Sabzi
2022-yil hosili uchun respublika bo‘yicha fermer va qishloq xo‘jaligi korxonlari tomonidan jami 78 ming gektar maydonga sabzi ekinlari ekilgan. Shundan, 23 ming ga asosiy, 11,2 ming ga bog‘-tok qator orasi va 43,8 ming ga takroriy maydonlarni tashkil etadi. Barcha toifa xo‘jaliklaridan jami 2,9 mln tonna sabzi yetishtirish kutilmoqda.
Sabzi ekini oftobsevar o‘simlikdir. O‘sishining boshida yorug‘lik yetishmasligiga ayniqsa sezgir, shuning uchun yuqori hosilni faqat yaxshi yoritish bilan olish mumkin, bu esa sabzi o‘simliklarining bir tekis taqsimlanishi bilan taʼminlanadi. Sabzi qurg‘oqchilikka ancha chidamli, ammo tuproqdagi namlik yetishmasligi bilan o‘simlikning yer usti qismi va ildizmevasi o‘sib rivojlanishi sekinlashadi hamda eti qo‘pollashadi. Haddan tashqari namlik bilan o‘sish deyarli to‘xtaydi, ildizlar nobud bo‘ladi va hosil kamayadi.
Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi hududida ekish uchun tavsiya etilgan qishloq xo‘jaligi reestriga sabzining 29 ta navi kiritilgan. Xususan, “Shantane 2461”, “Nurli-70”, “Ziynatli”, “Faravon”, “Mshak 195”, “Mirzoi krasnaya 228”, “Mirzoi jyoltaya 304” kabi navlar keng miqyosda ekilmoqda.
Sabzi ekinini yetishtirish uchun yengil mexanik tarkibiga ega yer maydonlarini ajratish kerak. Tuproqning kislotalilik darajasi neytral yoki kam miqdorda bo‘lishi zarur (pH 5.5-7). Eng yaxshi o‘tmishdosh ekinlar: bodring, piyoz, pomidor, ertagi kartoshka, karam. Ayniqsa, bu ekinlar uchun organik o‘g‘itlar solingan bo‘lsa. Bundan tashqari, qishki yoki bahorgi boshoqli don ekinlardan keyin sabzi ekinini takroriy ekin sifatida yetishtirsa bo‘ladi. Bundan tashqari, ulardan keyingi dalalar odatda begona o‘tlar bilan kamroq egallangan bo‘ladi.
Karam
Respublika bo‘yicha 2022-yil hosili uchun fermer va qishloq xo‘jaligi korxonlarida 27,6 ming gektar (13,2 ming ga asosiy, 5,4 ming ga bog‘-tok qator orasi, 9 ming ga takroriy) maydonga karam ekinlari ekilgan. Barcha toifa xo‘jaliklaridan 1,5 mln tonna karam yetishtirish prognoz ko‘rsatkichlari belgilab olingan.
O‘zbekistonda karam quyidagi to‘rt muddatda yetishtiriladi:
Ertapishar – faqat ertaki navlar yetishtiriladi. Ekish fevralning oxiri–martning boshlarida ko‘chat o‘tqazish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Hosil mayning oxirlarida yetila boshlaydi va iyun oyi ichida to‘la yig‘ishtirib olinadi.
O‘rtapishar – ko‘chatidan o‘tqaziladi yoki bevosita dalaga urug‘idan ekish mumkin. Ko‘chati aprelning o‘rtalaridan 10- maygacha o‘tqaziladi, urug‘ini dalaga ekish esa martning ikkinchi va uchinchi o‘n kunligida amalga oshiriladi. Hosili iyun oxirlarida chiqa boshlaydi hamda avgust va sentyabrning boshlarida to‘la yig‘ishtirib olinadi.
Kechki karam 15-iyundan 15-iyulgacha ko‘chatidan o‘tqaziladi. Kechki muddatda ekilganda hosil oktyabr oyining ikkinchi yarmi noyabr oyining boshlarida yig‘ishtirib olinadi. Kechki ekin sifatida o‘rtapishar navlarini ekish maqsadga muvofiq.
Qish oldidan (to‘qsonbosti) ekiladigan karam ko‘chati bilan noyabrning boshlarida ekiladi. Sentyabrning oxirlari oktyabrning boshlarida dalaga urug‘idan ham
ekish mumkin. O‘zbekistonda barcha karam navlari qator oralig‘ining kengligi 70 sm, o‘simliklar oralig‘idagi masofa esa navlarga qarab turlicha bo‘ladi, yaʼni ertapisharlari uchun 25-30, o‘rtapisharlari uchun 40 va kechpisharlari uchun 50 sm. Shunda har gektar maydonga 40-57, 36-37 va 28-30 mingtagacha ko‘chat ekiladi.
Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi hududida oqbosh karam, gulkaram, qizil boshli karam, brokkoli, kolrabi, Pekin karami va bargli Xitoy karami kabi turlari ekib kelinmoqda va ekish uchun tavsiya etilgan karamning qishloq xo‘jaligi reestriga 132 ta navlari kiritilgan.
Xususan, oqbosh karamning “Adema F1”, “Burbon F1”, “Iyunskaya”, “Lion F1”, “Navruz”, gulkaramning “Kashmer F1”, “Barselona F1”, “Talassa F1” va brokkolining “Agassi F1”, “Ayronmen F1”, “Atlantis F1”, “Geraklion F1”, “Kvinta F1”, “Naksos F1”, “Maraton F1”, “Tiburon F1”, “Fiyesta F1” navlari ekib yetishtirilmoqda.
Ukrop
2022-yil hosili uchun respublika bo‘yicha fermer va qishloq xo‘jaligi korxonlari tomonidan 16,8 ming gektar (6,4 ming ga asosiy, 5 ming ga bog‘-tok qator orasi, 5,4 ming ga takroriy) maydonga ukrop ekinlari ekilgan. Barcha toifa xo‘jaliklaridan jami 269,5 ming tonna ukrop yetishtirish rejalashtirilgan. Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi hududida ekish uchun tavsiya etilgan qishloq xo‘jaligi reestriga 6 ta ukrop navlari kiritilgan. Xususan, “Alligator”, “Anet”, “Goldkron”, “Orom”, “Uzbekskiy 243” va “Xarkovskaya 85” navlari shular jumlasidan.
Ukrop urug‘ini ekish muddatlari mahsulot chiqarish muddatlariga qarab belgilanadi. Ukropning tezpisharligidan foydalanib, uni issiqxonalarda bir necha marta ekish mumkin. Bahorgi isitilmaydigan issiqxonalarda ukrop fevral boshidan to mart o‘rtalarigacha, kuzgi aylanishda oktyabr o‘rtalaridan to noyabr oxirlarigacha asosiy ekinni ekishdan oldin yetishtiriladi.
Ukrop o‘simligining bo‘yi 20 sm ga yetganda, mayin massa yiqqan vaqtda va eng hidli bo‘lganda yig‘ishtirish kerak. Hosilni yig‘ishtirish vaqti ekiladigan nav va yetishtirish muddatlarga ko‘ra turlichadir. O‘simliklarni yig‘ishtirishda ildizi bilan sug‘urib olinadi. Ukropni tuproq yuzidan yuqorigi qismini kesib yig‘ishtirish ham mumkin. Bunda sug‘orilgandan so‘ng yana o‘sa boshlaydi va uni ikkinchi marta o‘rib olish mumkin.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: