Siz quritib mayiz qilingan xurmoni hech tatib ko‘rganmisiz? Mayiz qilingan xurmo boshqa quritilgan mevalardan qanday farq qiladi va u qanday tayyorlanadi? Bizning maqolamiz aynan shu haqida.
Ko‘pgina rivojlangan mamlakatlarda tayyorlanadigan xurmo mayizlarini tayyorlash mamlakatimizda yangilik bo‘ldi. Namanganlik Akmal Suyunov esa kichik tadbirkorligi ortidan xurmodan mayiz tayyorlab, uning uzoqroq va foydali holda saqlanishiga erishdi.
Akmal Janubiy Koreyada o‘qib yurgan paytida supermarketdan qimmatroq narxdagi xurmo mayizini sotib oldi. Uning o‘ta mazali ekanini ko‘rib, o‘zi ham O‘zbekistonga qaytgach, mana shunday xurmo mayizi tayyorlashni o‘ylab qo‘ydi.
Mamlakatimizga qaytgach, Akmal Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshidagi “Yoshlar akademiyasi” tomonidan eʼlon qilingan “Bo‘lajak olim” tanlovida qatnashdi va 335 million so‘mlik grantni qo‘lga kiritdi. Bu unga o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yib, xurmo mayizini ishlab chiqarish va eksport qilish imkonini berdi.
Xurmo mevalarini oktyabr oyida terib, ehtiyotkorlik bilan tozalanadi, ular bir-biriga tegmasligi uchun poyalari iplar bilan bog‘lanadi va tayyor “gulchambarlar” quyosh va shamolda quritilishi uchun osib qo‘yiladi. Xurmo mayizi tayyor bo‘lishi uchun taxminan 30-40 kun kerak bo‘ladi. Keyin uni bemalol muzlatgichga solib qo‘ysa bo‘ladi.
Maxsus dastgohda tayyorlanadi. Mevani po‘stlog‘idan ajratib beruvchi dastgoh yordamida xurmo mayizini tayyorlash oson va kamxarj hisoblanadi. Ushbu dastgoh xurmo po‘stlog‘ini archib, mahsulotni tayyorlash va eksport qilish jarayonida asosiy vosita hisoblanadi. U oktabr oyida 20 kungina davom etadigan mavsumda mehnat unumdorligini oshirishda, ya‘ni juda ko‘p tonna mevani po‘stlog‘ini archishga ulgurishni ta‘minlaydi. Muhimi, ish haqi xarajatlarini 10 barobarga kamaytiradi.
Dastgoh yordamida xurmo po‘stini archish qo‘lda archilganga qaraganda sifatli (tekis, silliq) bo‘ladi va po‘stlog‘ini kam miqdorda chiqaradi.
Bu dastgoh yordamida bir kunda 1000 kilogramm xurmoni po‘stini archish mumkin. Katta loyihalarni amalga oshirishda ushbu kichik dastgohning o‘rni beqiyos.
Shu tariqa ushbu dastgoh yordamida archilib, quyosh nurida toblangan xurmo mayizlari salomatlik uchun foydali va yaxshigina daromad manbaidir.
Xurmo mayizining foydasi.
Xurmo mevasi mamlakatimiz aholisi uchun tabiiy yod manbai hisoblanadi. Ammo u qiritilib, mayiz qilingach foydali xususiyatini saqlab qoladimi?
100 gramm quritilgan xurmo tarkibida 75 gramm uglevod, 15 gramm klechatka va 2,5 gramm oqsil mavjud. Shuningdek, ko‘p miqdorda A vitamini, kalsiy, temir moddalari bor.
Quritilgan xurmo insonda immunitet tizimini mustahkamlaydi. Bu esa, insonni mavsumiy kasalliklar, xususan shamollash va gripp kasalliklaridan himoya qiladi. Eng muhimi, quritilgan xurmo organizmda kollagen ishlab chiqarilishda yordam beradi.
Quritilgan xurmo miya faoliyatini faollashtirib, tanadagi metabolizmni tezlashtiradi, yallig‘lanishni kamaytiradi.
Quritilgan xurmolarni yuvib isteʼmol qilinadimi? Quritilgan mevalar, jumladan, xurmo mayizni yeyayotganda uni suvda yuvish kerak emas. C