Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlariga qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha hamkorlikni tashkil etish va tavsiyalarni ishlab chiqishga ko‘maklashish maqsadida joriy yil 27-28 sentyabr kunlari Vengriyaning Budapesht shahrida Qishloq xo‘jaligi bo‘yicha yevropa komissiyasining 43-sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan tashkil etilgan komissiyaning mazkur sessiyasida yevropa va Markaziy Osiyodan a’zo davlatlar, jumladan Qozog‘iston Respublikasidan yer resurslarini boshqarish qo‘mitasi va O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligidan mutaxassislar ishtirok etdi.
Sessiya ishida qishloq xo‘jaligi yerlari va suv resurslaridan barqaror foydalanish masalalari muhokama qilinishi bilan birga, yevropa va Markaziy Osiyo davlatlarida so‘nggi davrlarda yerlarning degradatsiyasi va sho‘rlanishi, suv tanqisligi, iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq muammolar, shuningdek qurg‘oqchilik yoki sel kelishi kuzatilayotgani, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda ayrim davlatlardagi mavjud murakkab vaziyatlar e’tirof etildi.
Tadbirda FAO tomonidan o‘tgan ikki yil davrida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi, FAO bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasida o‘rmon yerlaridan foydalanish, “aqlli qishloq xo‘jaligi” texnologiyalarini qo‘llash, gender tenglikni ta’minlashga ko‘maklashish bo‘yicha amalga oshirilgan loyiha va ma’lumotlar komissiyaning materiallarida aks ettirildi.
Sessiya doirasida qishloq hududlarini rivojlantirish, gender tenglikni ta’minlash borasida parralel yig‘ilishlar o‘tkazildi.
Shuningdek, tadbir ishlirokchilari barqaror qishloq xo‘jaligini yuritish uchun tuproq holatini yaxshilashga qaratilgan texnologiyalarni qo‘llovchi oilaviy fermer xo‘jaligi obyektlari va Vengriya qishloq xo‘jaligi va tabiiy fanlar universitetiga tashrif buyurdilar.
Sessiya yakunlariga ko‘ra Komissiyaning taomil qoidalariga to‘ldirish va qo‘shimchalar kiritildi, Ijroiya direksiyasi rahbar va a’zolarini saylash natijalariga ko‘ra tayinlash amalga oshirildi, shuningdek sessiya kun tartibiga kiritilgan masalalar bo‘yicha tegishli tavsiyalarni qabul qildi va hisobot ishlab chiqildi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: