Xabar berganimizdek, Qishloq xoʻjaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Xalqaro uzum va vino tashkiloti (OIV) yigʻilishida ishtirok etish uchun Italiyada boʻlib turibdi.
Tabiiyki, har bir shu kabi tadbir agrar mahsulotlarini dunyo bozorlariga taqdim etuvchi mamlakatlar uchun hamkor hamda sherik topish uchun qulay maydon sanaladi.
Oʻzbekiston ham bundan istisno emas. Qishloq xoʻjaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov boshchilik qilayotgan Oʻzbekiston delegatsiyasining mazkur tadbirdan niyatlari bisyor.
Bugun mazkur yoʻnalishda ishga solinmagan imkoniyatlar koʻp. Bu esa mamlakatlarimiz soha mutaxassislarini muzokara stoliga oʻtirish, kelishuv va bitimlarga imzo chekish va albatta amaliy ishga oʻtishiga lozim daʼvatdir. Shunday boʻlayapti ham.
Ochigʻi, tadbirga taklif etilganlar bilan bir qatorda yirik va nufuzli kompaniya vakillari ham esh boʻlib kelishdi. Quvontirgani, sarmoya bilan birgalikda eng soʻnggi ishlanma, ilmiy izlanish natijalari hamda bilim hosilalarini ayni Oʻzbek zaminida istiqbolli sanayotir ularning bari.
Dastlabki muloqot ham aynan Italiya Qishloq xoʻjaligi vaziri Franchesko Lollobridjida bilan boʻlib oʻtgani ham bejiz emas.
Muloqot davomida, Uzumchilik yoʻnalishida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar bilan hamkorlikda yurtimizda uzum va vinochilikni rivojlantirish, Uzumchilik va vinochilik yoʻnalishida xodimlar malakasini oshirish, taʼlim yoʻnalishidagi mustahkam hamkorlik, oʻzbek vinolarining eksport salohiyatini oshirish kabi bir qator masalalar muhokama markazida boʻldi.
Italiya tomoni, sarmoya kiritish hamda shu orqali oʻzbek tomoni bilan hamkorlikda biznesni rivojlantirish ilinjida ular. Albatta, mamlakatimiz italiyaliklar uchun tarixan doimo katta qiziqish markazida boʻlgan. Buni tarixan yaxshi anglaymiz. Zamonaviy dunyo taraqqiyotining qoidalari ana shu tarixiy mushtaraklikni ishonchli sherik va hamkor munosabatlarida davom ettirishga zamin yaratayotir.
Muloqotning uzviy davomi sifatida vazir Ispaniya Qishloq xoʻjaligi vaziri Luis Planas bilan muloqot olib bordi.
Aytish kerak, bugungi kunga qadar Ispaniya bilan aynan qishloq xoʻjaligi sohasida hamkorlik aloqalari aytarli darajada boʻlmagan.
Vazir Ibrohim Abdurahmonovning yigʻilish davomida yurtimizda aynan agrar sohada olib borilayotgan islohotlar hamda davlatimiz rahbarining ayni sohaga qaratayotgan katta eʼtibori va xonadonbay ishlash tizimi haqidagi nutqi ispaniyaliklarning ham oʻzbek bozori, oʻzbek qishloq xoʻjaligi sohasi va sar xil mevalariga boʻlgan qiziqishini orttirgani ham bejiz emas.
Ispaniya Qishloq xoʻjaligi vaziri ayni shu masalalarga eʼtibor qaratar ekan, yurtimizda yetishtirilayotgan meva va sabzavotlar, uzum va uzum mahsulotlari, oʻzbek vinosi va boshqa qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini eksporti, jumladan, hamkorlikdagi istiqbolli loyihalarni ayni shu bugundan boshlab amalga oshirish, ikki davlat qishloq xoʻjaligi delegatsiyasining tashrifi hamda tashrif asnosida amalga oshirilishi lozim boʻlgan loyihalarni yoʻlga qoʻyish masalasi muhokama qilindi.
Demak, Oʻzbekiston oʻzining ishonchli hamkor ekanini har on va har yerda isbotlab turibdi. Bu yurtimizga berilayotgan haqqoniy baho. Buni ispaniyaliklar ham yaxshi bilishadi. Biznes foyda ustiga quriladi. Ammo bugungi uchrashuv ishtirokchilari nafaqat foyda, balki har tomonlama suyansa boʻladigan chin hamkor topganlaridan mamnun.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: