Namangan viloyati Yangiqoʻrgʻon tumanidagi “Yangiqo’rg’on agro invest” MCHJ faoliyati serhosil zaminimiz neʼmatlarini qayta ishlab, ichki va tashqi bozorga yetkazib berishdan iborat.
Prezidentning 2019-yil 11-dekabrdagi PQ-4549-son qarori bilan Yangiqoʻrgʻon tumani meva-sabzavot klasteri sifatida yanada keng koʻlamda faoliyat yuritayotgan korxona tomonidan meva-sabzavotlar qayta ishlanib, konsentrat va sok ishlab chiqariladi. Bu yerda 210 nafar ishchi-xodimlar ishlab kelmoqda. Hozirda yillik oʻrtacha 16,5 mln. dollarga teng mahsulot eksport qilinyapti.
Korxona mahalliy bogʻbonlar, fermer xoʻjaliklarining yirik mijozi sanaladi – tumandagi 641 nafar fermer xoʻjaliklari tomonidan jami 18 ming 400 tonna mahsulotlar qayta ishlash uchun yetkazib beriladi. Qolgan 7 ming tonna meva-sabzavot Kosonsoy va Chortoq tumanlaridan hamda Andijon va Fargʻona viloyatlaridan olib kelinadi.
Ahamiyatli tomoni shundaki, fermer xoʻjaliklari va aholi tomorqalarida yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini (pomidor, bulgʻor qalampiri, olcha, olma, olxoʻri, shaftoli) jamiyat tomonidan bozor xarid narxida sotib olinishi yoʻlga qoʻyilgan.
Prezidentning 2022-yil 27-apreldagi PQ-225-sonli qaroriga muvofiq, klaster korxonalariga tijorat banki ishtirokisiz Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish agentligi orqali toʻgʻridan-toʻgʻri mablagʻ ajratilishiga oʻtilishi korxona ishini ancha yengillatdi va meva-sabzavotlarni nes-nobud qilmay yigʻishtirib olish imkoniyatini berdi.
Korxonani fermer xoʻjaliklarining yirik mijozi, dedik. Shuning barobarida, klaster fermerlar hamda tomorqa yer egalarining ishonchli tayanchi hamdir. Chunonchi, 2021-yil 15-dekabrdagi Prezidentning tegishli qaroriga binoan, jamiyat “Agro bank” va “Aloqa bank” viloyat boʻlinmalaridan mahsulot yetishtirish uchun jami 25 mlrd. soʻm imtiyozli kredit olib, oʻziga biriktirilgan fermer xoʻjaliklariga mineral oʻgʻit va kimyoviy vositalar hamda yoqilgʻi moylash mahsulotlarini yetkazib berdi.
Shu bilan birga, tumandagi “Birlashgan”, “D.Sattarov”, “Iskovot”, “Xadikent”, “Zarkent”, “Poromon”, “Mamay”, “Nanay” agrofirmalar hududlarida joylashgan mahalla fuqarolar yigʻinlaridagi 2 105 ta aholi xonadonlari bilan tuzilgan shartnomaga asosan fuqarolarga qishloq xoʻjaligi ekinlari yetishtirish uchun urugʻ va koʻchatlar hamda mineral oʻgʻit va kimyoviy vositalar yetkazib berish yoʻlga qoʻyildi.
Korxona faqat bugungi kun bilangina yashamay, soha istiqboli haqida ham qaygʻurmoqda. Bu yoʻlda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlashning ilmiy-innovatsion asoslarini mustahkamlash, oʻz faoliyati yoʻnalishida ilmiy, innovatsion tadqiqotlar oʻtkazishga ham eʼtibor bermoqda. Xususan, fermer xoʻjaliklari va aholi tomonidan mahsulot yetishtirishda ilm va amaliyotni bir-biriga bogʻlash maqsadida klaster korxonasi tarkibida ilmiy-innovatsion agromarkaz tashkil etildi.
Hozirda ushbu agromarkaz qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishga oid ilmiy asoslangan, innovatsion tavsiyalar ishlab chiqib, mahalliy fermerlar va tomorqa egalari bilan baham koʻrmoqda.
Maʼlumki, Prezidentimiz foydalanilmayotgan va lalmi yerlarni oʻzlashtirish orqali hosildorlikni oshirishga alohida urgʻu bergan. Mana shu tashabbusdan ruhlangan“Yangiqo’rg’on agro invest” MCHJ Yangiqoʻrgʻon tumani “Iskovot” hududidagi oʻzlashtirilmagan 600 gektar yer maydonini oʻzlashtirib, uzumchilik plantatsiyasi tashkil etish ustida ish olib bormoqda. Bu yerga uzumni eksportbop navlaridan ekib, lizing asosida 50 sotixdan fuqarolarga ajratib beriladi, natijada 1200 ta yangi ish oʻrinlarini yaratiladi.
Korxona erishilgan yutuqlar bilan kifoyalanib qolmay, faoliyatini yanada kengaytirish, yangi yoʻnalishlarni oʻzlashtirish va eksport bozorini diversifikatsiya qilish ustida uzluksiz izlanmoqda. Bu esa, nafaqat korxonaning oʻzi, balki uning yaqin hamrohlari boʻlgan fermer xoʻjaliklari, tomorqa yer egalarining daromadlariga ham ijobiy taʼsir koʻrsatmay qolmaydi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: