Bugun Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida xizmatlar ko‘rsatish agentligi va “Agroservis operator” DUK faoliyati, ular tomonidan amalga oshirilgan ishlar samaradorligiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Vazirlikning tizim tashkilotlari rahbarlari hamda tegishli boshqarmalar boshliqlari ishtirok etgan yig‘ilishda so‘nggi paytlarda bog‘dorchilik yo‘nalishida olib borilayotgan ishlarning qoniqarli darajada emasligi, xorijiy kredit liniyalaridan oqilona foydalanilmayotganiga e’tibor qaratildi.
Vazir Ibrohim Abdurahmonov o’z navbatida, faoliyat yo‘nalishi bog‘lar tashkil etishga qaratilgan “Agroservis operator” Davlat unitar korxonasining faoliyatiga to‘xtalar ekan, o‘tgan uch yil davomida tizim tashkilotining amalga oshirgan ishlari talab darajasida emasligi, bog‘lar barpo etish maqsadida yollangan xorijlik mutaxassislar o‘z ishlarini vijdonan bajarmaganligi, mehnat jamoasi bo‘yinlaridagi mas’uliyatni o‘zaro bir tan bo‘lib his qilmaganligi bois bugungi kunda korxona faoliyatida yetarlicha muammolar to‘planib qolganiga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Tanqidiy ruhda o’tgan yig’ilishda, ayni paytda turli viloyatlarda korxona balansiga o‘tkazilgan jami 377 gektar yer maydonidan maqsadli foydalanilmaganligi hamda ushbu maydonlarda qanday bog‘lar barpo etish bo‘yicha puxta o‘ylangan, aniq takliflar ham ishlab chiqilmaganligini ta’kidladi.
Shuningdek, yig‘ilishda vazirlik huzuridagi Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligida strategik tadqiqotlar xalqaro markazi hamda Qishloq xo‘jaligida xizmatlar ko‘rsatish agentligi rahbarlari hamda boshqarma boshliqlari tomonidan mavjud muammolarning yechimi bo‘yicha atroflicha fikrlar o‘rtaga tashlandi.
Yig‘ilish so‘ngida vazir nafaqat rahbarlar balki har bir xodimlar o‘z ishiga vijdonan yondashgandagina sohada rivojlanish bo‘lishini ta’kidlar ekan, yuqorida ko‘rib chiqilgan masalalarning yechimi yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: