Kuni kecha Urganch tumani Chotko‘pir hududida Qishloq xo‘jaligi vazirligining joylarda o‘rganish natijasida aniqlangan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha maxsus ishchi guruhi tomonidan ijaraga yer olgan onlayn tanlov g‘oliblari uchun seminar o‘tkazildi. Ishchi guruh tarkibiga shuningdek, Xorazm viloyati qishloq xo‘jaligi boshqarmasi, «O‘zdavyerloyiha» DILI kiritildi.
Ishchi guruhi vakillari tanlov g‘oliblari bilan uchrashib, tomorqalarda ekiladigan ekinlar, tuproqning yaroqliligi haqida batafsil tushuntirish o‘tkazishdi, shuningdek, yangi yer egalarining barcha savollariga javob berishdi. Seminar davomida onlayn tanlovning 36 nafar g‘olibiga qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat yuritish uchun 12 sotixdan yer maydoni ajratildi. Xorazm viloyatida dehqon xo‘jaliklari uchun jami 4 639 gektar yer ajratish rejalashtirilgan.
Yig‘ilishda, shuningdek, O‘zR Prezidentining 2021-yil 23-noyabrdagi PQ-20-con qarori bilan belgilangan zaxiraga qaytarilgan yer maydonlarini ishsizlar, ehtiyojmand oilalar va yoshlarga 0,10 gektardan 1 gektargacha bo‘lgan o‘lchamlarda ochiq elektron tanlov orqali ajratish vazifasining bajarilishi muhokama etildi.
Eslatib o‘tamiz, qishloq xo‘jaligi yerlari 2022-yil yanvar oyidan buyon E-AUKSION.UZ elektron savdo platformasi orqali ijaraga berilmoqda. Ushbu yangi shaffof tizim faol ravishda rivojlanib bormoqda. Shu tariqa, 2022-yil 26-mart holatiga ko‘ra qishloq xo‘jaligi yerlaridan iborat 336 872 ta lot elektron tanlovga qo‘yildi, agrarchilar (jismoniy va yuridik shaxslar) tanlov asosida umumiy maydoni 55 177,46 gektar bo‘lgan 238 874 ta lotni yutib oldilar.
Lotlar hamda E-AUKSION.UZ orqali ijaraga berilayotgan qishloq xo‘jaligi yerlari haqida batafsil ma’lumotni bu yerda o‘qish mumkin: https://www.agro.uz/12-0023-3/
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: