O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi vakillari vazir Jamshid Xodjayev boshchiligida hamda mamlakatimiz sohaga oid idoralari rahbarlari ishtirokida Turkiya qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vaziri Bekir Pakdemirli boshchiligidagi Turkiyaning katta delegatsiyasini qabul qildi.
Tashrif doirasida siyosiy va biznes darajasidagi uchrashuvlar o‘tkazildi. Asosiy maqsad – ikki mamlakat agrosanoat salohiyati asosida savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash va faol rivojlantirishdan iborat.
Uchrashuvlar chog‘ida Qishloq xo‘jaligi vazirligida ikki tomonlama muzokaralar doirasida uchta hujjat imzolandi:
– Agrosanoat sohasida strategik sheriklikni kengaytirish bo‘yicha Yo‘l xaritasi;
– O‘zbek-turk qo‘shma ishchi guruhining qishloq xo‘jaligi sohasidagi uchinchi yig‘ilishi yakuniy bayonnomasi;
– Qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari va taraqqiyoti sohasida ikki mamlakat agrar vazirliklari o‘rtasidagi hamkorlik maqsadlari yuzasidan bayonnoma.
Shuningdek, delegatsiya tarkibidan Xalqaro munosabatlar bosh boshqarmasi (ABDGM) bosh direktori Chaglayan Ozjan Aylin, Qishloq xo‘jaligi korxonalarini rivojlantirish bosh boshqarmasi (TIGEM) bosh direktori Ko‘jabay Sait, O‘rmon xo‘jaligi bosh boshqarmasi (OGM) bosh direktori Karajabey Bekir va boshqalar o‘rin oldi.
O‘ZBEK-TURK BIZNES-FORUMI
Ikki soatlik O‘ZBEK-TURK BIZNES FORUMI O‘zbekiston tomonidan qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xodjayev hamda Turkiya tomonidan qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vaziri Bekir Pakdemirli boshchiligida o‘tkazildi.
Biznes-forumning asosiy maqsadlari:
Asosan qishloq xo‘jaligi sohasidagi o‘zaro taʼsir doirasini kengaytirishga qaratilgan biznes-forumda Turkiya va O‘zbekistonning davlat tashkilotlari va ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etishdi.
Jamshid Xodjayev: «Qishloq xo‘jaligining salohiyati 2019–yildan buyon bugungi kunga qadar 66 ta loyiha doirasida 401 mln doll. turk investitsiyalarini jalb etgan. Bugungi kunga qadar 42 ta loyiha to‘liq ishga tushirilgan. Paxta va g‘alladan tashqari 80 dan ortiq turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining eksport salohiyatiga baho berildi. Kuni kecha biz turkiyalik tadbirkorlar bilan muloqot qilib, muammolar, to‘siqlar va takliflar borasida so‘zlashdik. Albatta, muammolarni bartaraf etish va qiziqarli takliflarni amalga oshirish ustida ishlaymiz. Davlat-biznes, biznes-biznes formatdagi turli darajadagi muloqot platformalarini yaratish har ikki taraf ehtiyojlarini yaxshiroq tushunish, investitsiya va yangi texnologiyalarni jalb etishning asosiy vositalaridan biri bo‘lib, bu pirovardida ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishga olib keladi”.
O‘zbekistonning Turkiya Respublikasi bilan qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorligi haqidagi maʼlumotlar.
Qishloq xo‘jaligi savdosi
2020-yilda Turkiya Respublikasiga 16,5 ming t xajmdagi umumiy qiymati qariyb 21,0 mln dollarlik meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilgan.
2021-yil davomida Turkiya Respublikasiga 16,1 ming t xajmdagi umumiy qiymati qariyb 23,8 mln dollarlik meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilgan.
Shartnomaviy-huquqiy baza
1995-yilning iyul oyida O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri va Turkiya Respublikasi oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi va chorvachilik vaziri o‘rtasida Qishloq xo‘jaligi sohasida ilmiy-texnikaviy va iqtisodiy hamkorlik haqidagi Bitim imzolangan.
2020-yilning fevralida Anqara shahrida o‘tkazilgan oliy darajadagi tashrif doirasida O‘zbekiston va Turkiya Respublikalari o‘rtasida 2020-2021-yillarda qishloq xo‘jaligi sohasida ikki tomonlama hamkorlikni faollashtirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» imzolangan.
Institutsional o‘zaro taʼsir
2018-yil 18-iyulda Buxoro shahrida o‘zbek-turk qo‘shma ishchi guruhining (QISH) qishloq xo‘jaligi sohasidashi 2-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
2019-yil 22-iyulda Anqara shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Turkiya Respublikasi o‘rtasida hamkorlikdagi Hukumatlararo savdo-iqtisodiy komissiyaning 5-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
2021-yil 28-iyun kuni Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi va Turkiya Respublikasi o‘rtasida hamkorlikdagi Hukumatlararo savdo-iqtisodiy komissiyaning 6-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Ikki tomonlama muzokaralar
Uchrashuvda, shuningdek, Turkiya Respublikasi Qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vazirligining Qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari va siyosati (TAGEM) bo‘yicha bosh direktori Nevzat Birishik ham ishtirok etdi. Muzokaralar yakunida Toshkentda TAGEMning mintaqaviy ofisini ochish borasida kelishuvga erishildi.
Urug‘chilik sohasidagi hamkorlik
2021-yil yanvar oyida Urug‘chilikni rivojlantirish markazi vakillarining Turkiyaning “TURKTOB” urug‘chilik uyushmasi rahbariyati bilan muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar yakunida quyidagi kelishuvlarga erishildi:
– yuqori avlodli urug‘liklarni yig‘ish, qayta ishlash, saralash, ishlov berish va qadoqlash bo‘yicha zamonaviy texnologiyalarga ega bo‘lgan bitta elita urug‘chilik xo‘jaligi misolida hamkorlikdagi loyihani tayyorlash;
– O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekish tizimini takomillashtirish strategiyasini ishlab chiqish bo‘yicha Turkiyaning “TURKTOB” urug‘chilar uyushmasidan ekspert-maslahatchini tayinlash;
– Turkiyaning “AKYUREK” urug‘chilik sanoat kompaniyasi bilan birgalikda Jahon banki tomonidan moliyalashtiriladigan loyiha ishlab chiqilmoqda, qayta ishlash quvvati – soatiga 5 tonna urug‘lik (500 ming dollar).
Ilmiy sohadagi hamkorlik
Biokimyoviy moddalar, urug‘lar, qishloq xo‘jaligi ekinlari ustida tadqiqot ishlarini o‘tkazish bo‘yicha ishlab chiqarishni tashkil etish borasida ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, O‘zbekistondagi ilmiy-tadqiqot stansiyasida sinovdan o‘tkazish uchun Turkiyadan 30 nav sabzi, pomidor, bodring, qalampir va baqlajonning 2,5 ming ta ko‘chati olib kelinishi kutilmoqda.
Nav sinash sohasidagi hamkorlik
O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini sinash markazi Turkiyaning “TAMTEST” qishloq xo‘jaligi texnikasi markazi bilan birgalikda qishloq xo‘jaligi texnikasini sinovdan o‘tkazish sohasidagi aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha memorandum loyihasini ishlab chiqdi.
Agrotaʼlim sohasidagi hamkorlik
Toshkent davlat agrar universiteti Turkiyaning yetakchi universitetlari bilan yaqin aloqalar o‘rnatdi va o‘zaro anglashuv memorandumlarini imzoladi, ushbu oliygohlar qatorida Yeditepe, “Akdeniz” (Antaliya), “Mehmet Akif” (Burdur), “Selchuq” (Konya), “Chukurova” (Adana), “Isparta – amaliy fanlar” (Isparta) va “EGE” (Izmir) kabilar bor.
– 2021-yil 28-iyundan 4-iyulgacha Xalqaro ilmiy konferensiyada ishtirok etish uchun yurtimizga Isparta amaliy fanlar universiteti delegatsiyasining rektor boshchiligidagi tashrifi uyushtirildi.
– ToshDAUning Termiz filiali va Antaliyaning anorchilik ITI o‘rtasida hamkorlik o‘rnatildi va o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Oliygohning 11 nafar ilmiy xodimi amaliyot o‘tash uchun Turkiyaga safar qilishi kutilmoqda.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: