Sayt test rejimida ishlamoqda!
Ishonch telefoni: 1243
Devonxona: 71 206-70-30

Maxsar

AGRO.UZ > Maxsar
AGRO.UZ > Maxsar

Maxsar – murakkab guldoshlarga mansub bir, ikki va ko‘p yillik o‘tsimon o‘simliklar turkumi, moyli ekin. Vatani – Efiopiya va Afgoniston. Bir yillik  issiqsevar, qurg‘oqchilikka juda chidamli ekin. Bo‘yi 60-120 sm, poyasi silliq, barglari nashtarsimon, tikanli va tikansiz. To‘pguli savatcha, sariq, jigarrang. Mevasi pista, urug‘i oqish. 1000 dona urug‘i vazni 25-50 g. Asosan chetdan changlanadi. O‘suv davri 95-135 kun. Tuproq tanlamaydi. Urug‘i 1-2° da una boshlaydi, maysalari -6, -7° sovuqqa bardosh beradi. Urug‘i tarkibida 47-61% gacha oziq-ovqatga ishlatiladigan moy bor.

Maxsar almashlab ekishda kuzgi bug‘doy va makkajo‘xoridan keyin ekiladi. Yer kuzda 25-30 sm chuqurlikda haydaladi. Urug‘i kech kuzda yoki erta bahorda qatorlab (qator orasi 30-45 sm) ekiladi. 1 ga maydonga 6-10 kg urug‘ sarflanadi. O‘suv davrida o‘toq qilinadi, kultivatsiyalanadi (1-2 marta). 2 marta mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantiriladi. Urug‘i to‘la yetilganda don kombaynida o‘rib-yig‘ib olinadi.

Hosildorligi: 8-14 s/ga va undan ortiq.

Hozirgi kunda O‘zbekistonda maxsarning 5 navi yetishtiriladi.

Maxsar navlari

Don-dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti G‘allaorol ilmiy-tajriba stansiyasi seleksion navi.

Nav mualliflari: Egamberdiyev S., Urinbayeva E., Ergashev N., Egamberdiyeva J.

1000 donasining vazni o‘rtacha 33,8-41,1 g. O‘simlikning bo‘yi 93 sm dan 110 sm gacha. O‘suv davri 93 kun. Lalmi maydonlarda hosildorligi o‘rtacha 5,7-10,0 s/ga. Qurg‘oqchilikka chidamli.

2008yildan Respublika bo‘yicha lalmikor maydonlarda ekish uchun Davlat reyestriga kiritilgan.

Mamlakatimiz hududida barcha viloyatlarda ekish uchun tavsiya qilingan.

O‘zbekiston moyli ekinlar tajriba stansiyasi seleksion navi.

Nav muallifi: Anarbayev I., Idiyatullina D., Tursunov L., Ganiyev J., Balkibekova R.

O‘simlik bo‘yi 80-100 sm. Shoxlari poyada yig‘iq joylashgan. Savati gumbazsimon. Doni oq, qovurg‘alari aniq ko‘rinadi. Savatidagi don soni 25-35 ta. 1000 dona don vazni 35,0-40,0 gr.

Vegetatsiya davri 90-110 kun. Lalmi yerlarda o‘rtacha hosildorlik 12 s\ga. Qurg‘oqchilikka chidamli, mexanizm bilan o‘rishga yaroqli. Sinov yillarida qishloq xo‘jalik kasalliklari bilan zararlanish holatlari kuzatilmadi.

2013yildan lalmi yerlarda ekish uchun Davlat reyestriga kiritilgan.

Mamlakatimiz hududida Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent viloyatlarida ekish uchun tavsiya qilingan.

O‘simlikning bir tupida 6-7 tagacha poyaga yopishib joylashgan yon shoxlari bor. Bargining chetlari butun, barg bandi yo‘q, pastki barglari cho‘ziq, uchi ingichka, yuqori barglari yirik zich joylashgan. Gullari sariq, qizg‘ish va zarg‘aldoq rangda. Hosildorligi o‘rtacha 8,7 s/ga.

O‘sish davri 114-120 kun, o‘simlik balandligi 115 sm gacha, bir tup o‘simlikda savatlar soni 10-12 tagacha, bir savatda don soni 24-28 tagacha. 1000 ta don vazni 34-36 g. Yog‘ miqdori 23-27%.

1950yildan Davlat reyestriga kiritilgan.

Mamlakatimiz hududida Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida ekish uchun tavsiya qilingan.

Agar siz imlo xatolarini topsangiz, iltimos, matnni tanlab, Ctrl+Enter tugmalarini bosib bizga xabar bering

Imlo xatolari haqida hisobot

Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: