Ma’lumki, chorvachilikni rivojlantirish mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning ustuvor vazifasi sanaladi. Shu bois yurtimizda chorvachilikni rivojlantirish, bu borada tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yishga ustuvor ahamiyat qaratilayotgani bejizga emas.
Shu nuqtai nazardan, sohaning rivojidagi muhim jihatlardan biri – bu ozuqa zaxirasini ta’minlash bo‘lib, bu nafaqat chorvaning ko‘payishi, balki aholining arzon, sifatli go‘sht va sut mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirishdagi asosiy omil hisoblanadi.
Mutaxassislar tomonidan chorvadorlarga ozuqabop o‘simliklarni ekish borasida ko‘pgina tavsiyalar berilmoqda. Xususan, so‘nggi paytlarda raps o‘simligining chorva uchun kalloriyaga boy ozuqa hisoblanishi ta’kidlanmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, rapsdan asosan chorva uchun ozuqa sifatida foydalaniladi. Ushbu o‘simlik qimmatbaho moyli va ozuqa ekini bo‘lib, undan yuqori sifatli o‘simlik moyi hamda chorva hayvonlari uchun oqsilli ozuqa olinadi.
Rapsning urug‘ hosili yuqori bo‘lib, gektaridan 30-40 sentnergacha bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari urug‘ tarkibida 45-48 foiz miqdorida moy va 22-25 foiz oqsil mavjud. Shuningdek ko‘k massasi tarkibida 3-4 foizgacha oqsil bo‘ladi.
Raps urug‘idan moy olishdagi qoldiq kunjarasi yuqori oqsilli bo‘lib, chorva hayvonlari uchun sifatli, to‘yimli ozuqa hisoblanadi. Uning kunjarasini soya kunjarasiga tenglashtirish mumkin.
Raps o‘simligini ko‘k massa uchun ekilganda gullash davriga kelib o‘rib olinganda gektaridan 400-500 sentnerdan ko‘k massa olinishi mumkin.
Ushbu o‘simlikning gullash davrida gektariga 2 ta asalari uyasi qo‘yilsa, 25-30 kun davomida asalarilar 90 kilogrammgacha asal yig‘adi.
Raps karamdoshlar oilasiga, krestgullilarga mansub o‘simlikdir. Ildiz tizimi kuchli rivojlangan bo‘lib, tuproqda yon tomonga 1-3 sm yo‘g‘onlikdagi ildizlar o‘sadi.
Poyasining balandligi 150-200 sm bo‘ladi. Tez o‘sadi va yon tomonga shoxlaydi. O‘simlik gullari o‘zidan changlanadi. Uning 70 foiz guli o‘z-o‘zidan qolgan 30 foiz guli esa asalari va boshqa hasharotlar yordamida changlanadi. Raps almashlab ekishda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan o‘simlik hisoblanadi.
Tuproqqa ishlov berish asosiy agrotexnik tadbirlardan hisoblanadi. Bunda raps ekishga tanlangan maydon o‘tmishdosh ekin qoldiqlaridan yaxshilab tozalanib, kuzgi bug‘doydan bo‘shagan maydon bo‘lsa somon qoldiqlaridan tozalanadi va 25-30 sm chuqurlikda sifatli shudgorlanadi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: