bu ko‘rsatkich boshqa bironta donli, dukkakli yoki moyli ekinlarda uchramaydi.
Eng muhimi soya yetishtirish yerning meliorativ holatini yaxshilash va tuproq unumdorligini oshirish xususiyatiga ega bo‘lib, almashlab ekishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Dunyo bo‘yicha har yili o‘rtacha 334 mln tonna soya yetishtiriladi, shundan Braziliya (114 mln tn), AQSH (97 mln tn) va Argentinaning (55 mln tn) ulushi qariyib 80 foizni tashkil etadi.
Oxirgi yillarda soya doniga bo‘lgan talabning oshishi uning ishlab chiqarish hajmlari dunyo bo‘yicha so‘nggi 30 yilda 3 barobar yoki 108 mln tonnadan 334 mln tonnaga ko‘paygan.
Shu o‘rinda o‘simlik asosidagi go‘sht mahsulotlari ishlab chiqarish haqida aytib o‘tmaslikning iloji yo‘q. 2020-yilda mazkur bozorning qiymati 8,6 mlrd dollarga yetdi.
Bugun bir qator yirik oziq-ovqat kompaniyalari o‘z mahsulot portfelini kengaytirish uchun vegeterian go‘sht ishlab chiqaruvchi startaplar bilan strategik hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqdalar.
Ulardan eng ilg‘orlari Amy‘s Kitchen, Inc. (AQSH), Beyond Meat (AQSH), Boca Foods Company (AQSH), Gardein Protein International, Inc. (Kanada), Quorn Foods (Buyuk Britaniya) kabilar allaqachon o‘zining minglab mijozlariga ega.
Kunjut
Arxeologik topilmalar kunjutning asl vatani hozirgi Pokiston hududlari ekanligini ko‘rsatadi. Shu o‘rinda bir haqiqat, kunjut yog‘i omega-3 va omega-6 yog‘ kislotalariga boy bo‘lib, turli kasalliklar xususan yurak va saraton xastaliklari oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bundan tashqari immunitetni mustahkamlaydi.
Dunyo bo‘yicha har yili o‘rtacha 6,5 mln tonna kunjut yetishtiriladi.
Bugun kunjut janubiy Osiyo va Afrika mamlakatlarida katta maydonlarda, asosan Sudan (1,2 mln tn), Myanma (744 ming tn), Hindiston (689 ming tn) va Tanzaniya (680 ming tn) mamlakatlarida deyarli 50 foiz mahsulot yetishtiriladi.
Dunyo bo‘yicha eksport miqdori 3,3 mlrd AQSH dollarini tashkil etib, uning asosiy ulushi Sudan (14,8%-463 mln doll.), Hindiston (14,3%-449 mln doll.), Efiopiya (10%-312 mln doll.), Myanma (9,6%-300 mln doll.) davlatlariga to‘g‘ri keladi.
Yana bir fakt, Sudan davlati jami eksport hajmining 45 foizi kunjutga to‘g‘ri keladi.
Kunjutning bugungi kundagi import miqdori dunyo bo‘yicha 2,1 mln tonna va qiymati 3,5 mlrd AQSH dollarini tashkil etib, asosiy bozori Xitoy (847 ming tn), Yaponiya (186 ming tn), Turkiya (184 ming tn), Koreya (76,7 ming tn), Saudiya Arabistoni (73 ming tn) hamda Yevropa mamlakatlari (168 ming tn) hisoblanadi.
Oziq-ovqat, farmatsevtika hamda kosmetika sanoatining kunjutga bo‘lgan talabining yildan yilga oshib borishi, bugun uning ishlab chiqarish hajmlari dunyo bo‘yicha 1990-yillarga solishtirganda qariyb 3 barobar yoki 2,3 mln tonnadan 6,5 mln tonnaga ko‘payishga olib keldi.
Kungaboqar
Kungaboqar yangi dunyo o‘simligi hisoblanib, bundan 4000 yil oldin Sharqiy Shimoliy Amerikaning tub aholisi tomonidan madaniylashtirilgan.
Bu jarayon orqali u ko‘p shoxli va savatchali hamda mayda urug‘li o‘simlikdan, tarkibida ko‘p miqdorda yog‘ saqlovchi yirik savatchali shoxsiz ekinga aylantirilgan.
Dunyoda har yili o‘rtacha 56 mln tonnaga yaqin kungaboqar yetishtiriladi. Eng yirik kungaboqar yetishtiruvchi mamlakatlarga Rossiya federatsiyasi (15,4 mln), Ukraina (15,4 mln tn), Argentina (3,8 mln tn) hamda Ruminiya (3,6 mln tn) mamlakatlari kirib, mazkur davlatlarning jaxon kungaboqar ishlab chiqarishidagi ulushi 68 foizni tashkil etmoqda.
Bugungi kunda jahon bozoridagi kungaboqar donining importi 7,1 mln tonnani, eksporti esa 7,3 mln tonnani tashkil etadi.
Sohadagi mavjud muammo va kamchiliklar:
Mazkur korxonalarning 23 tasi yirik hisoblanib, respublika bo‘yicha mavjud jami qayta ishlash quvvatlarining 80-85 foizini tashkil etadi. Bu korxonalar 30-40 yil oldin ochilgan bo‘lib, bugungi kunda iqtisodiy samarasiz hamda mavjud jihozlari maʼnaviy eskirgan hisoblanadi.
Shuningdek, bugun ushbu qayta ishlash korxonalari 30-40 foiz quvvatda ishlamoqda.
Jumladan, 2020-yilda faoliyat yuritayotgan qayta ishlash korxonalari tomonidan 240 ming tonna o‘simlik moyi ishlab chiqarilgan.
Bu esa aholining o‘simlik yog‘iga bo‘lgan talabini import hisobidan qoplashga to‘g‘ri kelmoqda.
Birgina misol, davlat reyestiriga zig‘irning 2 ta, shundan 1986-yilda “Baxmalskiy 2” va 2015-yilda “Baxorikor” navlari kiritilgan bo‘lib, bu navlar Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand va Surxondaryo viloyatlariga ekish uchun tavsiya qilingan.
Respublikada qayta ishlash korxonalar tomonidan ishlab chiqilgan soya shroti yetishmaganligi sababli asosan chet davlatlaridan valyuta hisobiga olib kelinmoqda.
Birgina 2020-yilda 5,8 mln dollarlik 14,4 ming tonna soya doni va 103,3 mln dollarlik 206,3 ming tonna soya shroti import qilingan.
Respublikada aholining o‘simlik yog‘iga bo‘lgan talabini qondirish hamda sohani rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar:
Aholini oziq-ovqat mahsulotlari, jumladan o‘simlik yog‘i bilan barqaror taʼminlash, mamlakatda yetishtirilayotgan moyli ekinlar, xususan soya, kungaboqar, kunjut, masxar va zig‘ir doni hisobiga qayta ishlash va eksport hajmlarini yana-da oshirish va importni kamaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Aholi isteʼmoli va chorvachilik tarmoqlari uchun respublika bo‘yicha 580-600 ming tonna o‘simlik yog‘i talab etiladi.
Shundan 460 ming tonna aholi isteʼmoli (aholi jon boshiga 13,1 kg/yil, JSST) uchun sarflansa, qolgan qismi chorvachilik tarmoqlari tomonidan ishlatiladi.
Qayta ishlash korxonalarini xomashyo bilan taʼminlash maqsadida joriy yilda jami 324,4 ming tonna (2020-yilga nisbatan 314%) moyli ekinlar mahsulotlari, jumladan 66,1 ming tonna soya, 187,9 ming tonna kungaboqar, 55,3 ming tonna kunjut va 15,0 ming tonna zig‘ir va maxsar mahsulotlari yetishtirildi.
Ushbu mahsulotlarni yetishtirish uchun fermer va qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan jami 274,0 ming yoki o‘tgan yilga nisbatan 170 ming gektar ko‘p moyli ekinlar ekilib, parvarishlandi.
Jumladan, asosiy maydonlarga jami 124,7 ming gektar, shundan 51,3 ming gektar soya, 41,8 ming gektar kungaboqar va 31,6 ming gektar kunjut ekinlari;
g‘o‘za qator oralariga hamkor ekin sifatida 73,1 ming gektar soya hamda bog‘-tok qator oralaridan samarali foydalanish maqsadida ular orasiga jami 10,3 ming gektar moyli, shundan, 7,2 ming gektar kungaboqar, 1,9 ming gektar kunjut va 1,2 ming gektar maxsar ekinlari;
lalmi maydonlarda 21,4 ming gektar, shundan 16,3 ming gektarda maxsar va 5,1 ming gektarda zig‘ir;
g‘alladan bo‘shagan takroriy maydonlarga jami 44,3 ming gektar, jumladan, 33,9 ming gektar kungaboqar va 10,4 ming gektar kunjut ekinlari ekib parvarishlandi.
Shuningdek, har yili o‘rta hisobda isteʼmol va boshqa maqsadlar uchun 350 ming tonna yog‘ import qilinmoqda, shundan 220 ming tonna kungaboqar va 6 ming tonna paxta yog‘i tashkil etadi.
Respublikada moyli ekinlar sohasini rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 4-maydagi “Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 275-son qaroriga asosan Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti huzurida «Moyli ekinlar seleksiyasi, urug‘chiligi va agrotexnologiyasi» o‘quv-ilmiy markazi tashkil etildi.
Oxirgi uch yilda Respublikada faoliyat yuritayotgan ilmiy tadqiqot muassasalari va soha olimlari tomonidan 21 turdagi moyli ekinlarning respublikaning turli tuproq-iqlim sharoitlariga mos navlari yaratilib, davlat reyestriga kiritildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 11-dekabrdagi “Qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yana-da jadal tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4919-son hamda Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 23-fevraldagi “Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarining suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha xarajatlarining bir qismini qoplash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 95-son qarorlari bilan suv tejovchi texnologiyalar o‘rnatilgan moyli ekinlar maydonlarining har bir gektari uchun tomchilatib sug‘orish va keng qamrovli sug‘orish tizimlari uchun 2,5 mln so‘mdan, “Sprinkler” va mobil sug‘orish tizimlari uchun 2,0 mln so‘mdan hamda lazerli tekislagichlar bilan ishlov berilgan maydonlar uchun 1,0 mln so‘mdan bir martalik subsidiya mablag‘lari to‘lab beriladi.
Mazkur qarorlarga asosan 2021-yilda Buxoro, Jizzax, Navoiy, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida moyli ekinlar maydonlarida 81 gektar maydonlarga suvni tejaydigan texnologiyalar joriy etildi va suv tejovchi texnologiyalar joriy etishda sarflangan xarajatlarning bir qismi qoplab berildi.
Joriy yilda g‘o‘za qator oralaridan samarali foydalanish, iqtisodiy samaradorlikka erishish va tuproq unumdorligini tabiiy oshirish maqsadida, qator orasiga hamkor ekin sifatida ilk marotaba katta maydonlarda soya ekilib, parvarish qilindi.
Jumladan, g‘o‘za va soya ekinini hamkor ekin sifatida yetishtirishda ularni bir vaqtning o‘zida g‘o‘za qator orasiga mexanizatsiyalashtirilgan holda ekishni tashkil etish maqsadida “O‘zagroservis” AJ va Qo‘qon mexanika zavodlari tomonidan ekish seyalkalari va qator oralariga ishlov berish agregatlarini moslashtirish yo‘lga qo‘yildi.
Shu maqsadda jami 576 ta ekish seyalkalari va qator oralariga ishlov berish agregatlari moslashtirildi.
Bunda, hamkor ekin sifatida soya ekishda yakka qatorlarda (60, 76, 90 sm ekish sxemasida) o‘simlikdan 15 sm uzoqlikda va qo‘shqator usulida esa qatorlarning bittasiga soya urug‘ini ekish sxemasi yaratildi.
Mazkur agregatlarning ishlash mexanizmi hamda g‘o‘za qator oralariga soya yetishtirish agrotexnikasi bo‘yicha Andijon, Farg‘ona, Namangan va Toshkent viloyatlarida klasterlar, kooperatsiyalar, fermer xo‘jaliklari rahbarlari va soha olimlari ishtirokida dala ko‘rgazmali seminarlar tashkil etildi.
Shuningdek, soha olim va mutaxassislari tomonidan g‘o‘za qator oralariga hamkor ekin sifatida soya yetishtirish agrotexnologiyasi bo‘yicha tavsiyaviy qo‘llanma ishlab chiqilib, mahsulot yetishtiruvchilarga yetkazib berildi.
Rossiya Federatsiyasining soya seleksiyasi, urug‘chiligi va agrotexnologiyalarida yetakchi hisoblangan “Soko” kompaniyasi mutaxassislari Sluxov Aleksandr va Kalashnikov Dmitriy hamda “Russkoye pole” kompaniyasi bosh direktori Sergey Beschastniy va V.S.Pustovoyt nomidagi Umumrossiya moyli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti boshqarma boshlig‘i Artyom Lukomeslar vazirlik hamda Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti xodimlari bilan birgalikda joylarga chiqqan holda soya ekilgan maydonlarda fermer xo‘jaliklari ishtirokida seminarlar o‘tkazilib, o‘zlarining taklif va tavsiyalarini berdi.
G‘o‘za qator oralariga hamkor ekin sifatida ekiladigan soyaning vegetatsiya va pishib yetilish davridan kelib chiqib, Rossiya Federatsiyasidan 4,3 ming tonna “Chera 1”, “Pamyati Fadeyeva”, “Protina”, “Sireliya”, “Pripyat”, “OAK Prudens”, “SP Optima”, “YES Mentor”, “Olimpiya”, “Selena”, “Slaviya”, “Solena”, “SK Veda”, “Chara”, “SK Riana”, “Arleta” va “Sparta” navlarining yuqori avlodli urug‘liklari olib kelinib, soya yetishtiruvchilarga yetkazib berildi.
Shuningdek, joriy yilning 26-29-iyul kunlari AQSHning xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) bilan hamkorlikda “O‘zbekistonda agrobiznesni rivojlantirish” loyihasi doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatlarida “Kunjut yetishtirishning samarali usullari” mavzusida seminar-trening tashkil etildi.
Mazkur tadbirga viloyatlar Qishloq xo‘jaligi boshqarmalari va tuman bo‘limlaridan soha mutaxassislari hamda kunjut yetishtiruvchi ilg‘or fermer xo‘jaliklari va qayta ishlovchi tashkilotlar rahbarlari jalb etildi.
Respublikada moyli ekinlar yetishtirishni kengaytirish maqsadida 2022-2026-yillarda past rentabelli paxta va g‘alla maydonlarini qisqartirilishi hamda foydalanishdan chiqib ketgan yerlarni qayta foydalanishga kiritish hisobiga qo‘shimcha 61 ming gektar maydonlarga moyli ekinlar ekilishi belgilanmoqda, buning natijasida mahsulot ishlab chiqarish hajmi 130 foizga oshishiga erishiladi. Buning uchun:
– hududlarning tuproq-iqlim sharoiti va suv taʼminotidan kelib chiqib moyli ekinlar turlari bo‘yicha joylashtiriladi.
– elita urug‘chilik xo‘jaliklari tomonidan 200 gektar maydonlarda yuqori avlodli moyli ekinlar urug‘liklarini yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi.
– Qoraqalpog‘iston Respublikasida suvli yerlarda kunjut yetishtiriladigan maydonlarni 15,0 ming gektarga kengaytirib, jami 35 ming gektarga yetkaziladi. Bunda birlamchi qayta ishlash orqali kunjut doni va chuqur qayta ishlash orqali kunjut moyi ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi va eksport salohiyati kengaytiriladi.
– Jizzax, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida lalmi yerlarda masxar va zig‘ir maydonlari 35 ming gektarga yetkaziladi.
– Buxoro, Navoiy, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida takroriy maydonlar hisobiga kungaboqar yetishtiriladigan maydonlar 6,0 ming gektarga kengaytirib, 16,0 ming gektarga yetkaziladi.
– Qayta ishlovchi korxonalarning qayta ishlash quvvatlaridan kelib chiqib mahsulot yetishtiruvchilar bilan oldindan buyurtma asosida mahsulot yetishtirish tashkil etiladi.
– Moyli ekinlarni yetishtirishda zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash, hosildor va don sifat ko‘rsatkichlari yuqori navlarni yaratish ishlari davom ettiriladi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 2022-yil hosili uchun asosiy, takroriy va lalmi maydonlarga hamda g‘o‘za va bog‘-tok qator oralariga jami 316,4 ming gektar (o‘tgan yilga nisbatan 42,6 ming gektar ko‘p), shundan 181,7 ming gektar soya, 72,7 ming gektar kungaboqar, 36,4 ming gektar kunjut, 2,5 ming gektar zig‘ir va 22,2 ming gektar maxsar ekinlar ekilishi belgilandi.
Ushbu maydonlardan jami 434 ming tonna (o‘tgan yilga nisbatan 134% ko‘p) moyli ekinlar mahsulotlari yetishtirilishi prognoz qilinmoqda.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: