Joriy yildan boshlab O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi uchun mo‘ljallangan yerlarni ijaraga berishda hokim qarorini olish tartibi bekor qilindi. Bundan ko‘zlangan maqsad qanday? Qanday yerlar qishloq xo‘jaligi uchun ijaraga berilishda foydalaniladi va ularni kimlar olishi mumkin?
O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligining Yer tuzish va yer munosabatlarini tartibga solish boshqarmasi boshlig‘i Oybek Soatov javob beradi.
– Maʼlumki, 2022–yil 24–martda O‘zR Prezidentining 91-sonli “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni imzolandi. Uning asosiy mohiyatini tushuntirib bersangiz.
– Ushbu Farmon yer ajratish tizimini to‘liq elektron shaklga o‘tkazish, aholining hokimliklar tomonidan yer ajratish jarayonlardagi nohaqliklari ustidan bildirgan eʼtirozlariga barham berish borasida bajarilgan eng muhim ishlardan va yer sohasidagi katta islohotlardan biri bo‘ldi. Elektron tartibda tanlov o‘tkazilgan yer ajratish tizimida viloyat hokimliklarining qaroriga zarurat yo‘q ekanligi amaliyotda o‘z isbotini topdi. Dastlab bu masala keng doirada, O‘zR Adliya vazirligining huquqshunos mutaxassislari, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Vazirlar Mahkamasining mutasaddi xodimlari bilan birga muhokama qilindi va barcha buni maʼqulladi. Yer ajratishda shaffof tizimlarni yaratish sohasida Respublikamizda so‘nggi yillarda o‘tkazilgan islohotlarning natijasi sifatida 91-sonli Farmon bilan ochiq elektron tanlov natijalarini hokimning qarori bilan tasdiqlash mexanizmi bekor qilindi. Faqat tanlov yakuni bo‘yicha bayonnoma rasmiylashtirishning o‘zi huquqiy kuchga ega ekanligi va yer ajratish uchun asos bo‘lishi yuridik jihatdan isbotlab berildi.
Shu asosda o‘tgan yili qabul qilingan 6243-sonli “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni taʼminlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmoniga va 20-sonli “Meva-sabzavotchilik va uzumchilikda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq ho‘jaligi ishlab chiqarishida dehqon xo‘jaliklarining ulushini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga o‘zgartirishlar kiritildi.
– Maʼlumki, O‘zbekistonda yerga egalik qilishning klaster, fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa xo‘jaliklari tizimi bor. Yangi amaliyotga kirayotgan tartib qanday tizim sifatida yuritiladi va ijaraga yer olayotganlar kimga murojaat qilishi kerak? Shuningdek, u yerda nima ekish belgilangan?
– Birinchi navbatda yer olishga talabgor bo‘lgan fuqarolar shuni bilishlari shartki, O‘zbekiston Respublikasining yer qonunchiligiga binoan faqat bo‘sh turgan yer uchastkalarigina tanlovga qo‘yiladi va fuqarolarda mana shu bo‘sh yer uchastkasini olishga imkoniyatlar mavjud. Yerga egalik qilish huquqini mustahkamlash maqsadida o‘tgan yilgi qonunchilikda o‘zgartirish bilan faqat bo‘sh turgan yer uchastkalarigina ajratiladi degan norma belgilab qo‘yildi. Bo‘sh turgan yer uchastkasini hokim Kadastr agentligi yordamida davlat mulki sifatida ro‘yxatdan o‘tkazadi. Kadastr agentligi o‘z navbatida elektron axborot almashish tizimi orqali Qishloq xo‘jaligi vazirligining E ijara axborot tizimiga bo‘sh uchastkani o‘tkazib beradi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi yer tuzish loyihasini ishlab chiqadi. Yaʼni, bog‘dorchilik, sabzavotchilik kabi ixtisosliklar aniq belgilanib, tuman hokimi bilan tasdiqlanib kelishilganidan so‘ng E auksion savdo platformasiga o‘tkaziladi. Yer ajratish bo‘yicha talabgor shaxslar avvalo mana shu auksion tizimiga murojaat qiladi. Platforma 15 kun davomida OAV, maxsus saytlar orqali eʼlon beradi va shu vaqt davomida arizalarni qabul qilib, belgilangan tartib bo‘yicha mezonlarni ixtiyoriy ravishda tanlash orqali talabgorlarning eng yuqori ball to‘plagani yerni ijaraga olish huquqini qo‘lga kiritadi.
– Ushbu tartib bo‘yicha yer ajratishda xorijdan qaytib kelgan O‘zbekiston fuqarolariga ustunlik berilishi aytib o‘tilgan. Bu tartib qanday yo‘lga qo‘yiladi va tartibga solinadi?
– Yuqorida taʼkidlab o‘tganimdek, 91-sonli PFga ko‘ra o‘tgan yil qabul qilingan 20-sonli Qarorga o‘zgartirish kiritildi. Oldingisida faqat temir daftar, ayollar va yoshlar daftarlariga kirgan fuqarolarga maʼlum imtiyozlar belgingan edi. Hozirgi joriy qilingan Farmon bilan xorijdan kelgan mehnat migrantlariga xuddi shu imtiyozlar qo‘llaniladi. Yaʼni, ularga umumiy ballga nisbatan 10 foiz qo‘shimcha ball beriladi. Yana muhim jihat, ushbu fuqarolar tanlovda ishtirok etganda tizimni saqlab turish maqsadida to‘lanadigan mablag‘ miqdorini to‘lamasdan qatnashadi. Undan tashqari, dehqon xo‘jaligini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish ham bepul amalga oshiriladi. Bu yerda shaffoflik to‘liq hisobga olingan. Agar bir xil ball to‘g‘ri kelib qolsa, avvalo birinchi ariza bergan shaxs g‘olib deb eʼlon qilinadi. Ilgari yer ajratishda turli salbiy holatlar ko‘p uchragan. Shuning uchun yangi tizimni yaratishda ushbu holatlarga barham berish uchun, bo‘sh yer maydonini ajratib berishda bir-biridan mutlaqo mustaqil va aloqada bo‘lmaydigan bir necha tashkilotlar masʼul qilindi hamda E-AUKSION savdo platformasi ishlab chiqildi.
– Ijaraga berilgan yerlarni soliqqa tortish, olingan hosildan daromad solig‘i kabi masalalar qanday hal qilinadi?
– Soliq kodeksiga muvofiq yer solig‘i yer uchastkasi normativ qiymatining 0,95 foizi miqdorida to‘lanadi. Bu borada ko‘p omillar hisobga olinadi. Yerning unumdorlik sifati ko‘rsatkichi, qaysi mahsulot yetishtirilganligi, uning bozordagi narxi kabi omillar. Shularga qarab yerning normativ qiymati hisoblab chiqiladi va yerdan ijara huquqi bilan foydalanayotgan shaxsga yer solig‘i chiqarib beriladi. 25-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 179-sonli “Paxta maydonlarida tuproq unumdorligini va hosildorlikni oshirish, sug‘orishning yangi texnologiyalarini joriy etishni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi yana bir Qarori imzolandi. Unda tuproq unumdorligini oshirganligi uchun 1 gektar maydonga 1 million so‘mdan subsidiya berish joriy etildi. Past unumdorlikdagi yerlarning unumdorligini tiklab olish uchun qonunchilikda mana shunday subsidiyalash tizimi, qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash tadbirlari belgilangan.
– Yoshlarga fermer xo‘jaliklari yerlari hisobidan yer bo‘lib berish amaliyoti davom ettiriladimi?
– O‘tgan yili yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ikki xil yo‘nalish amaliyotda qo‘llab ko‘rildi. Birinchisi g‘alladan qisqargan yer uchastkalaridan 25 sotixdan yoshlarga bo‘lib berish yo‘lga qo‘yildi. Bu faqat takroriy ekin uchun mo‘ljallangan. Suv bilan yaxshi taʼminlangan, eng unumdor yerlar yoshlarga berildi. Ularga mahalliy tajribali dehqonlar biriktirilib, ularning tavsiyasi bo‘yicha mahsulot yetishtirildi. Bu amaliyot kutilgan natijani berdi.
Ikkinchi tizim O‘zR Prezidentining noyabr oyidagi 20-sonli Qarori bo‘yicha yo‘lga qo‘yildi. Bunda paxta va g‘alladan qisqartirilgan yer uchastkalarini 10 sotixdan 1 gektargacha bo‘lgan o‘lchamda temir, ayollar va yoshlar daftariga kirgan fuqarolarga bo‘lib berish nazarda tutildi. Shu asosda 2022-2026-yillar uchun 200 ming gektar ajratish belgilab olindi. 2022-yilda 81 ming gektar yer maydoni lotlarga bo‘linib elektron savdolarga chiqarildi va g‘oliblar aniqlanib kelinmoqda. Yana alohida eʼtibor qaratilgan jihat, aynan ushbu ajratilgan yerlarda aksariyat fuqarolarning imkoniyati cheklanganligi (temir, ayollar va yoshlar daftarlari) sababli ularning mana shu tizimda ishtirok etishi uchun tizimni saqlab turish maqsadida to‘lovlardan ham ozod qilindi. Qo‘shimcha ballni oshiruvchi koeffitsiyentlar belgilandi. Bugungi kunda Qishloq xo‘jaligi vazirligi ilmiy-tadqiqot institutlari (ITI), oliy taʼlim muassasalari olimlari, mutaxassislaridan iborat ishchi guruhi tuzilib, turli agrotexnik ishlarni o‘tkazish bo‘yicha o‘quv seminarlari tashkil etilyapti. Har bir hududga ITI mutaxassislari doimiy biriktirilib, yerlardan foydalanayotgan fuqarolarimizga tavsiyalar berib kelmoqda.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: