Ijtimoiy tarmoqlarda, “O‘zbekistondagi issiqxonalar falokat yoqasida” sarlavhasi ostida tarqalgan xabarlarga munosabat
Holat yuzasidan Qishloq xo‘jaligi vazirligi quyidagilarni ma’lum qiladi:
Bugungi kunda mamlakatimiz aholisini sifatli oziq-ovqat mahsuloti bilan ta’minlash maqsadida issiqxonalar maydoni so‘ngi 5 yilda 3 barobarga ko‘payib, 5,2 ming gektarga yetdi, ularda yetishtirilayotgan mahsulotlar hajmi 90 ming tonnadan 300 ming tonnaga ko‘pagan.
O‘zbekiston hukumati issiqxona xo‘jaliklari faoliyatlarida yengillik bo‘lishi va iqtisodiy samara yuqori bo‘lishidan manfaatdor. Buning uchun qanday resurs kerak bo‘lsa, barchasini ishga solish amaliyoti qo‘llanib kelinmoqda.
Amaliy natijalardan biri – Energetika vazirligi tomonidan kuz-qish mavsumida aholi gaz tarmoqlariga ulanmagan issiqxona xo‘jaliklariga tabiiy gaz yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzish ishlari yakunlanmoqda.
Bunda, issiqxona xo‘jaliklari ehtiyoji uchun 2023-2024-yil kuz-qish mavsumida tabiiy gazni quyidagi talablarga qat’iy rioya etgan holda yetkazib berish ko‘zda tutilgan:
Birinchidan, issiqxona xo‘jaliklarining tabiiy gazdan debitor qarzdorligini so‘ndirish hamda tabiiy gaz uchun belgilangan to‘lovni oldindan amalga oshirish;
Ikkinchidan, Issiqxonalarni tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimi sertifikatsiyasidan o‘tgan elektron hisbolagichlar orqali ulangan bo‘lishi;
Uchinchidan, aholi iste’molchilarini gaz ta’minoti tizimida favqulodda holatlar yuzaga kelganda issiqxona xo‘jaligida yetarli miqdorda muqobil yoqilg‘i zaxirasining mavjudligi inobatga olinadi.
Bugungi kunda, tabiiy gazda ishlaydigan issiqxonalar aylanma mablag‘larini to‘ldirishga kredit resurslari yo‘naltirilishi hamda ixtiyoriy ravishda ko‘mir yoqilg‘isida ishlaydigan issiqxonalarga davlat tomonidan rag‘batlantirish paketi joriy qilinishi ustida ish olib borilmoqda.
Hukumat komissiyasining qarorlariga asosan issiqxona xo‘jaliklarining moliyaviy ahvolini yaxshilash bo‘yicha ajratilgan kreditlarning muddati uzaytirib berilmoqda.
Xususan, issiqxona xo‘jaliklari moliyaviy ahvolini yaxshilash va rivojlantirish bo‘yicha respublika ishchi guruhining 3 ta yig‘ilish bayonlari qabul qilinib, issiqxona xo‘jaliklari tomonidan olingan 87 foiz kredit mablag‘larining muddati 14 yilgacha uzaytirildi.
Qayd etish kerakki, issiqxonalarni resurs tejamkor enegriyalar, quyosh panellari yordamida isitish bugun, kamxarajatliligi bilan bir qatorda, issiqlikni minimal holatda ushlab turish imkoniyatini yaratmoqda. Bu kabi tejamkor resurslardan foydalanish, uni amaliyotga tatbiq etish bugun har qachongidan ham muhim.
Taklif qilinayotgan muqobil energiya manba’laridan foydalanish esa, issiqxona xo‘jaliklarini uzluksiz ishlashini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha chora sifatida qabul qilinsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
Tanqidiy ruhda tarqatilgan xabarlar esa, birlamchi tahmin hamda asosga ega bo‘lmagan fikrlar jamlanmasi.
Gap-so‘zlar va mish-mishlar negizida shakllangan ushbu izohlarni aniq dalili bor manbaga aylantirishga urinish joiz emas.
Shu o‘rinda Qishloq xo‘jaligi vazirligi fuqarolarning murojaatlari, shuningdek, sohada olib borilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlash, muammolarni o‘rganish va bartaraf etish yuzasidan ochiq muloqotga har doim tayyorligini ma’lum qiladi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: