Bugun Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov ishchi safari bilan Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurdi. Dastlab vazir “Peng Sheng” qo‘shma korxonasi tarkibiga kiruvchi Teyan Chang va Agroekotexnologiya MChJlardagi ish jarayoni bilan tanishdi.
Ta’kidlash joizki, bugungi kunda “Peng Sheng” qo‘shma korxonasi o‘ziga xos agrologistika kompleksini tashkil etishga juda katta e’tibor bilan yondashmoqda. Misol uchun MChJ shaklidagi Teyan Chang va Agroekotexnologiya korxonalari hozirgi kunda 16 gektarlik issiqxona, 67 gektarlik paxta, 103 gektarlik uzumzor hamda 42 gektarlik piyoz ekish maydoniga ega bo‘lib, bugungi kunda bu korxonalarda o‘rtacha hisobda 190 nafar doimiy, 450 nafar mavsumiy ishchilar ish bilan ta’minlangan. Mazkur korxona tarkibidagi jelatin ishlab chiqaruvchi korxonada ham ish jarayoni qizg‘in davom etmoqda.
Ta’kidlanishicha, bir kunda o‘rtacha hisobda 10 tonna mahsulot eksportga yo‘naltirilmoqda. Buning uchun esa 50-60 tonna teri qayta ishlanmoqda. Bugungi kunda bu oziq-ovqat jelatinlari Yevropa, Xitoy va Ukraina kabi davlatlarga eksportga yo‘naltirilmoqda. Aytish o‘rinliki, hozirda xitoylik hamkorlar aynan o‘zbek zaminida turli xil mahsulotlarini tajriba tariqasida ekib, yurtimizning iqlim sharoitlariga moslashtirish borasida aniq va rejali ishlarni amalga oshirmoqda. Bu borada Xitoy ilmiy innovatsion yondashuvlari va bu yerda yetishtirilgan mahsulotlarning davriyligini ta’minlash bo‘yicha qilinayotgan ishlar samarali bo‘lmoqda.
Bugun O‘zbekiston va Xitoy o‘zaro hamkorlikning yangi bosqichiga chiqishga, bu yerda juda ko‘plab mahsulotlarni aynan yangi uslubda yetishtirishga alohida e’tibor bilan yondashilmoqda. Yana bir misol, issiqxona faoliyatiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, nafaqat mavsumiy va mavsumdan avval o‘zbek zaminida yetishtirilmagan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari tajriba tariqasida ekilmoqda. Bu ham o‘ziga xos yangi innovatsiyalardan biridir. Vazir Aziz Voitov bu kabi ishlar bilan tanishar ekan sohada olib borilayotgan ishlarni yanada jadallashtirish, bu borada ko‘rsatiladigan yordam va ko‘mak nuqtai-nazaridan alohida fikr bildirdi. O‘z navbatida hamkorlar bilan qilinayotgan ishlar ikki tomon manfaatlariga teng javob berishi lozim ekanligi alohida qayd etildi.
Tashrif davomida viloyatdagi uzumzorlarning holati ham ko‘zdan kechirildi. U yerda yangi texnologiya asosida tomchilatib sug‘orish texnologiyasi va shu asosda ekinlarni mahalliy o‘g‘itlar bilan oziqlantirish uslubi, uning hosildorlikni oshirishda tutgan o‘rni haqida soha mutaxassislari bilan atroflicha ma’lumot almashildi. Navbatdagi manzil paxta maydonlari bo‘ldi. Viloyatda plyonka ostiga chigitlar ekilgan bo‘lib bu yerda ham yangi tizim, ya’ni, tomchilatib sug‘orish uslubi qo‘llanilmoqda. Mutahassislarning ta’kidlashicha, bu uslub orqali Sirdaryo sharoitida gektaridan 50 sentnergacha hosil olish mumkin.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: