O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi ko‘magida «Sho‘rlanishni to‘xtatish – tuproq unumdorligini oshirish» mavzusida sho‘rlangan tuproqlar bo‘yicha Global simpozium o‘tkazildi. Ilmiy-siyosiy tadbir Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) va uning Global tuproq hamkorligi, Tuproq bo‘yicha davlatlararo texnik kengashi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, bir qator milliy va xorijiy hamkorlar bilan birgalikda tashkil etildi.
Sho‘rlangan tuproqlar bo‘yicha Global simpoziumning asosiy maqsadi fan, amaliyot va siyosatni birlashtirish, sho‘rlangan tuproqlarni boshqarish bilan bog‘liq holat va muammolarni tahlil qilish, tuproq resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha ixtiyoriy ko‘rsatmalarni amalga oshirish harakatlarini rag‘batlantirishdir. Simpozium sho‘rlangan tuproqlarni barqaror boshqarish uchun mavjud bilim va amaliy yechimlar haqida fikr almashish, shuningdek, muvaffaqiyatli amaliyot va texnologiyalarni kengaytirish yuzasidan zarur bo‘lgan harakatlarni muhokama qilish uchun platformalar yaratadi.
Tuproqlar oziq-ovqat ishlab chiqarish va ko‘plab muhim ekotizim xizmatlarini ko‘rsatish uchun asosdir. Tuproq resurslarini barqaror boshqarish oziq-ovqat ishlab chiqarishni ko‘paytirish, oziq-ovqatning ozuqaviy qiymatini yaxshilash, shuningdek, iqlim o‘zgarishi oqibatlariga moslashish va ularni yumshatishga yordam beradi.
Virtual formatda o‘tkazilgan Global simpozium doirasida 2021-yil 20-oktabr kuni Toshkentda «Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda sho‘rlangan tuproqlarning integrallashgan boshqaruvi va melioratsiyasi: yangi yondashuvlar va innovatsion yechimlar» mavzusida milliy simpozium bo‘lib o‘tdi. Tadbirda FAO ekspertlari, vazirlik va idoralar vakillari, Oliy Majlis Senati aʼzolari, oliy o‘quv yurtlarining professor-o‘qituvchilari, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi ilmiy-tadqiqot institutlari xodimlari ishtirok etdi.
Milliy simpoziumda respublikamizning sug‘oriladigan yerlarini ikkilamchi sho‘rlanishini oldini olish, sho‘rlangan tuproqlarni muhofaza qilishda raqamli va sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy qilish, iqlim o‘zgarishi sharoitida Orol dengizining ijtimoiy-ekologik muammolarini hal yetish hamda boshqa masalalar yuzasidan maʼruzalar tinglandi. Tadbir davomida zamonamizning yeng yirik ekologik ofatlaridan biri haqida «Orol dengizining qurigan tubini tiklash» mavzusidagi videofilm taqdim etildi.
Shuningdek, Milliy simpozium doirasida iqtidorli yoshlarning “Eng yaxshi ilmiy ishlari”ni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: