Taraqqiyot odimlariga boqib, bularning barchasini inson qilgani va uning tafakkuri hali bundan-da aqlni shoshiruvchi ixtirolar kashf qila olishiga ishonasan kishi. Dunyo mamlakatlari buni ilmiy hamjamiyatning soha va tarmoqlardagi ishtiroki bilan izohlaydi. Bizda ham shunday bo‘lishi joiz.
Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov rahbarligida ilmiy-tadqiqot institutlari faoliyatini tubdan isloh qilish masalalariga qaratilgan yig‘ilish ayni fikrlardan boshlandi.
Yig‘ilishda, ilmiy-taqdiqot institutlarining bugun erishayotgan yutuqlariga mahliyo bo‘lib qolmasdan, yangi marralarni ko‘zlashi lozimligi, jumladan, kadrlar malakasini oshirish, bunda ta’lim muassasalari o‘rtasida integratsiyalashuvni yo‘lga qo‘yish, transformatsiyani amalga oshirish, zamon talabiga mos yo‘nalishlarni olib kirish zarurligi qayd etildi.
Mamlakatimizda kun sayin tadbirkorlik va omilkorlik rivoj topib bormoqda. Ammo bu kabi yutuqlar olimlarning ishlanma va ixtirolariga keng yo‘l berilgani ortidan deya olmaymiz. Bu ham haqiqat. Laboratoriya va tajriba maydonlarida yaralayotgan g‘oyalar hisobot qog‘ozlarida qolib ketmasligi kerak. Katta mablag‘ va ishonch evaziga bajarilayotgan yumush alaloqibat dehqon va fermerga dastak bo‘lishi joiz. Ixtiro va ishlanmalar amaliyotga ko‘chishi shart. Aytarsiz, tajribalar bor-ku deb. Ammo uni qo‘llovchi, dehqonga yetib borish masalasi-chi? Urug‘ ham bor, ko‘chat ham, mexanizatsiyalash uchun g‘oyalar ham. Lekin ular katta ko‘lamdagi maydonlarda joriy etish uchun emas.
Vazir I.Abdurahmonov ayni jihatlarga e’tibor qaratar ekan, xorijiy hamkorlar bilan birgalikda investitsion yirik loyiha dasturini ishlab chiqish, uni amalga oshirish taklifini bildirdi.
Ilmiy-tadqiqot institutlari, vazirliklar, rivojlanish sohasidagi tashkilotlar va loyihalarni boshqarish ofislarining turli mutaxassislari qatnashgan seminarda strategik rejalashtirish va boshqaruv salohiyatini mustahkamlash, natijaga yo‘naltirilgan ilmiy tadqiqot yondashuvlarini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi sohasida ilg‘or ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, shuningdek, sohadagi mahalliy ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlariga global g‘oyalarni integratsiyalash uchun milliy va xalqaro tadqiqot hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Albatta, qishloq xo‘jaligi yer sayyorasining qay bir hududiga qaramang, faqat ilm-fan bilan uyg‘un bo‘lsagina rivoj topgan. O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi tarmoqlarini har tomonlama ilmiy hamjamiyat bilan hamkorligini kuchaytirish kun tartibining asosi bo‘lishi lozim.
Asosiy maqsad esa, qishloq xo‘jaligi tarmog‘ining barqarorligi va mahsuldorligini oshirish uchun sohadagi ilmiy-tadqiqotlar milliy dasturiga muvofiq holda ilmiy-tadqiqot institutlarining natijaga yo‘naltirilgan boshqaruv salohiyatini oshirishdir.
Ta’kidlash kerakki, qishloq xo‘jaligida izlanish olib boruvchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ilmiy ishlanmalarini sohaga keng tatbiq etish orqali muammolarga yechim topish mumkin.
Zero, har qanday innovatsion startap, urug‘chilikda kashfiyot, yangi duragay navlar yaratishdan tortib, organik mahsulot yetishtirish uchun g‘oyalar bo‘lishi shart.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: