Kunjut – kunjutdoshlar oilasiga mansub bir va ko‘p yillik o‘tsimon o‘simliklar turkumi, moyli ekin. Vatani – Afrika. Poyasi tik o‘sadi, 4-6 ta uzun yon shoxlar chiqaradi. Bargi oddiy, bandli, yakka-yakka yoki qarama-qarshi joylashgan, tukli. Guli barg qo‘ltig‘ida 1-3 ta bo‘lib joylashgan, 5 bargli. Mevasi ko‘sakcha, cho‘ziq, yassi, tukli. Bir tupda 20-300 ko‘sakcha bo‘ladi. Ko‘sakchasi 2 yoki 4 chanoqli.
Uzunligi 3-5 sm. 1000 dona urug‘i vazni 2-5 g. Urug‘ining rangi och yoki to‘q jigarrang, goh oq va qora. Kunjut issiqsevar, yorug‘sevar, qisqa kun o‘simligi. Urug‘i 15-16°С da unib chiqadi. O‘sish davri 90 – 110 (120-150) kun.
Kunjut eng qimmatli moyli ekinlardan, urug‘i tarkibida 65% moy, 16-19% oqsil, 16-17% azotsiz moddalar mavjud. Kunjut sur tuproqli, unumdor, don-dukkakli ekinlardan bo‘shagan yerdarda mo‘l hosil beradi. O‘suv davrida 2-3 marta kultivatsiya qilinadi, ikki marta har gektarga 40-50 kg dan azot berib qo‘shimcha oziqlantiriladi. Gullashiga qadar 1-2 marta, gullash davrida 2 marta suv beriladi.
Hozirgi kunda O‘zbekistonda kunjutning 3 navi yetishtiriladi.
Bugungi kunda yurtimizda yetishtirilayotgan kunjut mahsuloti Ozarbayjon, Belarus Respublikasi, Germaniya, Iroq, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Livan, Mongoliya, Tojikiston kabi mamlakatlarga eksport qilinmoqda.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: