Ayni paytda, Qishloq xoʻjaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov sohada amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning natijadorligi bilan yaqindan tanishish maqsadida amaliy tashrif bilan Qashqadaryo viloyatida boʻlib turibdi.
Joylarda agrar sohadagi islohotlarning ijrosini taʼminlash, mavjud muammolarni joyida oʻrganib, ularning yechimlarini ishlab chiqishni maqsad qilgan vazirning ilk tashrifi, Akademik M.Mirzayev nomidagi bogʻdorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot institutining Qashqadaryo ilmiy tajriba stansiyasi hududi (Qarshi tumani)da joylashgan “Hosildor Zamin” zamonaviy koʻchatchilik taʼlim majmuasida boʻldi.
Bu yerda yangiliklar yaratish borasida shart-sharoitlar yetarlicha va yutuqlar ham shunga yarasha. Vazir institutning ochiq maydon va issiqxonalardagi tajriba dalalarida amalga oshirilayotgan tadqiqotlar bilan tanishdi.
Ushbu majmua 4 gektar maydonda tomchilatib sugʻorish tizimiga ega boʻlgan ochiq va 1 gektar maydonda oʻquv xonalari joylashgan yopiq koʻchatxonalar, “in-vitro” usulidagi issiqxona va oʻquv markazidan iborat boʻlib, bu yerda bir yilda bugungi kunda yoʻqolib borayotgan 200 ming dona mevali daraxt va 100 ming dona tok koʻchatlari, 200 ming dona mavsumiy gullar yetishtirish, iqlimga moslashtirish hamda yuzlab yoshlarga zamonaviy koʻchatchilik sir-asrorlarini oʻrgatish imkoniyati yaratilgan. Har yili mazkur loyiha orqali 25 nafardan 100 nafargacha boʻlgan yoshlar va ayollar kasbiy faoliyat boʻyicha oʻquv kursini tamomlashadi.
Shuningdek, olmaning 2 ta, nokning 3 ta, oʻrikning 4 ta, shaftolining 2 ta, anorning 3 ta va uzumning 3 ta bugungi kunda yoʻqolib ketish arafasida boʻlgan navlarini qayta tiklash ishlari olib borilmoqda. Albatta, qishloq xoʻjaligi sohasida innovatsion bilim va amaliyotning birgalikda olib borilishi natijasida yangi navlarni yetishtirish va bu orqali meva-sabzavotlar koʻchatlarini dehqon xoʻjaliklariga oʻz vaqtida yetkazib berish ana shu uygʻunlik va izlanishlarning natijasidir.
Mazkur issiqxonada bugun mevali daraxtlarning turli kasallik va zararkunandalardan xoli boʻlgan hamda qurgʻoqchilikka chidamli, turli iqlim sharoitiga mos navlarining klon payvandtaglari va payvandlangan koʻchatlari yetishtirilmoqda.
Aytish kerak, Qashqadaryo qishloq xoʻjaligi oʻziga xos maktab yaratilganligi bilan mashhur. Viloyat mirishkorlari paxta deymizmi, gʻalla deymizmi yoki poliz ekinlari-yu, meva-cheva boʻlsin – har sohada estafetani qoʻldan boy bermaslik uchun tinimsiz mehnat qilmoqdalar.
Vazir oʻz navbatida mazkur issiqxona imkoniyatlari bilan tanishar ekan, bugungi kunda agrar soha taraqqiyoti bu kabi zamonaviy majmualarda yetishtirilgan mahsulotlarga chambarchas bogʻliq ekanini taʼkidlar ekan, bugun boshqaruvni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, ishni o‘lda-jo‘lda emas, balki aniq va tizimli tashkil etish, begona o‘tlarga qarshi kurashish, muhimi navlarni to‘g‘ri tanlash, ularni olib kelish nafaqat yerga qadash, balki uni unib, o‘sguniga qadar nazorat qilish muhimligi, eng asosiysi, ishda unum bo‘lishi uchun qog‘ozbozlikni yig‘ishtirib, amaliy ishlarga o‘tish zarurligini alohida qayd etdi.
Koʻchatchilik majmuasi bilan tanishgan vazir uning faoliyatini yanada rivojlantirish, mamlakatimizda koʻchatchilik yoʻnalishini yangi bosqichga olib chiqish uchun zarur chora-tadbirlar yuzasidan oʻz takliflarini bildirdi.
Maqsad esa bitta: Qashqadaryo yoshlari uchun oʻquv markazi formatida ekologik toza agrokoʻchatxona tashkil etish. Temir daftar, ayollar va yoshlar daftarida boʻlganlarni bandligini taʼminlash orqali ularni daromadini oshirish.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: