Respublikamiz bog‘larida bir necha yillardan buyon olmaning “So‘x malikasi”, behining “Olmabehi”, o‘rikning “Chimyon Ergashqand” navlari yetishtirilmoqda.
“So‘x malikasi” olma navi.
Ixcham shox-shabbali, o‘rtacha kattalikdagi daraxt. Kurtak chiqarish davri 11-14-martda boshlanadi, 29-31-martda gullaydi, hosilining to‘liq pishishi iyun oyining uchinchi o‘n kunligida kuzatiladi. Ushbu olma navi “parsha” kasalligi (to‘qimalarning yuzaki shikastlanishi bilan tafsiflangan o‘simlik kasalligi)ga yuqori bardoshli va har yili doimiy ravishda yuqori hosil beradi. Hosildorligi 4,2-4,5 ball bo‘lib, gektariga 194 sentnerni tashkil etadi. Mevasi kam to‘kiladi. Bir dona olma og‘irligi 121 grammgacha. Bu meva qisman mahalliy bozorda sotiladi, asosan eksport qilinadi.
“Olmabehi” behi navi.
Kurtak chiqarish davri 14-martdan 22-martgacha davom etadi. 6-10-apreldan to‘liq gullaydi. Hosilining pishib yetilishi sentyabr oyining uchinchi o‘n kunligida kuzatiladi. U bakterial kuyish kasalligiga chidamli.
“Olmabehi” behi yuqori mahsuldor nav hisoblanadi. Uning hosildorligi 4,1-4,3 ballni tashkil etadi va gektariga o‘rtacha 200 sentnerga teng. Bitta mevaning vazni 200-250 grammga yetadi. Bu yumaloq olma shaklidagi katta meva ko‘rinishida. Pishganida u och sariq rangga ega bo‘lib, yoqimli hidga ega bo‘ladi. Behidagi shakarning umumiy miqdori 17,5-18,3% ni tashkil qiladi. Mevalar ichki bozorda sotilish bilan birga , eksport qilinadi.
“Chimyon Ergashqand” o‘rik navi payvandtagi mahalliy, kuchli o‘suvchi, mag‘zi achchiq, yovvoyi o‘rik daraxti. Kurtak chiqarish davri 9-11- martda boshlanadi, to‘liq gullashi 21-25-martga to‘g‘ri keladi. Hosilining pishib yetilishi iyun oyining oxirgi besh kuniga to‘g‘ri keladi. O‘rikning bu navi eng ko‘p uchraydigan “klyastesporioz” (teshikchali dog‘lanish) kasalligiga o‘rtacha bardoshli.
Mevasi cho‘zinchoq, pishganida och sariq rangga ega bo‘ladi. Quyoshga qaragan tomoni qizaradi. Mevasi daraxt shohida quriydi. Undan sifatli turshak (quritilgan o‘rik) tayyorlanadi. Oʻrik mevalari, turshak va magʻzi qandolat sanoatida qoʻllaniladi. Mevadagi qandning umumiy miqdori oʻrtacha 17,5-18,3% ni tashkil qiladi.
O‘rikning serhosil “Chimyon Ergashqand” navi. Har yili hosil beradi, yuqori haroratga chidamli, moslashuvchan (kasallikka chidamli) nav. Bitta mevaning vazni 27,5 grammgacha, o‘rtacha hosildorligi gektariga 119 sentner. Hosil xorijga eksport qilinadi.
Bu navlar O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Akademik M. Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy- tadqiqot institutining Farg‘ona ilmiy-tadqiqot stansiyasida yaratilgan.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: