Zig‘ir – zig‘irdoshlarga mansub bir yillik va ko‘p yillik o‘simliklar turkumi, tola va moy olish uchun ekiladigan ekin. Moʻtadil va subtropik mintaqalarda tarqalgan. Tolali zig‘ir tola olish uchun ekiladigan bir yillik o‘simlik. Poyasi ingichka, silliq, tik o‘sadi, och yashil rangli, bo‘yi 60-120 sm. O‘simlik yetilganda poyasi sarg‘ish yashil rangli. Bargi oddiy, bandsiz, navbatma-navbat joylashadi, rangi yashil. Gul to‘plami poyaning uchida joylashadi, zangori rangda, o‘zidan changlanadi.
Gullash davri 6-10 kun davom etadi. Urug‘i yassi, silliq, seryog‘ (42-49%), 1000 ta urug‘ining vazni 2,8-8,7 g. Urug‘i 5°C issiqda unib chiqadi. Maysasi -3-5° sovuqqa chidaydi. Vegetatsiya davri 75-90 kun, yetilishi uchun 1100-1500°C samarali harorat talab qilinadi. Tolali zig‘ir uzun kunlik o‘simlik. Kun yorug‘ bo‘lsa shoxlanishi ko‘payadi, ammo soya joylarda poyasi yotib qoladi.
Zig‘irdan yuqori sifatli tola va moy olinadi. Tolasi pishiq, mustahkam, egiluvchan. Oziq-ovqatda, lok-bo‘yoq sanoatida, tabobatda qo‘llanadi. Kunjarasi chorvachilikda sifatli ozuqa hisoblanadi. Bir ekilgan dalaga zig‘ir 5-7 yildan keyin ekiladi.
Hozirgi kunda O‘zbekistonda zig‘irning 2 navi yetishtiriladi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: