Qishloq xo‘jaligi qo‘shimcha imkoniyatlarga boy soha. Bozorlarimiz fayz-u barakasi, hayotimiz farovonligi ko‘p jihatdan unga bog‘liq. Shu bois keyingi yillarda agrar sohani tubdan isloh qilish va uni bozor talablariga moslashtirish ishlariga katta e’tibor qaratilmoqda.
Binobarin, Qishloq xo‘jaligi vazirligi tashabbusi bilan hududlarda faoliyat olib borayotgan qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi mutaxassis xodimlarning bilim va ko‘nikmalari oshirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va eksport hajmini oshirish, sohaga investitsiyalarni jalb qilish va o‘zlashtirish hamda aholi daromadini ko‘paytirish maqsadida respublikamiz bo‘ylab o‘quv-seminarlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Dastlabki seminarlardan biri, bugun Andijon viloyatida bo‘lib o‘tdi. Urug‘chilik tarmog‘ini rivojlantirishga qaratilgan o‘quv-seminarida vazirlik mas’ullari, viloyat qishloq xo‘jaligi sohasi mutasaddilari hamda fermer va dehqon xo‘jaligi rahbarlari ishtirok etdi.
Aytish kerak, urug‘chilik oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning asosiy omili bo‘lib, qishloq xo‘jaligi ekinlarining urug‘larini yetishtirish, qayta ishlash, saqlash, sotish va tashish, shuningdek, nav va urug‘larni nazorat qilish bilan bog‘liq faoliyatni qamrab oladi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlaridan yuqori hosil olish, ularning sifatini oshirishda genetik soflik va zararkunandalarga chidamliligini saqlab qolgan holda, savdoga qo‘yilgan navlarning urug‘larini yetishtirish muhim ahamiyatga ega.
Tashkil etilgan seminarda ham ayni shu masalalar xususida so‘z yuritildi.
O‘z navbatida, qishloq xo‘jaligining bu tarmog‘ini yanada takomillashtirishda kadrlar salohiyatini oshirish, ularning bilim va malakasini oshirish muhim ekani qayd etildi.
Shuningdek, urug‘chilikni rivojlantirishda investitsion loyihalarning o‘rni va ahamiyati xususida so‘z yuritildi.
Seminar asosini konstruktiv muloqot tashkil etdi. Bunda eng asosiysi hozirgi holatni buzmagan holda viloyat urug‘chilik tarmog‘ini rivojlantirish istiqbollari belgilab olindi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: