Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim tahlilchi-blogerlar hamda ijtimoiy tarmoq faollari tomonidan “Piyoz narxi tushib ketdi” sarlavhasi ostida xabarlar tarqatilmoqda.
Aytib o‘tish joizki, Qishloq xo‘jaligi vazirligi sohada olib borilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlash, muammolarni o‘rganish va bartaraf etish yuzasidan ochiq muloqotga har doim tayyor.
Lekin shunday bo‘lsa-da, ijtimoiy tarmoqlarda ba’zi ma’lumotlarni oxirigacha o‘rganib chiqilmasdan, bir yoqlama yondashuv asosida keng ommaga taqdim etish holatlari uchramoqda.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan xabarni atroflicha va xolis o‘rganib chiqqan holda quyidagilarni ma’lum qiladi:
O‘rganishlar natijasiga ko‘ra, bozorlarimizda anchadan buyon 1 kg piyoz (hududlardan kelib chiqqan holda) 2500 so‘mdan – 3500 so‘mgacha bo‘lgan turg‘un narxlarda sotilayotgani, dehqon va fermerlar tomonidan sotuvchilarga (ulgurji savdo) yetkazib berilayotgan piyozning o‘rtacha narxi 1500-2000 so‘mni tashkil etishi ma’lum bo‘ldi.
Ma’lumot o‘rnida, kuzda yig‘ib olinadigan piyoz hosildorligi 1 gektardan o‘rtacha 80 tonnani (Ohangaron, Zomin, Zarbdor, Xovos kabi piyoz yetishtirishga ixtisoslashgan tumanlarda 100 tonna) tashkil etadi. Har kg piyoz yetishtirish xarajati o‘rtacha 800-1000 so‘mni tashkil etadi.
Bugungi kungacha saqlash va tabiiy yo‘qotish (qurish)ni hisobga olganda 1 kg uchun 1200-1300 so‘mga aylanadi. Shunga asoslanib, ishlab chiqaruvchi fermer sotuvchilarga yetkazib berish xarajatini inobatga olgan holda 1500-2000 so‘m atrofida sotmoqda.
Ijtimoiy tarmoq faollari aynan ushbu xabarni chiqarishda fermerlar tomonidan ishlab chiqaruvchilarning saqlash omborlaridan savdoga chiqarilayotgan piyozning (o‘tgan yilgi hosil) narxini asos qilib ko‘rsatmoqdalar.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi yana bir bor ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlarni tarqatilayotgan axborotning ishonchliligini tekshirish va xolis axborot taqdim etishga chaqirib qoladi!
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: