“Har bir hudud dorivor o‘simliklar yetishtirishga ixtisoslashtiriladi”
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Dorivor o‘simliklarni madaniy holda yetishtirish va qayta ishlashni, shuningdek, ulardan davolashda keng foydalanishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori imzolandi.
Qarorga muvofiq, endilikda respublikadagi dorivor o‘simliklarni madaniy holda yetishtirish hamda qayta ishlashni tashkil etish, madaniy plantatsiyalarini barpo etishni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, kasalliklarning oldini olish va davolashda ularni keng qo‘llash maqsadida bir qator chora-tadbirlar belgilab berildi.
Buning uchun, 2022-2026-yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda dorivor o‘simliklar plantatsiyalarini barpo etish uchun yer maydonlari ajratishning maqsadli ko‘rsatkichlari belgilab olindi.
Bunda “Bir tuman—bir mahsulot” tamoyiliga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi negizida dorivor o‘simliklarni yetishtirishga ixtisoslashtiriladigan tumanlar ro‘yxati shakllantiriladi. Dorivor giyohlarni yetishtirish istagidagi fuqarolar endilikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlaridagi dorivor o‘simliklar plantatsiyalarini barpo etish uchun mos bo‘lgan yer uchastkalarini 2022-yilning 1-avgustidan boshlab ochiq elektron tanlov asosida sotib olishlari mumkin.
Qarorda belgilanganidek, har bir hudud, tuman bir dorivor o‘simligini yetishtirishini eʼtiborga olib, 2022-2026-yillarda zaʼfaron o‘simligini madaniy plantatsiyalarini barpo etish uchun Jizzax viloyatida tadbirkorlar uchun 2000 gektar yer uchastkalari ajratiladi. Xususan,
2022-yilda ushbu o‘simlik plantatsiyalarini kamida 2 baravarga ko‘paytirish choralarini ko‘rish vazifasi ham topshirildi. Shu o‘rinda, nafaqat mahalliy import uchun, balki eksport uchun ham Toshkent viloyatida baxmalgul, Namangan viloyatida naʼmatak, Farg‘ona va Andijon viloyatlarida ola o‘t kabi eksportbop dorivor o‘simliklarni kooperatsiya asosida aholi xonadonlarida yetishtirishni yo‘lga qo‘yish ham taʼkidlandi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda sertifikatlangan dorivor o‘simliklarning urug‘chiligi va ko‘chatchiligini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha fundamental va amaliy tadqiqotlar hamda innovatsion ilmiy-texnik loyihalar bo‘yicha grant tanlovlarini eʼlon qilinadi.
“Har bir poliklinikada Xalq tabobati xonalari bo‘ladi”
Davlat tibbiyot muassasalarida, jumladan, har bir poliklinikada, dorivor o‘simliklar vositasida davolashga mo‘ljallangan “Xalq tabobati xona”lari va fitobarlar tashkil qilinadi.
Barcha davlat tibbiyot taʼlim muassasalarida dorivor o‘simliklar va xalq tabobati bo‘yicha taʼlim berishga yo‘naltirilgan kafedralar tashkil etiladi. Shuningdek, shifokorlarni dorivor o‘simliklar va xalq tabobati usullari asosida davolash bo‘yicha qayta tayyorlash va ixtisoslashtirishni hamda terapevt, umumiy amaliyot va oilaviy shifokorlarni tayyorlashda chuqurlashtirilgan o‘qitish tizimini tashkil etiladi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklari bilan birgalikda aholining tibbiy madaniyatini oshirish, dorivor o‘simliklar afzalliklarini aholi va shifokorlar orasida keng targ‘ib qilish, dorivor o‘simliklarni yetishtirish va chuqur qayta ishlashda ilm-fan va ishlab chiqarish korxonalarining kooperatsiya aloqalarini yo‘lga qo‘yish va mustahkamlash uchun har yili “Ibn Sino merosi” xalqaro ko‘rgazmasini tashkil etadi.
Shuningdek, qarorda davlat tibbiyot muassalarida, jumladan, hududlarda joylashgan har bir poliklinikada dorivor o‘simliklar vositasida davolashga mo‘ljallangan “Xalq tabobati xona”lari va fitobarlar tashkil etilishi bayon etilgan. Xususan, Toshkent tibbiyot akademiyasining klinikasi qoshida Respublika xalq tabobati ilmiy-amaliy markazining 40 o‘rinli davolash bo‘limi va uning hududlardagi filiallari ochiladi. 2022-yilning 1-sentyabridan boshlab esa xalq tabobatini targ‘ib etish maqsadida “Ibn Sinoning bilimdonlari” tanlovi o‘tkaziladi.
“Qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratiladi”
Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi tuzilmasining Agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari kotibiyatiga dorivor o‘simliklarni yetishtirishni kengaytirish, ularni yetishtiruvchilarni qo‘llab-quvvatlash vazifalari yuklatildi.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda dorivor o‘simliklar sifatini tahlil va nazorat qilish bo‘yicha xalqaro standartlarga javob beruvchi zamonaviy laboratoriya barpo etish maqsadida xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlaridan grant mablag‘larini jalb etadi.
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi va Fanlar akademiyasi bilan birgalikda uch oy muddatda ilmiy tibbiyotda va farmatsevtika sanoatida foydalaniladigan dorivor o‘simliklar hamda ular yetishtiriladigan hududlar ro‘yxatini o‘z ichiga oluvchi elektron maʼlumotlar bazasini yaratiladi.
Ilmiy tibbiyotda va farmatsevtika sanoatida foydalaniladigan dorivor o‘simliklar hamda dorivor o‘simliklar yetishtiriladigan hududlar ro‘yxatini o‘z ichiga oluvchi elektron maʼlumotlar bazasi yaratiladi.
Shuniyam eʼtirof etish lozimki, dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik va investitsiya loyihalarini amalga oshirilishini tashkil etish choralari ko‘riladi. Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi tuzilmasining Agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari kotibiyatiga dorivor o‘simliklarni yetishtirishni kengaytirish, ularni yetishtiruvchilarni qo‘llab-quvvatlash vazifalari yuklatilib, mazkur kotibiyatga O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tizimidagi 1 nafar shtat birligini qisqartirish hisobidan 1 nafar shtat birligi ajratiladi.
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligida direktor o‘rinbosari, dorivor o‘simliklarni yetishtirish, qayta ishlashni tashkil etish va ilmiy-ishlanmalarni tijoratlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha 5 ta shtat birligidan iborat boshqarma tashkil etilishiga ham alohida eʼtibor qaratilgan.
Dorivor o‘simliklarga oid ilmiy ishlanmalarni tadbirkorlik subyektlari 50 foizini moliyalashtirgan taqdirda, qolgan qismini Davlat byudjetidan ilmiy loyihalarga ajratilgan mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladi.
Dorivor o‘simliklarning import va eksport jihatidan yetishtirishni yo‘lga qo‘yilishi va uni aholi orasida keng targ‘ib etilishi respublikada ko‘plab ish o‘rnilarining yaratilishiga olib keladi. Xususan, o‘z xonadonida dorivor o‘simliklarni yetishtirish va uni sotishni yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlar qo‘shimcha daromad manbaiga ega bo‘ladi.
Tibbiyotda kimyoviy preparatlarga qaraganda bir necha barobar xavfsiz va samarali bo‘lgan dorivor o‘simliklardan foydalanish nafaqat inson salomatligini tiklashda, balki moddiy jihatdan sarf-xarajatlarning qisqarishiga ham hissasini qo‘shadi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: