O‘zbekiston-Fransiya munosabatlari tobora rivojlanib borayotgani, barcha sohalar qatorida qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida ham istiqbolli loyihalar amalga oshirilayotgani bilan ahamiyatli.
Jumladan, joriy yilning 26-27-fevral kunlari Fransiya poytaxti Parijda o‘tkazilgan “60-Xalqaro qishloq xo‘jaligi ko‘rgazmasi” ham istiqbolli loyihalar amalga oshirilganligi bilan ahamiyatli.
Mazkur ko‘rgazma Yevropa va Osiyo mamlakatlari qishloq xo‘jaligi sohasidagi samarali muloqotning davomi bo‘lib, unda dunyoning turli mamlakatlaridan tashrif buyurgan 615 mingga yaqin soha ekspertlari, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov ham ishtirok etdi.
Binobarin, konferensiya davomida vazir I.Abdurahmonov Fransiyaning ilg‘or kompaniyalari va tashkilotlari bilan O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qilish hamda mazkur kompaniyalar tomonidan mamlakatga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazdi.
Chunonchi, vazir “Iqlim o‘zgarishi va chorvachilikda veterinariya-sanitariya muammolari” mavzusidagi Parij qishloq xo‘jaligi vazirlari konferensiyasida ishtirok etib, O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishining hayvonlar salomatligi, chorvachilik mahsuldorligi va chorvachilik mahsulotlari xavfsizligiga ta’sirini kamaytirishga qaratilgan ishlar, qishloq xo‘jaligi sektorini o‘zgaruvchan iqlim sharoitlariga moslashtirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun veterinariya tibbiyotini yaxshilash bo‘yicha nutq so‘zladi.
Ko‘rgazma doirasida, Fransiya Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat suvereniteti vaziri Mark Feno bilan Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning 2023-yil 1-2-noyabr kunlari O‘zbekistonga rasmiy tashrifida qishloq xo‘jaligi sohasida erishilgan kelishuvlar, xususan Fransiyaning “Laktalis” kompaniyasi tomonidan sut mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha Toshkent viloyatida yangi loyihani amalga oshirish, “Quercy” kompaniyasi bilan “HD-Cold” texnologiyasini Samarqand viloyatida Fransiyaning “FASEP” kompaniyasi grant mablag‘lari hisobiga joriy etish hamda chorvachilik sohasida O‘zbekistonga investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha muzokaralar olib borildi.
Shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlikni kengaytirish, O‘zbekistonga Fransiyaning qishloq xo‘jaligi texnologiyalarini jalb qilish va ilm-fan yo‘nalishida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Vazir Ibrohim Abdurahmonov o‘z navbatida, davlatimiz rahbarining olib borayotgan oqilona siyosati natijasi o‘laroq, O‘zbekiston–Fransiya hamkorlik munosabatlari hamda strategik sheriklik aloqalari yuksak darajaga ko‘tarilayotganini e’tirof etib, mamlakatlarimizning milliy manfaatlari, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti, jahondagi nufuzi yuksalishiga xizmat qiladigan bu aloqalar o‘zaro do‘stlik, mustahkam ishonchga asoslangan hamkorlik negizida taraqqiy etayotganini qayd etdi.
Zero, bu kabi hamkorlik qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarishni kengaytirish, mahsulotlar tannarxini kamaytirish orqali oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: