Facebook ijtimoiy tarmog‘i orqali Abdulla Sapayev shimoliy mintaqada sholi ekiladigan maydonlarni o‘tgan yillar bilan solishtirganda ikki baravardan ko‘proq qisqartirish mo‘ljallanayotganligi haqida ma’lumot joylagan. Mazkur masala yuzasidan Qishloq xo‘jaligi vazirligi quyidagilarni ma’lum qiladi.
Respublika bo‘yicha fermer xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan 2022-yil hosilidan 517 ming tn sholi yetishtirilgan bo‘lib, shundan Qoraqalpog‘iston Respublikasida yetishtirilgan sholi salmog‘i 19 foizni (98,7 ming tn) tashkil qilgan. O‘tgan yilda Amudaryoning quyi havzasida suv tanqisligi sezilarli darajada bo‘lganligi sababli, birgina Qoraqalpog‘iston Respublikasi tumanlarida 12,6 ming gektar sholi maydonlaridan hosil olinmagan.
Joriy yil hosili uchun 104,7 ming gektarida sholi ekilib, 528,2 ming tonna hosil yetishtirish prognoz qilingan. Shundan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 28,5 ming gektardan 147,3 ming tonna va Xorazm viloyatida 26,3 ming gektardan 144,7 ming tonna sholi hosilini yetishtirish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xo‘jaligi ekinlarini oqilona joylashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2020-yil 24-avgustdagi 505-son qaroriga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklarining tegishli qarorlari qabul qilingan.
Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining “Mavjud yer maydonlaridan samarali foydalanish va 2023-yil hosili uchun qishloq xo‘jaligi ekinlarini oqilona joylashtirish to‘g‘risida” 2022-yil 22-iyuldagi 393-13-0-Q/22-sonli qaroriga asosan 28,5 ming gektar (shundan, 18,5 ming gektar asosiy va 10 ming gektar takroriy) maydonlarda sholi ekish belgilangan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi rahbariyatining tashabbusi bilan suv resurslarini har yilgidan kam bo‘lishi prognoz qilinganligi hisobiga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Suv tanqisligi sharoitida Qoraqalpog‘iston Respublikasida sholi ekinlarini oqilona joylashtirish hamda oziq-ovqat mahsulotlari ta’minoti barqarorligiga erishish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror loyihasi ishlab chiqilgan.
Mazkur qaror loyihasida 2023-yil hosili uchun Bo‘zatov tumanida 5 ming gektar, Mo‘ynoqda 3 ming gektar va Taxtako‘pirda 12 ming gektar sholi ekini joylashtirish va 60 ming tonna hosil yetishtirish rejalashtirilgan.
Joriy yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasida qisqargan sholi maydonlari o‘rnini viloyatlardan olingan takliflar asosida respublikada oziq-ovqat xavfsizligini oldini olish maqsadida, takroriy maydonlar hisobidan qo‘shimcha 92,2 ming gektar sholi ekilishi hisob-kitob qilindi.
Ushbu sholi maydonlaridan 353 ming tonna sholi yetishtirish prognoz qilinmoqda.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: